Bayram tabrigi

Yuqorichirchiq tumani Xalq ta’limi bo’limi mudiri A.A.Mamadaliyevning tuman xalqiga bayram tabrigi.

USTOZ, O‘QITUVCHI, MURABBIY!

Bu so‘zlar zamirida, o‘z hayotini ta’lim-tarbiyaga baxshida etgan fidoyi insonda olam-olam ma’no mujassam: barchaning ma’naviy ota-onasi; ilmu ma’rifatga yo‘llovchi, ziyo tarqatuvchi; eng yaqin do‘st va yo‘l ko‘rsatuvchi; mehr va odamiylik bulog‘i; o‘z sohasining zukko bilimdoni; adolat va haqiqat mezoni. Ustozlar hurmatga, qilgan xizmatlari esa tahsinga sazovordir. Mustaqillik sharofati tufayli mamlakatimizda ustoz-murabbiylarga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaydi. Kadrlar tayyorlash milliy dasturi hamda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun Vatanimiz ma’rifiy tizimini shaklan va mazmunan boyitdi, o‘qituvchining Vatan ravnaqida tutgan o‘rnini belgilab berdi.

Davlatimiz rahbariyati tashabbusi va rahnamoligida o‘qituvchi va murabbiylarning mehnati munosib qadrlanmoqda: 1997-yildan buyon 1 oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi.

Qalblarga ezgulik urug‘ini qadash faqat mashaqqatli mehnat evazigagina amalga oshadi. Bunday mas’uliyatli ishni ado etuvchilar o‘qituvchi-murabbiylardir!

Muallim — kamolot ichra ko‘zgudir, deyilishi ham bejiz emas, albatta. Ustoz bizga hayotning mashaqqatlarini, egri-bugri so‘qmoqlarini, xursandchiliklarini, umuman, hayotning mazmunini o‘rgatuvchi zotdir.

Shuning uchun ham muallim ko‘ngillarni yorituvchi, hayotga ziyo bag‘ishlovchi, ma’rifatparvar inson sifatida qadrlanadi.

Agar dunyodagi barcha boyliklarni yig‘sak ham, ustozlar oldidagi qarzlarni uzishga yetmaydi. Navoiy hazratlari ta’kidlaganidek, Haq yo‘linda kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila, Aylamak bo‘lmas ado oning haqqin yuz ganj ila.

Zotan, ustozga boylik kerak emas. Unga shogirdlarining e’tibori, ularning biror martabaga erishgani va xalqi uchun kerakli inson bo‘lishini bilishning o‘zi kifoya.

Mashaqqatli, ammo sharafli kasblarida barcha ustoz-murabbiylarga salomatlik, umrboqiylik va baxtli hayot nasib etsin.

Shijoat va matonat hech qachon ularni tark etmasin. Hamisha shogirdlar ardog‘ida yurishni, bosib o‘tgan hayot yo‘llarining har bir lahzasi asrlarga tatigulik bo‘lishini tilayman.

 

Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz ustoz va murabbiylar!

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing