Maktablardagi direktor jamg‘armasi mablag‘lari nimalarga sarflanadi?

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Umumta`lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi joylashtirildi.

Direktor jamg‘armasi xalq ta`limi tizimidagi barcha umumiy o‘rta ta`lim muassasalarida, jumladan ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta`lim muassasalarida tashkil etiladi, imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan umumta`lim muassasalari bundan mustasno.

Mazkur Nizom talablari boshqa vazirliklar va idoralarning tasarrufida bo‘lgan umumta`lim muassasalari uchun tavsiyaviy xarakterga ega.

Direktor jamg‘armasi mablag‘lari quyidagilarni moliyalashtirishga sarflanadi:

umumta`lim muassasalarining faqat o‘rnak ko‘rsatgan pedagog xodimlarining (ularning umumiy sonining ko‘pi bilan 50 foizi) bazaviy tarif stavkalariga har oylik ustamalar belgilash yo‘li bilan moddiy rag‘batlantirishga;

umumta`lim muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va ularga moddiy yordam ko‘rsatishga;

faqat tejalgan mablag‘lar mavjud bo‘lgandagina xodimlarning vaqtincha mehnatga layoqatsizligi bo‘yicha to‘lanmagan nafaqalarni moliyalashtirishga.

Direktor jamg‘armasi umumta`lim muassasasida o‘quv-tarbiya jarayonining samaradorligi va sifatini oshirishni rag‘batlantirish, umumta`lim muassasalari o‘qituvchilari mehnatiga haq to‘lashning ularning o‘quv va tarbiya jarayoniga qo‘shgan shaxsiy hissasi bilan bevosita o‘zaro aloqadorligini ta`minlash, pedagog xodimlarning kasb mahorati va malaka oshirishini rag‘batlantirishni kuchaytirish maqsadida tashkil etiladi.

Direktor jamg‘armasini tashkil etishning vazifalari quyidagilardan iborat:

o‘qituvchilik kasbining jozibadorligini oshirish, umumta`lim muassasalari pedagog xodimlarining tizimli ravishda o‘z ustida ishlashlari, pedagogik kasb mahoratini oshirib borishlariga ko‘maklashish;

umumta`lim muassasalari pedagog xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilishni yanada takomillashtirish;

xorijiy davlatlar ta`lim tizimining ilg‘or tajribalaridan foydalangan holda zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida dars berish samaradorligini oshirish;

o‘quv-tarbiya jarayoniga katta shaxsiy hissa qo‘shayotgan, o‘z kasbiga sodiqlik va tashabbuskorlik, yuqori kasb darajasini namoyon etayotgan, o‘quvchilari ko‘rik-tanlovlar, fan olimpiadalari va musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritayotgan pedagog xodimlar mehnatini munosib rag‘batlantirish.

Direktor jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti mablag‘lari hisobidan umumta`lim muassasasi mehnatga haq to‘lash fondining 15 foizi miqdorida shakllantiriladi.

Direktor jamg‘armasining mehnatga haq to‘lash fondiga nisbatan miqdori barcha umumta`lim muassasalari bo‘yicha yagona hisoblanadi.

Direktor jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladigan ustamalar, moddiy rag‘batlantirish va moddiy yordam mablag‘lari umumta`lim muassasasining mehnatga haq to‘lash fondiga kiritiladi hamda ulardan davlat ijtimoiy sug‘urtasiga mablag‘ o‘tkaziladi.

Direktor jamg‘armasi hisobiga olingan daromadlardan qonun hujjatlariga muvofiq soliq undiriladi.

Pedagog xodimlarning lavozim maoshlariga ustamalar belgilash, umumta`lim muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va ularga moddiy yordam berish umumta`lim muassasalarida tashkil etiladigan Ustamalar belgilash, moddiy rag‘batlantirish va moddiy yordam berish bo‘yicha Maxsus komissiyalar tomonidan amalga oshiriladi.

Bunda xalq ta`limini boshqarish hududiy organlari (xalq ta`limi tuman (shahar) bo‘limlari va viloyat xalq ta`limi boshqarmalari)ning Komissiyalar faoliyatiga hamda ular qabul qiladigan qarorlarga aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing