Umumtaʼlim maktablarida shaxmat xonalari tashkil etilmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 9-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasida shaxmatni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan yurtimizda ushbu sport turini yanada ommalashtirish boʻyicha amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar belgilab berilgan edi.

Xususan mazkur qarorga asosan respublikamizning turli hududlaridagi 150 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablarining oʻquvchilarini tajriba tariqasida shaxmatga oʻqitish yoʻlga qoʻyildi.

Jismoniy tarbiya va sport, Xalq taʼlimi vazirliklari hamda Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi tomonidan respublikamizdagi barcha umumiy oʻrta taʼlim maktablarida shaxmatga oʻqitishni bosqichma-bosqich qamrab olish, yuqori malakali murabbiy kadrlarni tayyorlash, shaxmat klublari va umumiy oʻrta taʼlim maktablari shaxmat sinflarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha rejali ishlar amalga oshirilmoqda.

Umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarini shaxmatga yanada qiziqtirish, ularga shart-sharoit yaratish maqsadida umumtaʼlim maktablarida shaxmat xonalari tashkil etilmoqda. Shunday xonalardan biri Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi 13-davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktabida tashkil qilindi. Ushbu muassasada bugungi kunda 2400 nafardan ortiq oʻquvchi tahsil olayotgan boʻlib, ulardan 50 nafardan ortigʻi shaxmat sport klubiga jalb qilingan.

Umumtaʼlim maktablarida bunday xonalarning tashkil etilishi ham yoshlarimiz orasida shaxmat ixlosmandlari sonining yanada ortishiga xizmat qiladi.

minsport.uz

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing