O‘quvchilarni bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish tartibida o‘zgarishlar yuz beradi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Xalq ta’limi tizimida davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan o‘quvchilarni sinfdan sinfga va bir umumiy o‘rta ta’lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.

Maktab o‘quvchilarini sinfdan sinfga va bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish masalalari umumiy o‘rta ta’limning majburiyligi hamda O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi shaxslarning ta’lim olish tilini erkin tanlash huquqini inobatga olgan holda amalga oshiriladi.

O‘quvchilarni sinfdan sinfga va bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish bepul amalga oshiriladi.

O‘quvchini sinfdan sinfga o‘tkazish

O‘quvchining ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z xohishiga ko‘ra o‘quv yili davomida yoki u tugaganidan so‘ng farzandini sinfdan sinfga o‘tkazish huquqiga ega.

Ota-onalar farzandini sinfdan sinfga o‘tkazish uchun uning sabablarini ko‘rsatgan holda maktab direktori nomiga ariza bilan murojaat qiladi.

Maktab direktori arizani qabul qilib olgan kundan boshlab bir ish kuni ichida ko‘rib chiqadi va o‘quvchini sinfdan sinfga o‘tkazish to‘g‘risida buyruq qabul qiladi.

Sinfdagi o‘quvchilar soni belgilangan me’yordan ortiq bo‘lgan taqdirda, maktab direktori o‘quvchini sinfdan sinfga o‘tkazishni rad qilishi mumkin.

Sinfdan sinfga o‘tkazish rad etilganligi haqida maktab direktori tomonidan uch kun ichida ota-onalarga yozma ravishda ma’lum qilinadi.

Maktab direktorining o‘quvchini sinfdan sinfga o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i qabul qilingach, uch kun ichida sinf jurnali va o‘quvchilar harakati daftariga tegishli yozuv kiritiladi.

O‘quvchini bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish

Ota-onalar o‘z xohishiga ko‘ra o‘quv yili davomida yoki u tugaganidan so‘ng farzandini bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish huquqiga ega.

Ota-onalar farzandini bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish uchun uning sabablarini ko‘rsatgan holda o‘quvchi ta’lim olayotgan maktab direktori nomiga ariza bilan murojaat qiladi.

Ariza maktab direktori tomonidan bir ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi va o‘qishni davom ettirish uchun tanlangan maktabga taqdim etish uchun muvofiq shaklda maktabdan ketish taloni beriladi.

Ota-onalar farzandi o‘qishni davom ettirishi uchun tanlangan maktab direktoriga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qiladi. Arizaga maktabdan ketish taloni ilova qilinadi.

O‘qishni davom ettirish uchun tanlangan maktab direktori ariza va maktabdan ketish talonini qabul qilib olgach, shu kunning o‘zida ota-onalarga o‘quvchi ta’lim olayotgan maktabga taqdim etish uchun muvofiq shaklda maktabga kelish talonini beradi.

O‘quvchi ta’lim olayotgan maktab direktori maktabga kelish talonini qabul qilib olgach, shu kunning o‘zida o‘quvchini maktab o‘quvchilari safidan chiqarish to‘g‘risida buyruq qabul qiladi. Maktab direktori mazkur buyruq bilan ota-onalarni tanishtirganligi to‘g‘risida imzo qo‘ydirib, ularga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi va hujjatlar berilganligi to‘g‘risida tilxat oladi:

o‘quvchining maktab o‘quvchilari safidan chiqarilganligi to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirma;

o‘quvchining baholar (o‘zlashtirish) tabeli;

o‘quvchining tibbiy kartasi.

Ota-onalarning hujjatlarni olganligi haqidagi tilxati, kelish taloni va o‘qishni davom ettirish uchun tanlangan maktab direktorining o‘quvchining o‘qishga qabul qilinganligi to‘g‘risidagi buyrug‘idan ko‘chirma o‘quvchining maktabda saqlanadigan shaxsiy hujjatlar yig‘majildiga tikib qo‘yiladi.

O‘qishni davom ettirish uchun tanlangan maktab direktori boshqa maktabdan o‘tkazilayotgan o‘quvchining o‘quv jarayonlaridan chetda qolib ketmasligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishi shart.

O‘qishni davom ettirish uchun tanlangan maktab direktori belgilangan hujjatlarni qabul qilib olgach, shu kunning o‘zida o‘quvchini maktab o‘quvchilari safiga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqaradi.

Maktab direktori mazkur buyruqdan ko‘chirmani bir ish kuni ichida o‘quvchi ilgari ta’lim olgan maktabga ma’lumot uchun yuboradi.

O‘quvchini o‘quvchilar safidan chiqarish to‘g‘risida yoki maktab o‘quvchilari safiga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqarilgach, uch kun muddatda sinf jurnali va o‘quvchilar harakati daftariga tegishli yozuv kiritiladi.

O‘qishni davom ettirish uchun tanlangan maktabga o‘tkazilgan o‘quvchi o‘n kun ichida sababsiz yoki maktab rahbariyati va sinf rahbarini xabardor qilmasdan dars mashg‘ulotlariga kelmasa, maktab direktori bu haqda ota-onalarni, o‘quvchining yashash joyidagi tuman (shahar) hokimligi huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyani hamda o‘quvchi ilgari ta’lim olgan maktab direktorini yozma ravishda ogohlantiradi va bir vaqtning o‘zida o‘quvchining darslarga kelmaganligi sabablarini aniqlash va uni dars mashg‘ulotlariga jalb etish choralarini ko‘radi.

O‘quvchilar safidan chiqarilgan akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining o‘quvchilari tuman (shahar) hokimligi huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyaning qarori bilan maktabning 10-11 sinflariga o‘tkaziladi.

O‘quvchini xorijiy davlatdagi ta’lim muassasasiga o‘tkazish

Ota-onalar o‘qish, ishlash, uzoq muddatli davolanish yoki boshqa maqsadlarda doimiy yoki vaqtincha yashash uchun xorijiy davlatga ketayotgan bo‘lsa, farzandini doimiy yoki vaqtincha yashash uchun ketayotgan davlatdagi ta’lim muassasasiga o‘tkazish huquqiga ega.

Ota-onalar farzandini xorijiy davlatdagi ta’lim muassasasiga o‘tkazish uchun uning sabablarini ko‘rsatgan holda maktab direktori nomiga ariza bilan murojaat etadi. Arizaga tuman (shahar) hokimligi huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyaning voyaga yetmaganni maktab o‘quvchilari safidan chiqarish uchun roziligi aks etgan qaroridan ko‘chirma ilova qilinadi.

Ariza maktab direktori tomonidan bir ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, o‘quvchini maktab o‘quvchilari safidan chiqarish to‘g‘risida buyruq qabul qilinadi. Maktab direktori mazkur buyruq bilan ota-onalarni tanishtirganligi to‘g‘risida imzo qo‘ydirib, ularga belgilangan hujjatlarni taqdim etadi va hujjatlarni olganligi to‘g‘risida tilxat oladi.

Ota-onalarning hujjatlarni olganligi haqidagi tilxati o‘quvchining maktabda saqlanadigan shaxsiy hujjatlar yig‘majildiga tikib qo‘yiladi.

O‘quvchilar safidan chiqarish to‘g‘risidagi buyruq qabul qilingach, uch kun ichida sinf jurnali va o‘quvchilar harakati daftariga tegishli yozuv kiritiladi.

Maktab direktori tomonidan xorijiy davlatdagi ta’lim muassasasiga o‘tkazilayotganligi sababli o‘quvchilar safidan chiqarilgan voyaga yetmaganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi hamda har o‘quv yili choraklari oxirida tegishli tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limiga, tuman (shahar) ichki ishlar bo‘limiga (boshqarmasiga) va tuman (shahar) hokimligi huzuridagi voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyasiga taqdim etiladi.

Xorijiy davlatda ta’lim olgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosini O‘zbekiston Respublikasidagi maktabga o‘tkazish

Ota-onalar xorijiy davlatda ta’lim olgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan farzandini O‘zbekiston Respublikasidagi maktabga o‘tkazish huquqiga ega.

Xorijiy davlatda ta’lim olgan bolani O‘zbekiston Respublikasidagi maktabga o‘tkazish uchun ota-onalar tomonidan maktab direktoriga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

ota-ona tomonidan maktab direktor nomiga ariza;

bolaning xorijiy davlatda ta’lim olganligi haqidagi hujjatning (hujjatlarning) asli va notarial tasdiqlangan tarjimasi;

bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi;

bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma;

bolaning 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 4 dona rangli fotosurati;

Maktab direktori taqdim etilgan hujjatlarni bir ish kuni ichida ko‘rib chiqadi va bolani maktab o‘quvchilari safiga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqaradi.

Maktab direktori bolaning xorijiy davlatda o‘qigan ta’lim dasturi maktabning o‘quv dasturlariga mos kelish-kelmasligini aniqlaydi hamda fanlar bo‘yicha aniqlangan farqlarni joriy yoki navbatdagi o‘quv yilida bartaraf etish choralarini ko‘radi.

Bolaning xorijiy davlatda ta’lim olganligi haqidagi hujjat mavjud bo‘lmaganda, maktab direktori bolani uning yoshi va bilim darajasiga mos sinfga qabul qilishi lozim.

Bolani maktab o‘quvchilari safiga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqarilgach, uch kun muddatda sinf jurnali va o‘quvchilar harakati daftariga tegishli yozuv kiritiladi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing