Maktablarda bepul va pullik asosda tashkil etiladigan xizmatlar tasdiqlanadi (ro’yxat)

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Xalq ta`limi vazirligining «Davlat umumiy o’rta ta`lim maktablarida (davlat ta`minoti asosida) bepul va pullik asosda tashkil etiladigan xizmatlar ro’yxatlarini tasdiqlash to’g’risida»gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan davlat umumiy o’rta ta`lim maktablarida (davlat ta`minoti asosida) bepul tashkil etiladigan xizmatlar ro’yxati;

pullik asosda tashkil etiladigan xizmatlar ro’yxati tasdiqlanishi mumkin.

O’zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi bir oy muddatda umumiy o’rta ta`lim maktablarida (davlat ta`minoti asosida) bepul tashkil etiladigan xizmatlar ro’yxati va pullik asosda tashkil etiladigan xizmatlar ro’yxatini ta`lim muassasalarining hamma uchun ko’rinarli joyiga osib qo’yilishini, maktablarda o’tkaziladigan ota-onalar yig’ilishlarida uning mazmun-mohiyati bo’yicha tushuntirish ishlari o’tkazilishini ta`minlaydi.

O’zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda umumiy o’rta ta`lim maktablarida pullik asosda tashkil etilgan xizmatlarni to’g’ri tashkil etilganligi va mablag’laridan to’g’ri foydalanilishi ustidan doimiy nazorat o’rnatadi.

Davlat umumiy o’rta ta`lim maktablarida (davlat ta`minoti asosida) bepul tashkil etiladigan xizmatlar ro’yxati

I. Umumiy o’rta ta`lim maktablarida o’quvchilar uchun quyidagi xizmatlar davlat ta`minoti asosida bepulamalga oshiriladi:

Davlat ta`lim standartlari asosida umumiy o’rta ta`lim berish;

maktab ixtiyoridagi soatlar hisobiga o’quvchilarning ixtiyoriy tanlovi asosida tashkil etiladigan darslarda o’qish;

darslarni yaxshi o’zlashtira olmagan o’quvchilar bilan qo’shimcha ishlash;

maktabning kutubxona fondidan foydalanish;

o’quv mashg’ulotlari davomida maktabning sinfxonalari, sport inshootlari, mebel va jihozlar, shuningdek boshqa o’quv anjomlaridan foydalanish;

yillik tibbiy ko’rikdan o’tish;

tez-tibbiy yordam xizmatlaridan foydalanish;

yakuniy davlat attestatsiyasini eksternat tartibida topshirish;

umumiy o’rta ta`lim to’g’risidagi shahodatnoma olish.

II. Umumiy o’rta ta`lim maktablarida pedagog xodimlar uchun quyidagi xizmatlar davlat ta`minoti asosida bepul amalga oshiriladi:

ishga kirish vaqtida hamda ish davomida vaqti-vaqti bilan tibbiy ko’rikdan o’tish;

ayrim toifadagi xodimlar (laborant va boshq.) tomonidan maxsus kiyimlardan foydalanish;

malaka oshirish;

maktabning kutubxona fondidan foydalanish.

III. Umumiy o’rta ta`lim maktablarida ota-onalar (ularning o’rnini bosuvchi shaxslar) uchun quyidagi xizmatlar bepul amalga oshiriladi:

umumiy o’rta ta`lim maktabida ta`lim-tarbiya jarayonining talab darajasida tashkil etilishiga oid ma`lumotlar;

farzandining mashg’ulotlarni o’zlashtirishi, mashg’ulotlarga jiddiy yondashuvi va o’quv rejadagi alohida o’quv fanlariga bo’lgan qobiliyati haqidagi ma`lumot olish.

IV. Umumiy o’rta ta`lim maktablarida yuqorida keltirilganlardan tashqari quyidagi xizmatlar o’quvchilar, ota-onalar (ularning o’rnini bosuvchi shaxslar) va xodimlardan pul undirilmasdan davlat ta`minoti asosida bepul amalga oshiriladi:

umumiy o’rta ta`lim muassasasiga kommunal xizmatlar ko’rsatish;

bino va inshootlarni joriy va kapital ta`mirlash xizmatlari;

umumiy o’rta ta`lim muassasasi xonalarini mebel, jihoz va boshqa o’quv anjomlari bilan ta`minlash;

bino va inshootlarni tozalash xizmatlari.

Davlat umumiy o’rta ta`lim maktablarida pullik asosda tashkil etiladigan xizmatlar ro’yxati

I. Umumiy o’rta ta`lim maktablarida o’quvchilar uchun quyidagi xizmatlar pullik asosda tashkil etiladi:

darsliklarni belgilangan to’lov evaziga ijaraga olish (birinchi sinf o’quvchilari va kam ta`minlangan oila farzandlari bundan mustasno);

umumiy o’rta ta`lim maktablarining o’quv dasturlarida nazarda tutilmagan (Davlat ta`lim standartlaridan tashqari) bilimlar bo’yicha kelishilgan narxlarda qo’shimcha ta`lim olish;

umumiy o’rta ta`lim maktabining uzaytirilgan kun guruhlarida belgilangan to’lov asosida ta`lim-tarbiya olish;

umumiy o’rta ta`lim maktabining asosiy faoliyati hisoblanmaydigan ta`lim-tarbiya xizmatlaridan foydalanish (jumladan, hunar o’rgatuvchi va sport to’garaklar, qiziqishlar bo’yicha to’garaklar, yakshanbalik maktablari va boshq.).

II. Umumiy o’rta ta`lim maktablarida maktabgacha yoshdagi va maktab yoshidan katta bo’lgan shaxslar uchun maktabga tayyorlov, kompyuter savodxonligi va boshqa turdagi o’quv kurslaridan foydalanish xizmatlari kelishilgan narxlarda pullik asosida tashkil etiladi.

III. Umumiy o’rta ta`lim maktablarining bino va inshootlari, yer uchastkalari va boshqa mol-mulkini vaqtinchalik foydalanish uchun boshqa shaxslarga shartnoma asosida ijaraga berish vakolatli organlar tomonidan belgilangan narxlarda qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing