Shermatov Toshkentdagi maktabda yig‘ilish o‘tkazdi. Maktab direktori va uning 2 nafar o‘rinbosari ishdan olindi

Xalq ta’limi vazirligining Nazorat-huquqiy xizmati tomonidan Toshkent shahri, Yakkasaroy tumanidagi 73-maktabida o‘quv jarayonining tashkil etilishi holati o‘rganildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, ta’lim maskanini o‘rganish jarayonida quyidagi kamchiliklar aniqlangan:

Ta’lim-tarbiya jarayonining tashkil etilishi: maktabning 2018-2019 o‘quv yiliga mo‘ljallangan o‘quv rejasi va soatlar taqsimoti pedagogik kengashda ko‘rib chiqilmagan, dars jadvali tuzishda fanlarning murakkablik darajasi inobatga olinmasdan, o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirilishi qiyin bo‘lgan fanlar dars jadvaliga 5-6-soatlarga qo‘yilgan.

Maktab monitoring ishchi guruhi tomonidan o‘qituvchilar faoliyati tahlil qilinmagan hamda monitoring daftari yuritilmagan.

Metodik kengash yig‘ma jildlari, bayonnoma daftari yuritilmagan. Shuningdek, metod birlashmalar tomonidan o‘qituvchilarning ilg‘or ish tajribalari ommalashtirilmagan. Fan oyliklarini o‘tkazish bo‘yicha jadvallar tuzilmagan.

2018-2019 o‘quv yilida kadrlarning malaka oshirishi istiqbol rejasiga amal qilinmagan, o‘qituvchilar o‘z muddatida malaka oshirishga yuborilmagan.

O‘qituvchilarning kundalik dars konspektlari yillik taqvim-mavzu rejasi asosida yozilmagan. O‘qituvchilar tomonidan qoldirilgan va qoplangan darslarni qayd etish daftari talab darajasida yuritilmagan.

Sinf jurnallarida esa dars mavzulari o‘z vaqtida yozilmagan, davomat aniqlanmagan hamda o‘quvchilar o‘z vaqtida baholanmagan, jurnallarning yuritilishi maktab ma’muriyati tomonidan tekshirilmagan.

Shahodatnomalarni hisobga olish daftari mas’ul xodimlar tomonidan imzolanmagan. Pedagog xodimlar attestatsiyasi o‘rnatilgan talab bo‘yicha tashkil etilmagan, attestatsiya komissiyasi hamda ekspert guruhi bayonnomalari bilan o‘qituvchilar tanishtirilmagan, malaka toifasi sertifikatlarini qayd etish va tarqatish daftari yuritilmagan.

Shuningdek, maktab rahbarlarining dars tahlillari daftarlari sahifalanmagan va rahbar tomonidan tasdiqlanmaganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, xalq ta’limi vazirining “Xalq ta’limi xodimlari asosiy lavozimlarining malaka tavsiflarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan maktabning ichki buyrug‘i ishlab chiqilmagan.

Pedkengash daftari tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri tomonidan imzolanmagan, muhrlanmagan.

O‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha yillik ish reja ishlab chiqilmagan, 9-, 10-, 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida kasb tanlash bo‘yicha so‘rovnomalar o‘tkazilmagan.

Maktab kutubxonachisi tomonidan 2019 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra darsliklar ijarasi hisoboti va 2018-2019 o‘quv yili uchun darsliklarni qabul qilish buyrug‘i rasmiylashtirilmagan. Mavjud adabiyotlar kartotekasi yuritilmagan.

Moddiy texnik holati: maktabning 2018-2019 o‘quv yiliga va kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi yuzaki amalga oshirilgan. Jumladan, muassasaning elektr tizimi yangi o‘quv yiliga yaroqliligi holati tekshirilmagan, yong‘in xavfsizligi dalolatnomasi tuzilmagan. Yong‘indan xabar beruvchi moslamalar esa umuman ishlamaydi. Maktab hovlisi, bino ichi, yo‘laklar, sport zal hamda majlislar zali yong‘in o‘chirish moslamalari bilan to‘liq ta’minlanmagan.

Umumta’lim muassasaning isitish tizimi yaxshi ishlamasligi, isitish quvurlarining qoplamalari yirtilib, usti ochilib qolganligi bois issiqlik energiyasi ko‘p miqdorda sarflanishi holatlari mavjudligi aniqlangan. Sanuzel talabga javob bermay qolganligi, hojatxona kanalizatsiyasi yaxshi ishlamasligi sabab,yuqori qavatlardan pastki qavatlarga suv oqadi.

Oshxona SanPiN norma talablariga umuman javob bermaydi. Ta’lim muassasasi direktori tomonidan bo‘sh turgan bino inshootlari ijaraga berilgan bo‘lsa-da, ijarachilar bilan kommunal to‘lovlar uchun shartnoma tuzilmagan. Shu boisdan ham oxirgi to‘lov 2017 yilda amalga oshirilgan.

Maktab rahbari o‘z vakolati doirasidan chiqib, yuqori tashkilotlardan ruxsat olmasdan 24 mln. so‘mlik asosiy vositalarni o‘zboshimchalik bilan hisobdan chiqargan.

Bulardan tashqari, maktab direktori tomonidan maktab o‘qituvchilarining oylik ish haqidan, mukofot pullaridan ma’lum bir qismi naqd shaklida olib qolinayotganligi holati ham aniqlangan.

Joriy yilning 22 fevralida mazkur muassasa Toshkent shahar xalq ta’limi Bosh boshqarmasi tomonidan kompleks o‘rganilgan, ammo nomiga va yuzaki ma’lumotnoma tuzish bilan cheklanilgan.

Ushbu tekshirish natijasi xalq ta’limi vaziri Sh.Shermatov ishtirokida 73-maktabda muhokama etildi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bo‘yicha maktab direktori hamda uning 2 nafar o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. Shuningdek, Toshkent shahar xalq ta’limi Bosh boshqarmasi metodisti mazkur maktabni tekshirishga mas’uliyatsizlik bilan bilan yondashgani uchun “Hayfsan” intizomiy jazosi berildi.

Ayni paytda mazkur maktabda vazirlikning audit xizmati tomonidan moliyaviy-xo‘jalik faoliyati tekshirilmoqda.

Toshkent shahar xalq ta’limi Bosh boshqarmasi va tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbarlariga bunday holatlardan xulosa chiqarib boshqa bu kabi maktablardagi holatni yaxshilash choralarini ko‘rish vazifalari topshirildi.

Bundan oldin, Yunusoboddagi maktab sport zalining kiyim almashtirish xonalarida kuzatuv kameralari o‘rnatilgani aniqlangandi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing