Xalq ta’limi vazirligi maktablar uchun tayanch o‘quv rejasi tuzilgani haqidagi ma’lumotlarni rad etdi

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda va internet nashrlarida 2019-2020 yillarda umumta’lim maktablaridagi tayanch o‘quv rejasi to‘g‘risida hujjat tarqalgandi. Unga ko‘ra, ayrim fanlarning dars soatlarini kamaytirilishi nazarda tutilgani keltirilgan.

Bu hujjat asosida ba’zi darslik mualliflari, o‘qituvchi va pedagoglar nima uchun bu yoki u fanning soati kamayishi kerak degan savol bilan bir qator maqolalar yozishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bu xabarlarni rad etdi va 2019-2020 o‘quv yillari uchun umumta’lim maktablarining tayanch o‘quv rejasi hali tasdiqlanmaganini ma’lum qildi.

«Hozirgi kunda Xalq ta’limi vazirligi maktab ta’limi tizimini takomillashtirishga yo‘naltirilgan ko‘plab tashabbuslarni amalga oshirish ustida ish olib bormoqda. Ba’zi loyihalar ekspertlar tomonidan taklif sifatida bildirilgan bo‘lsa, yana ba’zilari moliya va boshqa sohaga oid masalalarga mas’ul davlat organlari tomonidan takliflar sifatida berilmoqda.

Shunday tashabbuslardan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 avgustdagi «Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan.

Mazkur qarorning 18-bandiga asosan, Xalq ta’limi vazirligi Moliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda umumiy o‘rta ta’limning amaldagi tayanch o‘quv rejasini qayta ko‘rib chiqib, 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab 10 foizga qisqartirish hamda mazkur fanlar bo‘yicha dars soatlari qisqartirilgan mutaxassislarni talab yuqori bo‘lgan boshqa o‘quv fanlarga bepul qayta tayyorlab o‘tkazishi lozim. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha takliflar 2019 yilning 1 avgustga qadar ishlab chiqilishi belgilangan.

Hozir tegishli vazirlik va idoralar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 avgustdagi «Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorining 18-bandini bajarish yuzasidan takliflar tayyorlash ustida ish olib borishmoqda.

Ushbu jarayon davomida, shubhasiz, barcha fan predmetlari ularning zamonaviy talablarga javob bera olishi bo‘yicha tahlil etiladi, bu esa darsliklarni yangilanishiga olib keladi.

O‘quv rejasini qayta ko‘rib chiqishdan asosiy maqsad — bitiruvchilar hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari va muvaffaqiyatga erishishlari uchun kerakli bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar berish orqali ta’lim sifatini yaxshilash.

O‘quv rejasi bo‘yicha qaror ayrim kishilarning nuqtai nazaridan emas, badki mamlakat va bolalar manfaatlarini hisobga olgan holda qabul qilinishi lozim.

Xalq ta’limi vazirligi barchani avvaldan xulosa chiqarmaslikka, aksincha, sifatli o‘quv rejasini tuzish va darsliklar yaratish hamda xalq ta’limi tizimiga oid boshqa masalalar muhokamasida faol ishtirok etgan holda o‘z hissasini qo‘shishlarini so‘raydi.

Muhokamalarda davlat ta’lim standartlari negizida bir necha ssenariylar ko‘rinishidagi o‘quv rejalari ishlab chiqiladi. Yakuniy ssenariylar loyihalari keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.

Xususan, hozirda barcha xohlovchilar mavjud darsliklar muhokamasida ishtirok etishlari mumkin, buning uchun o‘z tavsiya va takliflaringizni www.eduportal.uz. portaliga qoldirishingizni so‘raymiz», deyiladi vazirlik xabarida.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing