O’zbekistonda umumiy o’rta ta`lim to’g’risidagi yangi nizom tasdiqlanadi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o’rta ta`lim to’g’risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan Umumiy o’rta ta`lim to’g’risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.

Umumiy o’rta ta`lim to’g’risidagi nizomga ko’ra, umumta`lim muassasasi yuridik shaxs hisoblanadi va o’z ustaviga, mustaqil balansiga, shaxsiy g’azna hisobvaraqlariga (davlat ta`lim muassasalari uchun), bank hisob raqamlariga, o’z nomi ko’rsatilgan muhrga (davlat umumta`lim muassasalarining muhrida O’zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushiriladi), shtampga va blankalarga ega bo’ladi.

Umumta`lim muassasasining ustavi belgilangan tartibda tasdiqlanadi va mahalliy davlat hokimiyati organida davlat ro’yxatidan o’tkaziladi.

Umumta`lim muassasalarining namunaviy ustavi O’zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Davlat umumta`lim muassasalarida umumiy o’rta ta`lim olish bepul amalga oshiriladi.

Umumta`lim muassasasida ta`lim olish tilini tanlash O’zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.

Davlat ta`lim standartlariga muvofiq har bir shaxsning ta`lim va tarbiya olishdagi konstitutsiyaviy huquqini ro’yobga chiqarish o’rta ta`limning maqsadi hisoblanadi.

O’rta ta`lim o’quvchilarga bilimlarning zarur hajmini beradi, mustaqil fikrlash, tashkilotchilik qobiliyati va amaliy tajriba ko’nikmalarini rivojlantiradi.

O’quvchilariga maxsus va chuqurlashtirilgan tayyorgarlikni talab etmaydigan mutaxassisliklar bo’yicha kasbiy ta`lim beradi.

Umumiy o’rta ta`limning vazifalari quyidagilardan iborat:

o’quvchilar tomonidan muntazam bilimlar olinishini ta`minlash, ularda bilim olish ehtiyojini rivojlantirish, bazaviy o’quv, ilmiy va umummadaniy bilimlarni shakllantirish;

o’quvchilarda milliy hamda umumbashariy qadriyatlarni uyg’unlashtirish asosida yuksak ma`naviy-axloqiy fazilatlarni tarbiyalash, o’z Vataniga va xalqiga sodiq fuqaroni shakllantirish;

ta`lim-tarbiya jarayoniga o’qitishning zamonaviy va innovatsion pedagogik uslublarini hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali ta`lim sifatini oshirish;

o’quvchilarning individual ijobiy xususiyatlarini aniqlash, qo’llab-quvvatlash va rivojlantirish, ularning yuksak darajada ta`lim-tarbiya olishlari, ijodiy imkoniyatlarini shakllantirish va rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratib berish;

mehnat qilish va mustaqil ijodiy fikrlash ko’nikmalarini shakllantirish, o’quvchilarni kasbga yo’naltirish, o’quvchilar uchun maxsus va chuqurlashtirilgan tayyorgarlikni talab etmaydigan mutaxassisliklar bo’yicha kasbiy ta`lim berish.

Umumiy o’rta ta`lim boshlang’ich ta`lim (I – IV sinflar), tayanch o’rta ta`lim (V-IX sinflar) hamda umumiy o’rta  (X-XI sinflar) bosqichlaridan iborat bo’lib, kunduzgi ta`lim shaklida amalga oshiriladi.

O’quv yili umumta`lim muassasalarida 2 sentabrdan kelgusi yilning 25 mayiga qadar davom etadi va to’rtta chorakka bo’linadi.

O’quv-tarbiya jarayonini tashkil etishda quyidagi muddatlarga amal qilinadi:

o’quv yilining davomiyligi – 34 hafta (I sinflar uchun 33 hafta);

o’quv haftasining davomiyligi – 6 kun (pedagogik kengashning qaroriga ko’ra I-IV sinflar uchun 5 kun);

dars mashg’ulotining davomiyligi — 45 daqiqa;

dars mashg’ulotlari oralig’idagi tanaffusning davomiyligi — 5 — 10 daqiqa (o’quv kuni o’rtasidagi tanaffusning davomiyligi — 15 — 30 daqiqa).

Mehnat to’g’risidagi qonun hujjatlarida bayram (ishlanmaydigan) kuni deb belgilangan kunlarda dars mashg’ulotlari o’tkazilmaydi.

Bayram (ishlanmaydigan) kunlariga to’g’ri kelib qolgan dars mashg’ulotlarining mavzulari o’quv dasturlarini ixchamlashtirgan holda keyingi dars mashg’ulotlarida o’tkaziladi.

Belgilangan me`yorlar bo’yicha tegishli maydonga ega bo’lgan umumta`lim muassasasining sinflari to’liqligi 35 nafardan ortib ketishiga yo’l qo’yilmaydi.

Namunaviy loyihalar bo’yicha qurilmagan, moslashtirilgan binolarda joylashgan, o’quvchilar soni yetarli bo’lmagan umumta`lim muassasalarida, olis (tog’li, cho’lli) aholi punktlarida joylashgan umumta`lim muassasalarida, shuningdek o’zbek tilida o’qitilmaydigan umumta`lim muassasalarida o’quvchilar soni sinflarni to’ldirishning o’ziga xos shart-sharoitlaridan kelib chiqib, tuman (shahar) xalq ta`limi bo’limlari va tuman (shahar) hokimliklarining moliya bo’limlari bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Kam komplektli umumta`lim muassasalarida (filiallarda) boshlang’ich sinf o’quvchilari quyidagi hollarda bitta sinfga birlashtirilishi mumkin:

o’quvchilar soni 8 nafargacha bo’lgan I – IV sinflar;
o’quvchilar soni 12 nafargacha bo’lgan uchta boshlang’ich sinf;
o’quvchilar soni 24 nafargacha bo’lgan ikkita boshlang’ich sinf (I va III, II va IV sinflar).

Malakali o’qituvchilar yetarli bo’lgan quyidagi hollarda sinfdagi o’quvchilarni ikki guruhga bo’lib o’qitishga ruxsat etiladi:

o’quvchilar soni 25 nafar va undan ziyod bo’lgan umumta`lim muassasalarining I – XI sinflarida «Chet tili» fani, ayrim fanlarga  ixtisoslashtirilgan umumta`lim muassasalarida ixtisoslashgan fanlar, V – XI sinflarda «Informatika va axborot texnologiyalari», ta`lim tili o’zbek tili bo’lmagan umumta`lim muassasalarining II – XI sinflarida «O’zbek tili» fani hamda ta`lim tili rus tili bo’lmagan umumta`lim muassasalarining II – XI sinflarida «Rus tili» fani;

o’quvchilardan qat`iy nazar VIII-XI sinflarda “Jismoniy tarbiya”, V-IX sinflarda “Texnologiya”, X-XI sinflarda “Chaqiruvga qadar boshlang’ich  tayyorgarlik” fanlari (o’g’il va qiz bolalar).

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing