Bolalarni maktablarga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlanadi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portalida Vazirlar Mahkamasining “Bolalarni davlat umumta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan quyidagilar:

Bolalarni davlat umumta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti;

Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali bolalarni davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish xizmati joriy etiladigan davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining ro‘yxati tasdiqlanishi mumkin.

Belgilanishicha, 2019 yil 1 martdan boshlab, bolalarni tasdiqlangan ro‘yxat asosida umumta’lim muassasalariga joylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlarini olish uchun jismoniy shaxslar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali murojaat qiladilar;

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan kelishilgan holda davlat xizmatlari amalga oshiriladigan maktablar ro‘yxatiga belgilangan tartibda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi 2019 yil 1 fevralga qadar:

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda blokcheyn texnologiyasidan foydalangan holda “xalq ta’limi” kompleks axborot tizimini joriy etish, rasmiy veb-saytni takomillashtirish, Davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali bolalarni qabul qilish joriy etilgan umumta’lim muassasalari haqida ma’lumotlar, ularga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) ro‘yxati, 1-sinfga qabul rejalari hamda Davlat xizmatlari markazlari manzillari haqidagi va boshqa zarur bo‘lgan ma’lumotlarni joylashtirishni;

bolalarni Davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali qabul qiluvchi umumta’lim muassasalarining qabul rejalarini tasdiqlab, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari orqali Davlat xizmatlari markazlariga taqdim etishni;

bolalarni Davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali qabul qiluvchi umumta’lim muassasalarida mazkur xizmatni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan sharoitlarni yaratish, zamonaviy kompyuter va boshqa uskunalar bilan ta’minlashni;

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda Davlat xizmatlari markazlari, tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari, davlat umumta’lim muassasalari xodimlari ishtirokida, ushbu qaror bilan tasdiqlangan Ma’muriy reglamentni amalda qo‘llanish samaradorligi va natijadorligi darajasini oshirishga yo‘naltirilgan o‘quv seminarlari o‘tkazishni;

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan kelishgan holda, davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan namunaviy shakllarni, hujjatlar blankalarini hamda boshqa hujjatlarni ishlab chiqish va tasdiqlashni;

hududiy xalq ta’limi boshqarmalari huzurida bolalarni Davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhlari tuzishni ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 2019 yil 1 martga qadar:

bolalarni Davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali qabul qiluvchi umumta’lim muassasalarining belgilangan tartibda kamida 10 Mb/s tezligida bo‘lgan Internet tarmog‘ining milliy segment ma’lumotlarini uzatish tarmog‘iga ulanishini;

Xalq ta’limi vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda:

tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari, umumta’lim muassasalari hamda davlat xizmatlari ko‘rsatishda ishtirok etuvchi boshqa tuzilmalarning YaIDXPga ulanishini ta’minlaydi;

YaIDXPda bolalarni umumta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning har bir bosqichida jismoniy shaxslarning murojaatlari ko‘rib chiqilishini kuzatib borish tartibotini joriy etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi 2019 yil 1 martgacha bo‘lgan muddatda fuqarolarning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari to‘g‘risidagi axborot bazasini xalq ta’limi axborot tizimiga integratsiya qilish choralarini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi:

tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari, umumta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlarning ular tomonidan bolalarni umumta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning belgilangan tartibini amalga oshirishga doir faoliyati yuzasidan, shu jumladan YaIDXP orqali doimiy nazorat o‘rnatadi;

ushbu qaror bilan tasdiqlangan Ma’muriy reglament talablari buzilganligi uchun umumta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy jazo choralarini belgilangan tartibda qo‘llaydi.

Bolalarni davlat umumta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga ko‘ra, bolalarni umumta’lim muassasasiga qabul qilish jarayonini amalga oshirishda:

a) tuman (shahar) hokimliklari:

zaruriyatga ko‘ra, tegishli yilning 1 yanvariga qadar umumta’lim muassasalariga biriktirilgan hududlarni tasdiqlaydi;

Davlat xizmatlari markazlari va umumta’lim muassasalariga kam ta’minlangan oilalar haqida ma’lumotlarni muntazam ravishda taqdim etadi;

b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar Ichki ishlar boshqarmalari va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Manzil-ma’lumot byurolari ariza beruvchilarning mikrohududda doimiy propiskada turganligi, turgan joyi bo‘yicha vaqtinchalik hisobga olinganligi, shuningdek ma’lumot mavjud emasligi haqida ma’lumot beradi;

v) tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari o‘zlarining rasmiy veb-saytida o‘z tasarrufidagi umumta’lim muassasalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning joylashtirilishini va ularning muntazam yangilab borilishini ta’minlaydi.

Unda:

o‘z tasarrufidagi umumta’lim muassasalaridagi o‘quvchilar soni va bo‘sh o‘rinlarning mavjudligi;

bolalarni umumta’lim muassasasiga qabul qilish bo‘yicha so‘rovnomalar ro‘yxati, unda YaIDXPda ro‘yxatga olish raqami ko‘rsatiladi;

g) umumta’lim muassasalari bolalarga yo‘llanmalar beradi;

d) ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar (farzandlikka oluvchilar, vasiylar va homiylar) umumta’lim muassasasiga yo‘llanma bilan murojaat qiladi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing