Taʼzim sizga, mehri daryo ustozlar!

Oʻqituvchilik sharafli, ayni paytda oʻta masʼuliyatli va murakkab kasb. Yurtimizda mazkur kasb egalariga hurmat va ehtirom koʻrsatish borasidagi misli koʻrilmagan ibratli saʼy-harakatlar pedagoglardan oʻz ishiga yanada sadoqat va fidoyilik bilan yondashishni, keng va zamonaviy tafakkur sohibi boʻlishni talab etmoqda.

Poytaxtimizda 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan ilgʻor oʻqituvchilar, ijodiy-maʼrifiy tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan pedagoglar, faxriy ustozlar, pedagogika sohasida ilmiy-tadqiqot olib borayotgan olimlar, joylardagi xalq taʼlimi boʻlimlarining mutasaddilari toʻplandilar.

Boʻlib oʻtayotgan maʼrifiy uchrashuvlar, muloqotlar davomida bugungi kunda yoshlarni yuksak maʼnaviyatli, mustaqil va sogʻlom tafakkur sohibi etib tarbiyalash, ularni turli maʼnaviy tahdidlardan ishonchli himoyalashda pedagoglar, keng jamoatchilikning oʻrni va ahamiyati xususida atroflicha soʻz yuritilmoqda.

Tadbir ishtirokchilari 28-sentyabr kuni poytaxtimizdagi Mustaqillik maydonida boʻlib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi boʻlgan Mustaqillik va ezgulik monumentiga gullar qoʻydi.

10.JPG

Ustoz va murabbiylar “Oʻzekspomarkaz”da boʻlib oʻtayotgan “ICT EXRO – 2018” koʻrgazmasiga tashrif buyurdi. Bu bejiz emas, zero, zamonaviy va ilgʻor fikrlovchi, turli murakkab vaziyatlarda tezkor, oqilona yechim topa biladigan, farzandlar kamolotiga eng avvalo qalb koʻzi, yurak qoʻri bilan nazar tashlay oladigan oʻqituvchi bugunning talabiga aylandi.

Shu kuni “Turkiston” saroyida 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Prezidentimizning Oʻzbekiston Respublikasi Oʻqituvchi va murabbiylariga bayram tabrigini Prezidentning maslahatchisi X.Sultonov oʻqib eshittirdi.

Tantanali yigʻilishda Prezidentimiz farmoniga muvofiq yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ularga puxta bilim berish, oʻqib, izlanishga boʻlgan ishtiyoqini kuchaytirish borasida samarali va halol mehnat qilayotgan, oʻqitish jarayoniga ilgʻor innovatsion texnologiyalarni joriy etishga intilayotgan pedagoglar, ustoz va murabbiylarga Vatanimizning yuksak unvonlari, orden va medallarini Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.Abduvaxitov tantanali ravishda topshirdi.

Shu yerning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlim vazirligi tomonidan anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan “Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi – 2018” respublika koʻrik-tanlovining gʻolib va sovrindorlari diplom hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Darhaqiqat, keyingi ikki yil mobaynida mamlakatimiz taʼlim tizimida tub ijobiy oʻzgarishlar, keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizda qabul qilinayotgan koʻplab farmon va qarorlar soha uchun yuksak kasbiy malakaga ega kadrlar tayyorlash, oʻqitish tizimini jahon andozalariga hamohang yoʻlga qoʻyishda muhim asos boʻlmoqda.

Oʻqitish tizimining dastlabki boʻgʻini – maktabgacha taʼlim mutlaqo yangicha asosda isloh etilmoqda. Bunda navqiron avlodni vatanparvar, yuksak va teran maʼnaviyatli, keng tafakkurga ega, zamonaviy fikrlaydigan shaxs etib tarbiyalashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy maktablarni tashkil etishga oid ezgu tashabbuslar maktabgacha taʼlim xizmatlari nodavlat sektorini yanada rivojlantirish, bolalarning maktabgacha taʼlim tizimiga kengroq qamrab olinishini taʼminlashning yangi istiqbollarini ochmoqda.

Yoshlarga puxta va mukammal taʼlim berish, oʻqitishni sifat va mazmun jihatdan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida umumtaʼlim maktablarida 11 yillik taʼlim joriy etildi.

23.JPG

33.JPG
32.JPG

Prezidentimizning 2018-yil 14-avgustdagi “Yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga taʼlim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi amaliy ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda yangi imkoniyatlarni yaratadi.

Yangi oʻquv yilida pedagog xodimlarning ijtimoiy mavqei va nufuzini yuksaltirish, ularni moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirishborasidagi ishlar hajmi tobora ortib borayotir. Oʻquvchilarni pedagogik-psixologik qoʻllab-quvvatlash, bu borada zarur shtat birliklarini joriy etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yuksak maʼnaviyatli, qatʼiy hayotiy pozitsiyaga ega, fidoyi va vatanparvar yoshlarni tarbiyalashga oid ishlarni davr ruhiga mos tarzda takomillashtirish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Umumtaʼlim maktablari, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan maktablar, sanʼat va madaniyat, olimpiya zaxiralari maktab-internatlari, akademik litseylar bitiruvchilariga aʼlo bilimi, namunali xulqi va jamoat ishlarida faolligi uchun oltin va kumush medallar taʼsis etildi.

Taʼlim muassasalari xodimlarining oylik maoshi oshirildi. Oʻqituvchilar taʼlim jarayoni bilan bogʻliq boʻlmagan turli yigʻilish va tadbirlarga jalb etilmaydigan boʻldi. Umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻqituvchilaridan dars va toʻgarak mashgʻulotlarini tashkil etish, sinf jurnalini yuritishdan tashqari boshqa pedagogik yuklamalar boʻyicha hisobotlar va qoʻshimcha maʼlumotlarni talab qilish taqiqlandi.Bu esa pedagoglarning taʼlim sifati, yoshlar tarbiyasiga tobora koʻproq eʼtibor, vaqt ajratishida, oʻz kasbiga sadoqat, hafsala bilan yondashishida asosiy omillardan biridir.

Yurtimizda bir qator yangi oliy taʼlim dargohlarining tashkil etilgani barcha jabhalar kabi pedagogika sohasi uchun yuksak kasb malakasiga ega kadrlarni yetishtirish, taʼlim sohasida mutaxassislar taqchilligiga barham berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Davlatimiz rahbarining 2018-yil 5-sentyabrdagi “Xalq taʼlimini boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni oʻquv-tarbiya jarayoniga boshqaruvning yangi mexanizmlarini va sifat standartlarini joriy etish, jamiyatda oʻqituvchi kasbining nufuzini oshirish, umumtaʼlim muassasalarining moddiy-texnik holatini yaxshilash orqali xalq taʼlimi tizimini yanada rivojlantirishda yangi imkoniyatlarni ochadi. Yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga oid ezgu tashabbuslarning qamrovi kengayib, mazmuni tobora boyib borayotgani xalqimiz, ayniqsa, ota-onalar, ilmiy-maʼrifiy va pedagogik jamoatchilik tomonidan faol qoʻllab-quvvatlanmoqda.

– Prezidentimiz mamlakatimizning qaysi hududida boʻlmasin,albatta, yoshlar tarbiyasi, ularning bilim olishi, maktabdagi taʼlim sifati, oʻqituvchilar faoliyati, ularning mehnatiga munosabat bilan batafsil va jiddiy tanishadi, –deydi Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, Shumanay tumanidagi 33-ixtisoslashtirilgan umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori Tamara Seydametova. – Bunday yuksak eʼtibor,gʻamxoʻrlikbizlarni doim hushyor va ogoh boʻlishga, yoshlar tarbiyasi, sifatli taʼlim olishi uchun masʼuliyatni chin yurakdan his etgan holda mehnat qilishga undaydi. Bu unvon nainki menga, balki butun pedagogik jamoamiz, maktabimizga berilgan baho deb bilaman.

Nukus shahridagi Ibrayim Yusupov nomidagi ixtisoslashtirilgan umumiy oʻrta taʼlim maktab-internati oʻqituvchisi Gulistan Xodjalepesova, 2018-yilda Indoneziyaning Jakarta shahrida boʻlib oʻtgan Osiyo oʻyinlari chempionatining boks boʻyicha oltin medal sohibi Iqboljon Xoldorov,poytaxtimizning Sergeli tumanidagi 7-umumiy oʻrta taʼlim maktabining kimyo fani oʻqituvchisi Alevtina Lyukshina, Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanidan mehnat faxriysi Doʻstqobil Qodirov mamlakatimizda yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, taʼlim-tarbiya ishini sifat jihatdan yanada yuksaltirish, pedagogik faoliyatni muttasil qoʻllab-quvvatlash borasidagi keng qamrovli amaliy eʼtibori uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi. Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toyir oʻqituvchi va murabbiylarga bagʻishlangan sheʼrini oʻqib berdi.

Kechada yoshlarga koʻrsatilayotgan cheksiz eʼtiborni, ustozlik kasbini, jonajon Oʻzbekistonimiz, tinch va osoyishta, baxtiyor kunlarimiz, oʻgʻil-qizlar istiqbolini tarannum etuvchi kuy-qoʻshiqlar yangradi.

XTV saytidan olindi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing