O’qituvchi — kitob — o’quvchi

Davlat va jamiyat hayotida o’qituvchilar o’ta muhim ahamiyatli vazifani bajaradi. Yosh avlod tarbiyasi, uning barkamol voyaga yetishi, ilm o’rganishi, ma`naviy yetuk va vatanparvar bo’lishi… Sanalaversa, ular juda ko’p. Ammo, o’qituvchi faqat kitobga suyanadi. Kitob esa bilim bulog’i, ilm kaliti. O’qituvchi va kitob timsolida o’quvchi — ertangi kun egalari kamol topadi.

MEHRNING MEZONI YO’Q

O’tgan asrning 70-80 yillari Nurota tumanining Nog’ora qish­log’idagi boshlang’ich maktabga qo’shni qishloqlardan bir-ikki, uch yosh farq bilan bolalar qatnab, savodini chiqarar edi. Bir uy va bir dahlizdan iborat maktabda atigi ikki nafar o’qituvchi — Eshmirza Qurashov va Jumadilla Yorqulov boshlang’ich ta`limdan dars berardi.
Katta oilaning to’qqizinchi farzandi — kenjasi bo’lgan va maktab yoshiga yetmagan bola har kuni maktab dahliziga kirib olib, darsni tomosha qilar edi. O’qituvchilar uni kitob bilan siylashardi. Bolakay dastlab uni uyga olib kelib zavqlanib tomosha qiladi, ke­yinchalik esa sanash va o’qishni o’rganib oladi. Bir-birini ­takrorlamaydigan rasmli kitoblarni Eshmirza muallim maktab yoshiga yetmagan bolaga qaerdan topib bergani endi jumboq. Bolakay esa ulg’ayib, ijodkor bo’ldi.
Tibbiyot fanlari doktori, professor Davron Qarshiev, tibbiyot fanlari nomzodi To’lqin Isoqulov ana shu maktabda saboq olishgan. Jajji dargoh bir nechta avlodga ziyo berdi. Keyinchalik u buzilib, o’rniga uy qurildi. Lekin «kichik akademiya» bergan ezgu mehr, ilm haligacha barhayot.

TIRIK KITOBLAR

Universitetda tahsil olganimizda birovga baho berishda uning qanday kitobi borligi, mushohada salohiyati hisobga olinar edi. Kitob sovg’a qilish odat edi. Kitob eng oliy sovg’a hisob­lanardi. Albatta, kimdir kitob­larning mag’zini chaqib kitobxon bo’lgan, boshqa birov esa xo’jako’rsinga ko’tarib yurgan. Bugun ma`naviyatni yuksaltirishni bayonnoma yozish deb biladigan rahbarlar toifasi ana shu «xo’jako’rsinlik» oqibati bo’lsa, ajab emas.
O’shanda bir-birimizga sovg’a qilgan kitoblar tasavvurimizni kengaytirish, adabiyot va ma`naviyat olami bilan oshno bo’lishga hissa qo’shdi. Uni doimo his qilish kerak. Talabalik davri tugagach, bu kitob­lar yotoqxonadan egalari bilan chiqib, xonadonlarga borib to’xtadi. Ularni avaylab asrayotgan insonlar bugun ma`naviyat jabhasida javlon urayotgan ko’p sonli taniqli ijodkorlar. O’sha kitoblarda bizning bir-birimizga samimiyat va mehrimiz, hurmatimiz hali ham yashayapti. Demak, bu kitob­larning umri boqiy.

IJODKOR O’QITUVChILARGA E`TIBOR QANDAY?

Ta`bir joiz bo’lsa, o’qituvchi harakatdagi ijodkordir. Uning she`r, hikoya, pedagogika nazariyasidan ilmiy kitob yozishi muhim emas. Muallim izlansa, mahoratini oshirib borsa, shuning o’zi ijod. Yuksak pedagogik mahorati bilan birga ko’ngil izhorlarini qog’ozga tushirgan tinib-tinchimas muallimlarni chinakam ma`naviyat askariga qiyoslash mumkin. Shu o’rinda bir mulohazani aytib o’tishni joiz topdik. Qo’shrabot tumanining olis bir qishlog’idagi maktab o’qituvchisi arxeologiya faniga oid kitob chiqargan. Unga Samarqand davlat universiteti sobiq rektori, professor Mavlon Jo’raqulov taqriz yozgan. Kitob Qo’shrabotdagi tarixiy topilmalarning ilmiy asoslanishiga bag’ishlangan. Ammo u sanoqli nusxada chop etilgan. Uni to’liqroq nashr etish uchun muallifning moddiy imkoniyati yo’q. Uning yana bir hamkasbi esa musiqa ta`limini o’qitish borasida uslubiy qo’llanma yaratgan. Olis Qo’shrabot tumanidagi muallimlarning bu intilishi qo’llab-quvvatlashga muhtoj.
Ilgari mamlakatimizda ijodkor o’qituvchilar tanlovi o’tkazilar edi. Uning to’xtab qolganiga ancha bo’ldi. Ba`zi ishtirokchilarning fikricha, unga ham «tanish-bilishchilik» aralashgan. Tabiiyki, bunday holatda vijdonli qalamkashning ko’ngli og’riydi. Saviyasiz ijodkor ko’kka ko’tariladi. Oqibati esa… Xalq ta`limi vazirligi rahbariyati ushbu tanlovni yana yo’lga qo’ysa, nur ustiga nur bo’lar edi. Ma`naviyat, ta`lim-tarbiya, ta`lim tizimidagi islohotlarga matbuotda o’z munosabatini bildirib boradigan termizlik Dilbar Normurodova, qo’shrabotlik Shodiyor To’raev kabi faol o’qituvchi ijodkorlarning kitobga jamlash shunchalik qiyin­­mi? Ularni ma`naviy jihatdan qo’llab-quvvatlab, kitoblarini chop etish nafaqat rag’bat, balki tajribalarni yoyishning o’ziga xos usuli emasmi? Ularga bo’lgan e`tibor boshqa ijodkor o’qituvchilarda ham izlanishga turtki paydo qilmaydimi? Bu savollar mutasaddilarning ­e`tiboriga havola.

HAYOTIY AKSIOMA

Ayni paytda o’qituvchining faqat o’z vazifasi bilan shug’ullanishiga imkon yaratildi. Har bir o’qituvchi darsni samarali o’tib, sog’lig’i haqida qayg’ursa, (chunki aqliy mehnat odamni toliqtiradi) kutubxonada doimiy izlansa, mashg’ulotgacha dam olib, mashg’ulotga tayyor holda borsa qanday yaxshi!
Kelgusida muallimlar farovon, oilaviy baxtli, sog’-salomat mehnat qilishi kerak. Bunga esa barchamiz mas`ulmiz.
Bugun kitob va elektron kitob mutanosibligini ta`minlash muammosi kun tartibida turibdi. Rosti, keksa avlod elektron kitoblarni hazm qilolmayapti. Yangi avlod murabbiylari esa eski qolipda bosma kitoblarni titkilashdan ko’ra kompyuterni afzal biladi. Bu esa o’quvchilar saviyasiga ta`sir qilmoqda.
Jahon tajribasi har ikkala holda ham kitobsiz maqsadga erishib bo’lmasligini ko’rsatmoqda. Qushning ikki qanoti kabi taraqqiyot yo’lida dadil odimlashimiz uchun bu kabi nomutanosibliklarni tezroq hal etishimiz lozim. Zero, ta`lim-tarbiya sohasida kutib turish imkoni yo’q. Bu – aksioma.

KITOBXONGA BAHONI MURABBIY BERADI

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda kitobxonlikni targ’ib qilish bo’yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ’ib qilish bo’yi­­cha kompleks chora-tadbirlar dasturi to’g’risida» «Buyuk allomalar, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng o’rganish va targ’ib qilish maqsadida yoshlar o’rtasida kitobxonlik tanlovlarini tashkil etish to’g’risida»gi Prezident qarorlarida yoshlar o’rtasida kitobxonlikni yuqori darajaga ko’tarish bilan bog’liq masalalar o’z ifodasini topgan.

Ta`kidlash joizki, umumta`lim maktab­lari o’quvchilarida kitobga muhabbat uyg’otishda murabbiyning o’rni muhim ahamiyatga ega. Chunki u bolaning kitobga munosabati qanday ekanini juda yaxshi biladi.
Binobarin, o’qituvchini o’quvchisisiz, o’quvchini kitobsiz tasavvur etish mumkin emas. Yuksak ma`naviyat va buyuk kelajakka intilgan jamiyatda «O’qituvchi, kitob va o’quvchi» tamoyili ustuvor ahamiyat kasb etaveradi.

O’ljaboy QARShIEV,
jurnalist

«Ishonch»gazetasidan olindi

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing