«O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida» qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan «O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida» qonun loyihasini ishlab chiqildi va uni normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

2018 yilning iyun oyida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalq ta’limi sohasida keng ko‘lamli islohotlarni boshladi va Xalq ta’limi vazirligining yangi jamoasiga jamiyatda o‘qituvchi maqomini oshirish bo‘yicha qator vazifalar qo‘yildi. Unga ko‘ra Xalq ta’limi tizimini takomillashtirish bo‘yicha prezident farmonlari va qarorlari qabul qilindi.

Jumladan, 2018 yilning 5 sentyabr kuni «Xalq ta’limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» prezident qarori qabul qilindi.

Mazkur hujjatda «O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida» qonun loyihasini ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish vazifasi qo‘yilgan edi.

Qonun loyihasi o‘qituvchilarning maqomini va pedagogik faoliyat prinsiplarini hamda o‘quvchilarning malakasini oshirish bo‘yicha tizimni belgilab beradi.

Hujjatda o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmati kafolatlari belgilanadi. Xususan, o‘qituvchilarning ish haqidan qonunchilikda ko‘zda tutilmagan to‘lovlarni, jumladan davriy nashrlarga obuna bo‘lish, asossiz maoshidan ushlab qolish taqiqlanadi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, ta’lim muassasalari o‘qituvchilarini majburiy mehnat, shahar va tuman hududlarini ko‘kalamlashtirish va obodlashtirish ishlariga, metallolom va makulatura yig‘ishga, qishloq xo‘jaligidagi mavsumiy va shunga o‘xshash boshqa ishlarga jalb etish taqiqlanadi.

Ota-onalar o‘qituvchining professional majburiyatlari doirasiga kiradigan masalalarga asossiz aralashish huquqiga ega emaslar.

Qonun loyihasida o‘qituvchilarning ijtimoiy himoyasi va individual pedagogik faoliyatga doir huquqlarini belgilab berish ham ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi «O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini yanada takomillashtirish uchun barchani, jumladan malakali pedagoglarni muhokamaga chorlaydi. Qonun loyihasining muhokamasi 2018 yilning 15 noyabriga qadar davom etadi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing