Erkak o’qituvchilar maktabga qaytmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Yoshlarni ma`naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta`lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko’tarish chora-tadbirlari to’g’risida»gi qarori hamda “Xalq ta`limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi farmonida, jumladan, o’qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini yuksaltirishga oid qator vazifalar belgilandi. Quvonarlisi, bu pedagoglik kasbining jozibadorligini oshirdi. Natijada yangi o’quv yilida maktablarga erkak o’qituvchilar ham qaytmoqda, deb yozadi “Ma`rifat” nashri.

Xalq ta`limi vazirligining ma`lumotiga ko’ra, 2017-2018 o’quv yilida respublikamizdagi umumta`lim maktablarida faoliyat ko’rsatayotgan jami 408 135 nafar pedagog xodimning 120 336 (29,5 foiz) nafarini erkaklar tashkil etgan. Respublika miqyosida 11 mingdan ortiq o’qituvchilik lavozimlarida vakansiyalar mavjud bo’lsa-da, erkak o’qituvchilar soni 30 foizdan oshmagan. Toshkent shahrida bu ko’rsatkich atigi 10 foizni tashkil etgan. Ta`lim tizimida olib borilgan islohotlar tufayli bu raqamlar joriy yilda sezilarli darajada o’sdi.

Universitetdan maktabga

— Bu yil Qoraqalpoq davlat universitetining qoraqalpoq filologiyasi fakultetini tamomlab, Xo’jayli tumanidagi 3-maktabda ish boshladim, — deydi Jalg’asbay Nuratdinov. — Ochig’i, maktabda ishlashga ikkilanayotgandim. Yurtimizda o’qituvchilar nufuzini oshirishga katta e`tibor qaratila boshlangani menga dalda berdi. Oylik maoshlar oshgani, turli imtiyozlar berilayotganidan ruhlandim. 5-, 6-, 7-sinflarga qoraqalpoq tili va adabiyoti fanidan saboq beryapman. Ilk taassurotlar juda yaxshi.

O’zbekiston Milliy universiteti magistraturasining 2-bosqich talabasi Sarvar Nishonov ham Yakkasaroy tumanidagi 144-maktabda milliy istiqlol g’oyasi va ma`naviyat asoslari fanidan saboq bermoqda.

— Toshkent islom universitetini imtiyozli tamomlaganman. Talabalik yillarimda 2016 yilda Imom al-Buxoriy, 2017 yilda Islom Karimov nomidagi stipendiyalar sohibi bo’lganman, — deydi Sarvar Nishonov. — Har bir darsga puxta tayyorgarlik ko’raman. Ta`lim-tarbiya jarayonida qattiqqo’llik juda zarur ekanligiga qisqa muddatli ish faoliyatim davomida ishonch hosil qildim. Bunday vazifani bajarishda erkak o’qituvchilarning o’rni katta.

“Muallim bo’laman” deganda quvonmagandim”…

Prezident farmoniga ko’ra, endi pensiyaga chiqqan pedagoglar ishlaydigan bo’lsa, oylik maoshini to’liq olishi belgilab qo’yildi. Usmon Berdiqulov ham bu yil nafaqaga chiqan bo’lsa-da, yangilikni eshitib, mehnat faoliyatini maktabda davom ettirishga ahd qildi. 42 yillik pedagogik stajga ega muallim 30 yildan beri Baxmal tumanidagi 8-maktabda faoliyat yuritib, 5—11-sinflarga texnologiya fani sir-asrorlarini o’rgatib kelmoqda.

— Ta`lim muassasamizda mingdan ziyod o’g’il-qiz bilim oladi, — deydi Usmon Berdiqulov. — Ularning barini o’z farzandimdek yaxshi ko’raman. O’qituvchilik kasbiga mehrim balandligi ham aslida shundan. Oilamizda otam va akam ham umrini shu kasbga baxshida qilgan. O’quvchilarning yetuk shaxs bo’lib kamol topishida erkak muallimlarning roli beqiyos. Ammo keyingi paytda oylik maoshning kamligi sabab maktablarda erkak o’qituvchilar kamayib ketgandi. 4 nafar farzandimni o’qituvchilik kasbi orqasidan tarbiyalab, oyoqqa turg’azgan bo’lsam-da, katta farzandim “muallim bo’laman” deganida, ochig’i, unchalik quvonmagandim. Ammo bugun bu ikkilanishlar o’rnini faxr tuyg’usi egallay boshladi.

Qog’ozbozlik kamaydi

— Jismoniy tarbiya fanining asosiy maqsadi o’quvchilarni jismoniy jihatdan barkamol etib tarbiyalashdan iborat, — deydi G’uzor tumanidagi 50-maktabning jismoniy tarbiya fani o’qituvchisi Sherali Ashurov. — Afsuski, so’nggi yillarda jismoniy tarbiya fanida ham o’quvchilarning qanday rivojlanayotgani emas, hujjatlarning qanday to’ldirilayotganligiga ko’proq e`tibor qaratila boshlandi. Dars sifatini oshirish yo’lida izlanishga ketadigan vaqtimizni qog’oz to’ldirishga sarflashga majbur bo’ldik. Erkak o’qituvchilar maktabni tark etishiga ortiqcha hujjatbozlik, o’z ustida ishlashga imkon berilmasligi ham sabab bo’layotgan edi.

Nafaqat hujjatbozlikning kamayishi, uy-joy va avtotransport vositalarining imtiyozli kredit asosida o’qituvchilarga berilishi ham ta`limdan yiroqlashgan pedagoglarni maktabga qaytarmoqda. Zimmasida uy-joy muammosi turgan oila boshliqlari uchun bu imtiyozlarning berilishi ayni muddao bo’ldi.

Erkak muallim direktorning suyanchi

Erkak o’qituvchilar qo’shimcha ishlarga jalb etilishdan ko’p aziyat chekkani rost. O’z xo’jaligiga ajratolmagan vaqtini majburiy mehnat uchun sarflash ularning ko’nglini ta`lim tizimidan sovitdi.

— O’n yillik direktorlik faoliyatim davomida jamoani bir maqsad — o’quvchilarga sifatli ta`lim berish yo’lida birlashtirishga harakat qilib kelyapman. Albatta, bu o’ziga xos murakkab vazifa. Bu maqsadni amalga oshirish uchun direktorning yonida mas`uliyatni zimmasiga ola biladigan zabardast erkak o’qituvchilar ham bo’lishi kerak. Ishonchim komilki, har bir maktab rahbari buni chuqur his qiladi. Afsuski, keyingi yillarda shundoq ham oyligi kam muallimlarni qo’shimcha ishlarga jalb etaverib, maktabdan bezdirdik. Bu ayniqsa, erkaklarning ruhiyatiga salbiy ta`sir ko’rsatdi. G’ururli erkak borki, “Bundan ko’ra bozorda ishlab oila boqqanim yaxshi edi…” deyishi tabiiy, — deydi Uzun tumanidagi 11-maktab direktori Alovuddin Hamdamov.

— Yunusobod tumanidagi 274-maktab o’tgan asrning 80-yillarida nafaqat tumanda, balki respublikada ham namunali maskan edi, — deydi nafaqadagi pedagog, O’zbekiston Respublikasi xalq o’qituvchisi Komil Mansurov. — O’sha davrda Ubaydulla Mahkamov, Mirhabib Valiyev, Yusuf Mo’minov, Mannop Ortiqov, Mirzom Abzalov, Erkin Jamolov, Rustam Hikmatov, Abdurahim Oripov, Sayfulla Mahkamov kabi ustozlar ta`lim-tarbiya sifatini yuksak darajada ushlab turar edi. Muassasamizda qattiqqo’l erkak o’qituvchilar ko’p bo’lgani uchun barcha kattaga hurmatda, kichikka izzatda bo’lardi. Prezidentimizning pedagoglar nufuzini oshirish, ularga qulayliklar yaratishga oid farmon va qarorlari o’qituvchilarni qadrdon maktabiga qaytaradi, degan umiddaman.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing