“Prezident archasi” tantanalaridan fotolavhalar

Bugun poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida “Prezident archasi” bayram tadbirlari boshlandi.

Mazkur tadbirni mazmunli va koʻtarinki ruhda tashkil etish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda bir qator ishlarni amalga oshirdi. Tadbirda Mehribonlik uylari, “SOS” Bolalar mahallasi, “Muruvvat” uylari tarbiyalanuvchilari, Toshkent shahri mahallalarida oilalarda tarbiyalanayotgan ota-ona qaramogʻisiz qolgan bolalar, Vatanimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan huquq-tartibot organlari xodimlarining farzandlari ishtirok etdi.

Muhtasham saroyning bayramona bezatilgan foyesida turli ertak qahramonlari bir-biridan bejirim liboslar kiyib, bayramga oshiqqan bolajonlarni va mehmonlarni xushnudlik bilan kutib oldi. Quvnoq kuy-qoʻshiqlar hamda ertak qahramonlarining hazil-mutoyibalari barchaga birdek koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.

Bayram tadbirida “Tomosha” bolalar ijodiy guruhi tomonidan “Orzu qil!” deb nomlangan sahnalashtirilgan musiqiy chiqishi oʻgʻil-qizlar eʼtiboriga havola etildi. Qiziqarli sarguzashtlarga boy voqea, kuy-qoʻshiq hamda raqslarni oʻzida jamlagan sahna koʻrinishi asnosida kichkintoylar ahillik, hamjihatlik,kattalarga hurmat, aql, odob insonga ziynat bagʻishlovchi fazilatlar ekanining guvohi boʻldi.

Tadbir nihoyasida barcha bolalar, yosh ijrochilar, bayram ishtirokchilari joʻrlikda “Prezident archasi” qoʻshigʻini ijro etdi. Saroyda boʻlib oʻtgan tantanalar yakunlangach, bayram tadbirlari bolajonlar tarbiyalanayotgan muassasalarda davom ettirilib, ularga oʻquv qurollari, turfa shirinliklardan iborat “Prezident sovgʻalari“ topshirildi.

“Prezident archasi” bayram tantanalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyat markazlarida koʻtarinki ruhda oʻtkazildi.

Xalq taʼlimi vazirligi
Axborot xizmati

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing