Oʻzbekiston va Rossiya oʻqituvchilarni tayyorlash sohasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatadi

Oʻzbekiston va Rossiya umumtaʼlim maktablari uchun oʻqituvchilarni tayyorlash sohasida hamkorlik aloqalari rivojlantirilmoqda.

Mazkur masalada Xalq taʼlimi vazirligi rahbariyati Rossiya delegatsiyasi bilan muzokaralar oʻtkazdi. Unda “Moskovskiy Dom sootechestvennikov” tashkiloti direktorining birinchi oʻrinbosari Yuriy Kaplun, “Rossotrudnichestvo” tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Viktor Shulika, A.S.Pushkin nomidagi rus tili davlat insititutining ilm-fan boʻyicha prorektori Mixail Osadchiy va Rossiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi bosh maslahatchisi Sergey Sokolovlar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida tomonlar Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama etdilar.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonda hozirgi kunda oʻqituvchilar yetishmaydi, ayniqsa, bu holat rus tilida taʼlim berilayotgan maktablarda sezilarli darajada. Xalq taʼlim vazirligi tomonidan mazkur muammoni hal etish maqsadida bir qator choralar koʻrilmoqda.

Xususan, uchrashuvda Xalq taʼlimi vazirligi oʻzbekistonlik oʻqituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha Rossiya oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish taklifini ilgari surdi.

Mixail Osadchiy “Pushkin Instituti” sherikchilik tarmogʻi doirasida hamkorlik qilishni taklif etdi. Bu esa malakali rus tili oʻqituvchilarini tayyorlash imkonini beradi.

Oʻz oʻrnida Viktor Shulika har yili bir guruh oʻzbekistonlik yoshlar Rossiya oliy oʻquv yurtlariga taʼlim olish uchun yuborilishlari haqida taʼkidladi. U mazkur hamkorlik doirasida oʻzbekistonlik yoshlarni pedagogika yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim olishga yoʻnaltirishni taklif qildi.

Tomonlar kelgusida muvaffaqiyatli natijalarga erishish uchun hamkorlik yoʻnalishlarini belgilab oldilar.

Axborot xizmati
​Xalq ta’limi vazirligi

print

image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing