Jismoniy tarbiya o‘qituvchisining ishi reyting tizimi bo‘yicha baholanadi

Jismoniy tarbiya va sport vazirining buyrug‘i bilan jismoniy tarbiya o‘qituvchilari (instruktor, kafedra mudirlari) faoliyati samaradorligini baholashning reyting tizimi tasdiqlandi.

Prezidentning 5.03.2018 yildagi PF–5368-son Farmonida ushbu tizimni joriy etish nazarda tutilgan, soha vazirligiga tartibga soluvchi nizomni ishlab chiqish vazifasi topshirilgan.

Norma’ning yozishicha, qabul qilingan hujjat bilan davlat MTM jismoniy tarbiya instruktorlari, maktab, litsey, kollej, oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari, shuningdek kafedra mudirlari (bundan keyin – o‘qituvchilar) faoliyatini reyting baholash tartibi belgilangan.

O‘qituvchilar har 5 yilda reyting tizimi bo‘yicha baholanadi. Ishga yangi qabul qilingan kadrlar ishga qabul qilinganidan keyin 1 yildan so‘ng baholanadi. Oliy ta’lim muassasalari yoki kollejlarni bitirib birinchi bor ishga kirganlar kasbiy faoliyatiga 3 yil to‘lgandan so‘ng baholanadi. Mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirilgan holda uzoq muddat (3 oydan ortiq) davolanayotgan, homiladorlik, tug‘ish hamda bolani parvarishlash ta’tilidagi o‘qituvchilar ish faoliyatiga qaytganlariga 1 yil to‘lgandan so‘ng baholashga jalb etiladi.

O‘qituvchining faoliyati samaradorligining aniqlangan reytingi u bir ta’lim muassasasidan boshqasiga ishga o‘tganda saqlanadi.

Baholash qanday amalga oshiriladi

Hududiy jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari vakillari, ta’lim muassasalari va sport federatsiyalarining hududiy bo‘limlari rahbar xodimlari, shuningdek professor-o‘qituvchilar sirasidan bo‘lgan kamida 9 kishidan iborat komissiya tuziladi. Tarkib har 5 yilda bir marta yangilanadi. Reyting o‘tkazish tartibi, shartlari va muddatlari bir oy oldin e’lon qilinadi.

Baholanadigan o‘qituvchilar quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:

• pasport, ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat, shuningdek ilmiy daraja yoki ilmiy unvon olganligini tasdiqlovchi hujjat nusxalari (agar mavjud bo‘lsa);
• malaka oshirganligi to‘g‘risidagi sertifikat nusxasi (agar mavjud bo‘lsa).

Baholash pedagog kadrning o‘quv fani bo‘yicha malakasi, dars o‘tish mahorati, ish faoliyati samaradorligini, jismoniy tarbiya sohasidagi texnika xavfsizligi qoidalarini bilish darajasini aniqlash maqsadida u bilan bevosita suhbat shaklida o‘tkaziladi. Suhbat jarayoni videotasvirga olinadi, berilgan savollar va javoblar maxsus daftarda qayd etiladi.

Suhbat natijalari asosida alohida ta’lim muassasalari – MTM, maktab, litsey va kollej, oliy ta’lim muassasasi kesimidagi mezonlar (hujjatga ilovalarda taqdim etilgan) asosida baholanadi. Har bir pozitsiya uchun muayyan miqdordagi ballar nazarda tutilgan.

100 ballik tizim bo‘yicha reyting tuziladi:

• 86–100 ball – faoliyat samaradorligi yuqori;
• 71–85 ball – faoliyat samaradorligi o‘rta;
• 56–70 ball – faoliyat samaradorligi qoniqarli;
• 0–55 ball – faoliyat samaradorligi qoniqarsiz.

Baholash natijalari 3 kun ichida Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga yuboriladi, u o‘qituvchilar reytingining elektron bazasini yuritadi. Reyting tizimining alohida ko‘rsatkichlari asosida o‘qituvchilar moddiy jihatdan rag‘batlantiriladi.

Hujjat 5.02.2019 yildan kuchga kirdi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing