Umumta`lim maktabi o’qituvchilarining ish haqi miqdorlari endi qanday o’zgaradi?

Ma`lumki, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni ma`naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta`lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko’tarish chora-tadbirlari to’g’risida” 2018 yil 14 avgustdagi PQ-3907-sonli qarori qabul qilindi va unga muvofiq:

a) 2018 yil 1 sentabrdan boshlab bazaviy tarif stavkalari:

boshlang’ich sinf o’qituvchilari uchun 1,1 baravarga;

yuqori sinf o’qituvchilari uchun o’rtacha 1,24 baravargacha;

direktor, uning o’rinbosarlari, axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 baravarga oshirildi.

b) 2019 yil 1 yanvardan boshlab bazaviy tarif stavkalari:

umumta`lim muassasalari o’qituvchilarining malaka toifasidan kelib chiqqan holda oliy toifali o’qituvchilar uchun 1,25 baravarga, birinchi toifali o’qituvchilar uchun 1,2 baravarga, ikkinchi toifali o’qituvchilar uchun
1,15 baravarga, mutaxassis o’qituvchilar uchun 1,1 baravarga;

davlat umumiy o’rta va o’rta maxsus ta`lim muassasalarida oliy ma`lumotli psixologlar uchun 1,1 baravarga oshiriladi;

direktor, uning o’rinbosarlari, mutaxassis o’qituvchilar
va axborot-resurs markazi (kutubxona) mudirlari va kutubxonachilari uchun 1,1 baravarga oshiriladi.

Demak, umumiy o’rta ta`lim muassasalari xodimlarining ish haqi miqdorlari 2 bosqichda oshiriladi.

Bu o’zgarishlar o’qituvchilarning ish haqi miqdorlariga qanday ta`sir ko’rsatadi, ularning oylik maoshlari qanchani tashkil etadi? Bu savolga javob berish uchun, avvalambor, umumta`lim maktablari o’qituvchilarining joriy yil 1 sentabrgacha bo’lgan ish haqi miqdorlariga qaratmoqchimiz.

Albatta, bir qaraganda yuqoridagi jadvalda nima va qanday hisoblanganligini anglash qiyinroq. Shuning uchun quyida hisob-kitob tartibini batafsil yoritib berishga harakat qilamiz.

Tushuntirish qulay bo’lishi uchun misol tariqasida birinchi toifali yuqori sinf o’qituvchining oyligini hisoblaymiz. Bugungi kunda uning bazaviy tarif stavkasi 1 228,7 ming so’mni tashkil etadi.

Bundan tashqari, amaldagi qonunchilikka muvofiq, o’qituvchiga:

direktor jamg’armasi hisobidan 40 foizgacha ustama belgilanishi;

sinf rahbarligi uchun eng kam ish haqining (EKIH) 100 foiz miqdorida;

daftarlarni va yozma ishlarni tekshirganlik uchun EKIHning 50 foiz miqdorida qo’shimcha haq to’lanadi.

Albatta, bu ustama va qo’shimcha haqlar hammaga birdek to’lanmaydi. Lekin, mazkur ustama va qo’shimcha haqlarni ko’plab o’qituvchilar olishini inobatga olib, misolimizda o’qituvchining bazaviy stavkasi miqdoriga direktor jamg’armasidan 40 foiz emas, balki 20 foizlik (245,7 ming so’m) ustamani qo’lladik hamda sinf rahbarligi (184,3 ming so’m) va daftar tekshirganlik (92,2 ming so’m) uchun to’lanadigan qo’shimcha haqni ham hisobga oldik. Bular raqamlarda quyidagicha bo’ladi:

1 228,7+245,7+184,3+92,2=1 750,9 ming so’m.

Demak, 2018 yilning 1 sentabrigacha 1-toifali yuqori sinf o’qituvchisiga ustama va qo’shimcha haqlar bilan jami 1 750,9 ming so’m ish haqi hisoblanishi mumkin. Bu summadan soliq va ushlanmalar chegirilgandan so’ng, o’qituvchi qo’liga 1 418,8 ming so’m oylik olar edi.

Endi, keyingi jadvalda, 1-bosqichda, ya`ni joriy yilning 1 sentabridan boshlab o’qituvchilarimizning ish haqi miqdorlarini keltiramiz.

Izoh:

* – direktor jamg’armasidan bazaviy tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz ustama (amaldagi qonunchilikda eng yuqori ustama 40 foizgacha bo’lishi mumkin), sinf rahbarlik uchun 184,3 ming so’m va daftar tekshirganlik uchun 92,2 ming so’m.

Ushbu jadvalga qarab, 2018 yilning 1 sentabridan boshlang’ich sinf o’qituvchisining bazaviy tarif stavkasi 1,1 baravarga oshgan bir paytda, yuqori sinf o’qituvchisining bazaviy tarif stavkasi o’rtacha 1,24 baravarga oshishi Sizda savol tug’dirishi tabiiydir. Bu nima bilan bog’liq?

Joriy yilning 1 sentabrigacha, maktablarimizda faoliyat yuritayotgan o’qituvchilaring mehnat sharoiti va ish hajmlari aksariyatda bir xil bo’lishiga qaramay, boshlang’ich sinf o’qituvchisining oyligi uning yuqori sinfdagi hamkasabasi oyligiga nisbatan o’rtacha 12 foizga ko’p bo’lgan.

Mana shu tafovutni bartaraf etish, maqsadida, joriy yilning
1 sentabridan boshlab yuqori sinf o’qituvchilarining ish haqi miqdori boshlang’ich sinf o’qituvchisi ish haqi miqdorlariga tenglashtirilmoqda va ikkalasi uchun ham oshirilmoqda.

Demak, 2018 yilning 1 sentabridan boshlab birinchi toifali yuqori sinf o’qituvchisining bazaviy tarif stavkasi ish haqi o’rtacha 1,24 baravarga oshiriladi va 1 525,9 ming so’mni tashkil etadi. Bu oylik maoshga yana direktor jamg’armasidan 305,2 ming so’m (20 foiz) ustamani hamda sinf rahbarligi uchun 184,3 ming so’m va daftar tekshirganlik uchun to’lanadigan
92,2 ming so’mlik qo’shimcha haqni qo’shsak, hisoblanadigan jami ish haqi 2 107,6 ming so’mni tashkil etadi.

1 525,9+305,2+184,3+92,2=2 107,6 ming so’m

Bu summadan jismoniy shaxslarning daromadiga solinadigan soliq va Pensiya jamg’armasiga majburiy sug’urta badallari ushlangandan so’ng, birinchi toifali yuqori sinf o’qituvchisi qo’liga oladigan summa 1 586,0 ming so’mni tashkil etadi.

2-bosqichda, ya`ni 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida aytib o’tilgan qaroriga muvofiq, umumiy o’rta ta`lim xodimlarining bazaviy tarif stavkalari tabaqalashtirilgan holda, ya`ni malaka toifasidan kelib chiqib oshiriladi. Buni quyidagi jadvalda ko’rishingiz mumkin.

 Jadvalda ko’rsatilgandek, 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab 1-toifali yuqori sinf o’qituvchisining bazaviy tarif stavkasiga yana 20 foiz qo’shiladi va 1 831,1 ming so’mga yetadi.

Ma`lumot uchun aytmoqchimizki, hozirgi vaqtda toifasiz o’qituvchi va oliy toifali yuqori sinf o’qituvchining bazaviy tarif stavkalari orasidagi farq 26 foizni tashkil etadi yoki bor yo’g’i 279,9 ming so’mga (1 354,8 – 1 074,9) farqlanadi. Kelgusi yilning boshidan esa bu ko’rsatgich 38 foizni tashkil etadi va natijada farq 555,7 ming so’mni (2023,5 – 1 467,8) tashkil etadi.

Bu farqni oshirish nimaga kerak? Avvalambor, bu choralar o’qituvchilarning o’z ustida ishlab, malakasini oshirishga qaratilgan intilishlarini moddiy qo’llab-quvvatlashga qaratilgan.

Mazkur bazaviy tarif stavkasini direktor jamg’armasidan ustama (366,2 ming so’m) va qo’shimcha haqlarni (276,5 ming so’m) qo’shgan holda hisoblasak, birinchi toifali yuqori sinf o’qituvchisiga jami 2 473,8 ming so’m ish haqi hisoblanib, qo’lga 2 176,9 ming so’m tegadi.

E`tibor bersangiz, birinchi toifali yuqori sinf o’qituvchisining hisoblanadigan ish haqi miqdori (barcha qo’shimchalar bilan birga), 2018 yilning 1 sentabrgacha bo’lgan davrga nisbatan kelgusi yilning boshidan,1,41 baravarga oshadigan bo’lsa (2 473,8 / 1 750,9), qo’lga oladigan ish haqi miqdori esa 1,53 baravarga (2 176,9/1 418,8) oshmoqda. Yoki oddiy qilib aytganda, hisoblangan ish haqining (nachisleniye) oshish miqdorlariga nisbatan qo’lga tegadigan summa ko’paymoqda. Bu hammamizni quvontiradigan holat. Lekin, qanday bunga erishiladi?

Fursatdan foydalanib, yana bir bor eslatib o’tmoqchimizki, 2019 yil 1 yanvardan amalga oshirilishi rejalashtirilgan soliq islohotlari natijasida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i qat`iy 12 foizmiqdorida belgilanishi (hozirgi kunda bu soliq, daromad summasiga qarab, 7,5 foizdan 22,5 foiz miqdorigacha ushlanadi) va fuqarolarning Pensiya jamg’armasiga majburiy sug’urta badallari 8 foizmiqdordagi stavkasi bekor qilinishi nazarda tutilgan.

Qo’shimcha ma`lumot sifatida yana bir muhim narsaga e`tiboringizni qaratmoqchimizki, mazkur qaror bilan umumta`lim muassasalari oliy ma`lumotli psixologlarining bazaviy tarif stavkalari mutaxassis o’qituvchilarning bazaviy tarif stavkalariga nisbatan 90 foiz etib belgilandi.

Bugungi kunda psixologlarga 715,1 ming so’m ish haqi hisoblanib, qo’liga 636,9 ming so’m to’lanayotgan bo’lsa, 2019 yil 1 yanvarda ularning qo’liga oladigan ish haqi 1 162,1 ming so’mni tashkil etadi yoki bugungi kunga nisbatan 525,6 ming so’mga (+93%) yoki qariyb ikki baravarga oshiriladi.

Xo’p, o’qituvchilarning ish haqi miqdori oshmoqda. Bu hozirgi kunda ko’pmi yoki kammi…?

Statistika ma`lumotlariga ko’ra, hozirgi kunda davlatimiz bo’yicha o’rtacha ish haqi miqdori 1 609,1 ming so’mni tashkil etayotgan bo’lsa, ushbu miqdor umumiy o’rta ta`lim sohasida o’rtacha 1 270,6 ming so’matrofida. Ya`ni, o’qituvchining oyligi iqtisodiyot bo’yicha o’rtacha ish haqi miqdorlariga nisbatan 21 foizga kamdir.

Endi, 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab, bunday holatga barham beriladi, chunki shu davrdan e`tiboran umumiy o’rta ta`lim sohasida bir oylik ish haqi miqdori o’rtacha 1 788,0 ming so’mni tashkil etadi yoki iqtisodiyot bo’yicha o’rtacha ish haqi miqdori bilan solishtirganda, undan balandroq bo’lishi kuzatiladi. Boshqacha kilib aytganda, 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab, boshqa kasblar bilan solishtirganda, o’qituvchilar maoshi eng ko’p oshadi – 1,41 baravarga.

Kimdir “bu oylik baribir kam, ayrim davlatlarda o’qituvchilar juda yuqori maosh oladi” deyishi mumkin. To’g’ri, aniq misollar keltiradigan bo’lsak, 2017 yilda qo’shni Qozog’istonda maktab o’qituvchilarining o’rtacha oylik ish haqi 108,0 ming tenge[1] yoki 331 AQSh dollari, Koreya Respublikasida esa 2 250[2] AQSh dollarini tashkil etadi. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida o’qituvchilar maoshlari o’rtacha 50,0 ming rubl yoki 857 AQSh dollari atrofida bo’lgan bo’lsa-da, uning viloyat markazlarining aksariyatida mazkur ko’rsatkich
20,0 ming rubl yoki 343 AQSh dollari, kichik shahar va qishloq joylarida esa 8,0 – 15,0 ming rubl yoki 137 – 257 AQSh dollarini tashkil etgan[3].

Shu bilan birga aytib o’tishimiz zarurki, byudjyet tashkilotlari xodimlarining ish haqi past yoki yuqori bo’lishi iqtisodiyotning rivojlanish darajasiga bog’liq. Iqtisodiyoti taraqqiy etgan mamlakatlarda ish haqi miqdorlari absolyut miqdorda yuqori bo’lishi tabiiy. 2017 yilda Qozog’istonda aholi jon boshiga Yalpi ichki mahsulot 8 837,5 AQSh dollari, Koreyada 29 742,8 AQSh dollari va Rossiya Federatsiyasida 10 743,1 AQSh dollarini tashkil etdi. O’zbekistonda esa ushbu ko’rsatkich 1 504,2 AQSh dollarini tashkil etdi[4] va bu yuqorida keltirilgan davlatlarning ko’rsatkichlariga nisbatan  kamdir.

Byudjyet mablag’lari – bu xalq mablag’laridir. Shuning uchun ushbu resurslardan samarali va oqilona foydalanilishini ta`minlashimiz zarur. Maktab o’qituvchilari oylik ish haqini oshirishdan eng asosiy maqsad –o’qituvchining moddiy ta`minotini yaxshilash orqali o’qituvchilik kasbi obro’sini oshirish, tizimga yuqori malakali kadrlarni jalb etish va ta`lim dargohlarda farzandlarimizga yuqori sifatli ta`lim berilishini ta`minlashdan iborat.

Shu o’rinda savol tug’iladi-ki, faqatgina o’qituvchilarning moddiy ta`minotini, ya`ni ish haqini ko’paytirish va turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali maktabdagi ta`lim sifatini oshirib bo’ladimi ?

Bunga javob topish uchun quyidagi ikkita davlat tajribasini misol keltiramiz:

Indoneziyada 2000-2002 yillarda o’qituvchilar ish haqini deyarli ikki baravarga oshirilgan bo’lsa-da, umumta`lim maktablaridagi o’quvchilar bilim darajasi oshmagan[5];

Pokistonda 1990 yillar oxirida davlat maktablari ayrim toifadagi o’qituvchilarining ish haqi miqdorlari 35 foizga kamaytirilganda, o’quvchilar bilim darajasi o’zgarmagan[6].

Bundan ko’rinib turibdiki, umumta`lim maktablarida ta`lim sifatini yaxshilash va farzandlarimizga munosib bilim berilishiga erishish uchun faqat o’qituvchilarning ish haqini oshirish yetarli emas. Buning uchun kompleks tadbirlarini bajarilishini ta`minlash, shuningdek o’qituvchilarning malakasini oshirish, faoliyati samaradorligi va natijaviyligini baholashga qaratilgan malaka talablarini kuchaytirish va maktablarda o’qitishning yangi ilg’or metodikalarini joriy etish lozim deb o’ylaymiz.

Bundan tashqari, ta`lim sohasida ish haqi oshirilishi, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida roli kam bo’lmagan sog’liqni saqlash sohasida ham oyliklarni oshirishga undaydi. Zero, shifokorlarimiz ham, o’qituvchilarimiz kabi munosib miqdorlarda ish haqi olishga haqlidir.

Biz bunga imkon qadar qisqa muddatlarda erishishimiz uchun hammamiz “bir yoqadan bosh chiqarib”, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishini jadal sur`atlarda ta`minlashimiz kerak. Bu balandparvoz gaplar emas, bu bizning ehtiyojimiz, hozirgi davr talabi.

Bu borada bir qator davlatlar tajribasiga tayanib, o’qituvchilarga beriladigan to’g’ri maosh stimullari haqida xulosa chiqarish lozim, ya`ni byudjyet mablag’larini to’g’ri sarflashda samaradorlikka erishilgan.

Nodir Muslitdinov – Moliya Vazirligi bosh boshqarmasi boshlig’ining o’rinbosari
Jahongir Nigmatov – O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridaga Byudjyet-soliq tadqiqotlari institutining direktori

manba kun.uz sayti
print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing