Maktablar reytingini aniqlashdan maqsad nima?

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq ta`limi vazirligining “Umumiy o‘rta ta`lim muassasalari reytingini aniqlash tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan umumiy o‘rta ta`lim muassasalari reytingini aniqlash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlanishi mumkin.

Mazkur nizom asosida 2019 yil 1 yanvardan boshlab, tajriba-sinov tariqasida, tumanlar va shaharlar kesimida tanlash asosida umumiy o‘rta ta`lim muassasalari faoliyati samaradorligi bo‘yicha reytingi aniqlanadi.

Nizomga ko‘ra, 2019 yil 1 yanvardan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi umumiy o‘rta ta`lim muassasalari reytingi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan tumanlar va shaharlar kesimida tanlash asosida har yili aniqlanadi.

Reytingni aniqlashdan asosiy maqsad – o‘quvchilarning umumta`lim fanlari bo‘yicha tayyorgarlik darajasini va mantiqiy fikrlash qobiliyatini baholash, pedagoglar faoliyati darajasi va sifatini oshirishni rag‘batlantirish, o‘qitish sifati bo‘yicha xalqaro mezon, standartlarga mos yuqori ko‘rsatkichlarga erishish orqali bilimli va iqtidorli yoshlarni tayyorlashga zamin yaratishdan iborat.

Reytingni aniqlash quyidagi vazifalarni hal etishga qaratilgan:

o‘quvchilar bilim darajasi, pedagoglar salohiyati va ta`lim berish mahorati, ta`lim muassasasining o‘quv-tarbiya jarayoni va imkoniyatlari haqida keng jamoatchilikni xolis axborotlar bilan ta`minlash;

o‘quvchilar bilimini baholashda xolislik va maktablar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta`minlash;

o‘quvchi-yoshlarning o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini hamda bilimlarini amaliyotda qo‘llash qobiliyatini rivojlantirish;

respublika bo‘yicha o‘quvchilar bilimini baholashni OECD, EIA nufuzli xalqaro tashkilotlarning PISA, TIMSS, PIRLS kabi o‘quvchilar bilimini baholash dasturlari darajasiga olib chiqishda ta`lim muassasalariga ko‘maklashish;

milliy reyting tizimida yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan umumta`lim muassasalari uchun ular faoliyatini nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkaziladigan tekshirishlar davriyligini reytingdagi o‘rniga qarab belgilash.

Reytingni aniqlashga oid to‘plangan ma`lumotlar, o‘tkazilgan so‘rovnomalar va nazorat ishlari natijalari asosida Davlat inspeksiyasi tomonidan tumanlar va shaharlar kesimida umumta`lim muassasalarining reytingi aniqlanadi.

Umumiy o‘rta ta`lim muassasalari reytingi tuzilmasi:

bitiruvchi o‘quvchilarning umumta`lim fanlari bo‘yicha ta`lim tayyorgarlik darajasi va sifat ko‘rsatkichi;

9-sinf o‘quvchilarining bilim darajasi;

oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ulushi;

umumta`lim muassasasining o‘quvchilari va pedagogik jamoasi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari kabi reyting indikatorlarini xarakterlovchi ma`lumotlarni o‘z ichiga oladi.

Reyting indikatorlari uchun ballarni hisoblash quyidagicha amalga oshiriladi:

tegishli reyting indikatori bo‘yicha eng katta ko‘rsatkichga ega umumta`lim muassasasi aniqlanadi;

eng katta ko‘rsatkichga ega bo‘lgan umumta`lim muassasasiga shu indikatorga belgilangan eng yuqori ball beriladi;

boshqa barcha umumta`lim muassasalarning ballari shu indikator bo‘yicha eng yuqori ballga ega bo‘lgan umumta`lim muassasasining ko‘rsatkichiga nisbatan hisoblanadi;

har bir indikator bo‘yicha hisoblangan ballar yig‘indisi umumta`lim muassasasining reytingini belgilaydi.

manba «Kun.uz»

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

4 Fikr bildirildi “Maktablar reytingini aniqlashdan maqsad nima?

  1. Мактаблар ўртасида рейтинг тизимини жорий қилишдан мақсад, авваламбор, мактабларда ўқув – тарбиявий ва педагогик ишлар қандай йўлга қўйилганлиги, ўқувчиларнинг фанлараро билим сифатини аниқлашдан иборат.

Javob yozing