Oʻqituvchining obroʻsi uni kim oshiradi?

Umrimning qirq yildan ziyodi taʼlim tizimida oʻtdi. Oddiy oʻqituvchi,tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudiri, taʼlim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi tuman kengashi raisi boʻlib ishladim. Qaysi lavozimda faoliyat koʻrsatmay, xayolimning bir chekkasida doim bitta masala turgan: “Oʻqituvchining obroʻsi”.

Bugun nafaqaga chiqib, fayzli keksalik gashtini surar ekanman, hamon shu mavzu atrofida oʻy suraman. Ayniqsa, shogirdlarim nimalardandir norozi boʻlib kelishsa yoki mehnatlari qadrsizlanayotganidan nolishsa, yuragimda ogʻriq paydo boʻladi. Shundanmi, yaqinda “oynai jahon” orqali xalq taʼlimi vaziri “Oʻqituvchining obroʻsini oshirishimiz kerak” degan soʻzlarni aytganida koʻzlarimdan yosh sizdi.

Men tumanimizdagi 1-son maktabda oʻqiganman. Oʻsha kezlari Bekchon aka Navroʻzov bizga matematikadan saboq berardi. Rahmatli muallimimiz juda kamtar inson edi, oʻquvchilar bilan oson til topishardi. Balki shuning uchunmi, hammamiz matematikani yaxshi oʻzlashtirganmiz. U kishi juda oddiy kiyinardi. Biroq, kiyimida bironta dogʻ koʻrmaganmiz. Maktabda ham, koʻcha-koʻyda ham oʻquvchilarga nasihatini darigʻ tutmasdi, hech kimning kamchiligiga koʻz yumib ketmasdi. Poʻpisa qilmasdi, aksincha, yaxshi gap bilan qilgan ishimizning yomonligini tushuntirib qoʻyardi. Bekchon muallimga havas qilib, sinfimizda koʻpchilik oʻqituvchilik kasbini tanlagani ham bejiz emas.

Men oliy oʻquv yurtini tamomlab, oʻqituvchilik faoliyatimni bosh­lagan kunim, duolarini olish uchun ustoz huzuriga bordim. Shunda Bekchon ­Navroʻzovdan bir rivoyatni eshitganim bor.

Aytishlaricha, bir insonning farzandi xastalanib, tabib shirinlik yeyish mumkin emasligidan ogohlantiribdi. Ota-onasi har kuni necha martalab shirinlik yemagin deb tayinlashmasin, bolaga bu sira kor qilmabdi. Shunda ota uni madrasada yoshlarga saboq beruvchi ustozning oldiga boshlab boribdi.

– Siz yoshlarga saboq berasiz, mahallamizda obroʻyingiz baland, oʻgʻlimga ham nasihat qilsangiz, – debdi. Ustoz ikki haftadan keyin kelishni tayinlabdi. Belgilangan muddat oʻtibdi. Ota oʻgʻlini ustozga roʻpara qilibdi. Ustoz bolani oldiga chorlab,“Oʻgʻlim, bundan keyin shirinlik yemang” deya taʼkidlabdi. Ota“Oʻgʻlimga nasihat qilasiz, deb oʻylagandim, siz esa bir ogʻiz gap bilan kifoyalandingiz”, deya ranjigandek boʻlibdi. “Men oʻgʻlingizga shu gapni aytish uchun ikki hafta shirinlik yemadim, inshoolloh, oʻgʻlingiz soʻzimga quloq soladi”, debdi ustoz. Bola rostdan ham shirinlik yeyishni tashlab, xastalikdan forigʻ boʻlibdi.

Ustozim aytib bergan ushbu rivoyat menga bir umrlik saboq vazifasini oʻtadi. Men “Oʻqituvchi qanday boʻlishi kerak?” degan savol javobini top­dim va shunga monand harakat qildim. Darhaqiqat, biz ham biron masala yuzasidan ota-onamiz bildirgan fikrni u qadar jiddiy qabul qilmasdik, ammo shu gapni Bekchon muallim aytsa, demak, butoʻgʻri ekan, degan xulosaga kelardik.

Xalq taʼlimi boʻlimi mudiri boʻlib ishlab yurgan kezlarim ayrim ota-onalar oʻqituvchilardan norozilanib kelishardi. Oʻqituvchilar esa oʻquvchilar aytganini qilmayotganligidan nolishardi. Masalalarga yechim topishga harakat qilardim. Biroq… Hamma narsa pul bilan oʻlchanadigan davrda oladigan oyligi roʻzgʻoriga tuzukroq xarajat qilishga ham yetmaydigan oʻqituvchini nazarga ilmaydiganlar koʻpayib ketdi. Choʻntagiga ortiqcha ikki soʻm kirib, bosar-tusarini bilmay qolganlar bolalariga “Qoʻy, shu muallimingni” deydigan boʻlishdi. Koʻpchilik soha fidoyilari tirikchilik sabab ishini tashlab ketdi. Hujjatbozlik avj oldi. Qogʻoz toʻldirishdan ortmagan muallim darslarini chala oʻtadigan boʻldi. Boisi, hech kim undan oʻquvchilarga qanday bilim beryapsan, deb soʻramasdi-da. Hujjatlari taxt boʻlsa bas.Hamma narsa nomigagina qilinishi, uslub birlashmalari faoliyati samarasiz tashkil qilinganligi taʼlim sifatiga ham, oʻqituvchi obroʻsiga ham salbiy taʼsir qilmay qoʻymadi. Boz ustiga oʻqituvchi tekin farroshga aylandi. Koʻchani kim supuradi? Hasharga kim chiqadi? Paxtani kim teradi? Hammasining javobi“oʻqituvchi” edi.

Bugungi kunga kelib, mamlakat rahbari tomonidan taʼlim tizimiga qaratilayotgan eʼtibor natijasida oʻqituvchilarning yelkasini bosib turgan keraksiz, ammo ogʻir yuklar olib tashlanib, sharafli va masʼuliyatli vazifa yuklandi – endi u bilim beradi! Shogirdlarim bilan suhbatlashib, ular bu vazifani ado qilishga shijoat bilan kirishayotganligini koʻryapman.

– Ustoz, ish haqimiz 25 foizga oshdi. Oʻquvchilarimiz fan olimpiadalarida, tanlovlarda gʻoliblikni qoʻlga kiritishsa, mukofot oladigan boʻldik.Yaxshi ishlasak, arzon uy-joyli, imtiyozli kredit asosida mashinali boʻlish ham, mana nihoyat, nasib etdi. Qogʻozboz­likdan qutulyapmiz. Endi ishlaydigan payt keldi, –deyishyapti ular.

Oʻqituvchi obroʻsi, bu – kompleks tushuncha. U oʻqituvchining bilim darajasi, dars oʻtish taj­ribasi, kiyinish madaniyati, muomala layoqati, oilaviy ahvoli, ijtimoiy darajasi kabi qator mezonlar asosida oʻlchanadi.Men oʻqituvchilar obroʻsini oshirish uchun ­maktablarda “Oʻqituvchi odobi kengashi” tashkil qilishni taklif qilgan boʻlardim. Ushbu kengash tomonidan oʻqituvchilar faoliyati nazorat qilib borilsa va har oyda kuzatuv natijalari muhokama qilinsa, oʻz ijobiy samarasini berishiga ishonaman.

Har bir fan boʻyicha tuman miqyosida amaliy seminarlar tashkil qilish ham ayni muddaodir. Boi­­si, tajriba almashinuvlar orqali oʻqituvchi oʻz salohiyatini oshirish imkoniga ega boʻladi.

Bugun mamlakatimizda ilm-fanni ravnaq toptirish masalasiga davlat siyosati darajasida qaralmoqda. Bu bejiz emas. Ilmning rivojlanishi barcha sohalar rivojining asosidir. Ilmning asosi esa taʼlim, albatta. Aynan shunga koʻra, tabiiy fanlarni yanada chuqurroq oʻqitishni tashkil qilishimiz kerak.

Chang bosib qolgan ximiya, fizika laboratoriyalarini oʻquvchilarning sevimli maskaniga aylantirish zarur. Sir emaski, oʻqituvchi darsni qiziqarli qilib oʻtsa, amaliy misollarga murojaat qilsa, reaksiya jarayonlarini oʻquvchi oʻz koʻzi bilan koʻrsa, bu fanlarni oʻzlashtirishi ham, tushunishi ham oson boʻladi. Mamlakatimizning keyingi taraqqiyoti ushbu fanlar bilan bogʻliqligini unutmaylik.Komillikni orzu qilgan har bir shaxs tarix, adabiyot, geografiya, matematikani yaxshi bilishi shart, deb hisob­layman. Oʻqituvchi bu fanlarning jozibasini butun boʻy-basti bilan koʻrsatgan holda oʻtishi uchun oʻz ustida tinimsiz izlanishi, nafaqat mamlakatimiz, balki xorij ­tajribasini ham oʻrganishi darkor. Bu vaziyatda esa xorijiy tillarni oʻrganishning, zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishning ahamiyati katta. Shu bois har bir oʻqituvchining AKTni bilish darajasini sinovdan oʻtkazib, taʼlim muassasalarining oʻzida oʻqituvchilar uchun bepul oʻquvlar tashkil qilishga toʻgʻri keladi. Tizimda samarali faoliyat koʻrsatib, davlat mukofotlariga sazovor boʻlgan oʻqituvchilar koʻpchilikni tashkil qiladi. Joylarda ularning yosh oʻqituvchilar bilan uchrashuvlarini uyushtirish ham benihoya katta foyda keltiradi.

Masalaning yana bir jihati borki, oʻqituvchi obroʻsidan butun jamiyat bemisl manfaat koʻradi. Shunday ekan, ota-­onalar, keng jamoatchilik ham oʻqituvchilar obroʻsini oshirishga koʻmaklashishi kerak.

1 oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni. Ochigʻini aytish kerak, oʻtgan yilga qadar ushbu bayramni paxtazorda kutib olganmiz. Men bu yil ushbu kun chin maʼnoda umumxalq bayrami sifatida nishonlanishiga umid qilyapman. Bayramni nafaqat maktablarda, barcha jamoalarda, oilalarda nishonlasak, qanday yaxshi! Bizga saboq bergan ustozlarimiz holidan xabar olsak, ularga oʻz tilaklarimizni bildirsak, ishxonamizga taklif qilib, erishayotgan yutuqlarimiz bilan tanishtirsak, farzandlarimizga oʻzimizning sevimli oʻqituvchilarimiz haqida soʻzlab bersak… Teatrlar, muzeylar, saylgohlar shu kuni oʻqituvchilar uchun beminnat xizmat koʻrsatsa… Bunday ehtirom xalqimizning oʻqituvchiga boʻlgan munosabatini oʻzgartiradi, oʻqituvchini ham oʻzining jamiyatdagi mavqei haqida xulosa chiqarishga va shunga yarasha harakat qilishga undaydi.

Shuhrat YUSUPOV,
Xalq taʼlimi aʼlochisi,
mehnat faxriysi.
Ishonch gazetasi
2018 yil 20 sentabr 113-soni

print

image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing