Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi va Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi tashkil etiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarining faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Baxt shahridagi o‘g‘il bolalar maxsus kolleji, Qo‘qon shahridagi maxsus yengil sanoat kolleji, Samarqand shahridagi 64-sonli o‘g‘il bolalar maktab-internati va Chinoz tumanidagi 5-sonli qiz bolalar maktab-internatini tugatish va ularning negizida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzurida Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi hamda Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.

Belgilanishicha:

a) Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga quyidagilar:

ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan, lekin jinoiy javobgarlikka tortish mumkin bo‘lgan yoshga to‘lmagan yoxud ruhiy kasallik bilan bog‘liq bo‘lmagan holda rivojlanishda o‘z yoshiga nisbatan ancha orqada qolishi oqibatida sodir etgan qilmishining ahamiyatini to‘liq anglab yetishga qodir bo‘lmagan voyaga yetmaganlar;

aybliligi to‘g‘risidagi masala hal qilinmay turib jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan, materiallar voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyaga ko‘rib chiqish uchun topshirilgan voyaga yetmaganlar;

Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga joylashtirish tariqasidagi majburlov chorasi qo‘llanilgan holda jinoiy jazodan ozod qilingan voyaga yetmaganlar;

yakka tartibdagi profilaktika ishi olib borilayotganligi, ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarining xulosasi asosida vasiy va homiy tayinlangan, joylashtirishning boshqa shakllari qo‘llanilgan, biroq huquqbuzarliklar yoki boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir qilishni davom ettirgan voyaga yetmaganlar sud qarori asosida joylashtiriladi;

b) jinoyat sodir etmagan, qarovsiz va nazoratsiz qolgan voyaga yetmaganlar ularning xulq-atvori, psixologik portreti, yoshi, iqtidori, qobiliyati, qiziqishlari va boshqa omillarni inobatga olgan holda tuman (shahar) hokimi qarori asosida ilovadagi vazirlik va idoralar tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan umumta’lim yoki o‘rta maxsus muassasalariga joylashtiriladi;

v) 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarining rahbar xodimlari va tarbiyachilariga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda to‘lanadigan ustama haqi lavozim maoshining 100 foizi miqdorida to‘lanadi.

2019 yil 1 maydan e’tiboran alohida sharoitlarda ta’minlash, tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmaganlarni Respublika o‘quv-tarbiya muassasalari yoki Ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtirishning quyidagi yangi tartibi joriy etilishi mumkin:

Markaz voyaga yetmaganni eng ko‘pi bilan qirq besh kun muddatda o‘z ota-onasi va ota-onasining o‘rnini bosuvchi shaxslarga qaytaradi yoki voyaga yetmaganni yashash uchun zarur sharoitlar yo‘qligi yoki boshqa sabablarga ko‘ra yashash joyiga qaytish imkoni bo‘lmagan taqdirda, unga vasiy va homiy tayinlash, joylashtirishning boshqa shakllarini qo‘llash masalasini hal etgan holda Ixtisoslashtirilgan muassasalarga yoki istisno tariqasida Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga yuborish haqida voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyaga xulosa taqdim etadi;

voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyaning qarori asosida voyaga yetmaganni Ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtirish to‘g‘risida hokim qarori, Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga joylashtirish to‘g‘risida sud qarori qabul qilinadi.

Belgilanishicha, tasarrufida ixtisoslashtirilgan muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar:

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar tavsiyasi bo‘yicha qabul qilingan hokim qaroriga asosan yuborilayotgan voyaga yetmaganlarni Ixtisoslashtirilgan muassasalarga istisno tariqasida test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz qabul qiladi;

har bir voyaga yetmaganlar uchun alohida murabbiy biriktirish va uning ta’lim-tarbiyasini doimiy ravishda nazorat qilish, Ixtisoslashtirilgan muassasalarni bitirgandan keyin uni ish bilan ta’minlash hamda o‘z tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalariga kirishiga ko‘maklashadi.

Tuman (shahar) hokimlari voyaga yetmaganlarni Respublika o‘quv-tarbiya muassasasiga joylashtirish to‘g‘risida sudga yuborilgan iltimosnomalarning asosliligiga shaxsan javobgarligi belgilab qo‘yiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi voyaga yetmaganlarni vazirlik va idoralar tasarrufidagi umumta’lim yoki o‘rta-maxsus ixtisoslashtirilgan muassasalariga hamda Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga joylashtirish hamda ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan tartibni tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi:

a) 2019 yilning 1 avgustiga qadar:

Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarining o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqadi, ularga joylashtirilayotgan bolalarning ehtiyojlari va muammolari turidan kelib chiqqan holda individual reabilitatsion dasturlarni (hayotiy ko‘nikmalarga o‘rgatish, giyohvandlik va alkogol vositalarga qaramlikdan davolash, ruhiy jarohat asoratlari bilan ishlash va boshqa dasturlar) ishlab chiqadi hamda to‘garaklar faoliyatini kengaytirish choralarini ko‘radi;

Respublika o‘quv-tarbiya muassasalari shtatlar jadvallarini tasdiqlaydi, bunda tugatilayotgan ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari shtatlari hisobiga yangi tashkil etilayotgan Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarida har 20 nafar tarbiyalanuvchiga bir nafar psixolog va ijtimoiy xodim, shuningdek bir nafar shifokor-ginekolog shtat birliklarini ajratadi;

Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarini keng dunyoqarash va yuqori malakaga ega o‘qituvchilar, tarbiyachilar va psixologlardan iborat tarkibda qayta shakllantiradi;

Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarini zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik va badiiy adabiyotlar, davriy jurnallar bilan ta’minlash, axborot-resurs markazlari fondlarini yangilash choralarini ko‘radi;

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda davlat organlarining “Ishonch telefonlari” orqali tarbiyalanuvchilarga yordam ko‘rsatish tizimini yaratadi, shuningdek, Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarida zarur aloqa vositalari bilan jihozlangan alohida xonalarni ajratadi, “Ishonch telefonlari” uzluksiz ishlashini hamda ulardan tarbiyalanuvchilarning erkin foydalanishini, Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarini “ZiyoNET” ta’lim tarmog‘iga ulanishini ta’minlaydi;

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarining hududlari va xonalarini O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan videokuzatuv kameralari bilan jihozlanishini, ularning texnik sozligi va uzluksiz ishlashini, shuningdek videoyozuvlar maxsus arxivda kamida bir yil davomida saqlanishini ta’minlaydi;

b) voyaga yetmaganlar duch keladigan muammolarni muhokama qilish, ularning yechimini topish va tarbiyalanuvchilarning huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan “case-study” (vaziyatni tahlil qilish usuli), guruhlarda ishlash, bahs-munozaralar, situatsion o‘yinlar, aqliy hujum kabi ilg‘or interaktiv o‘qitish usullarini o‘quv-tarbiya jarayoniga keng joriy etilishini ta’minlaydi;

tarbiyalanuvchilarda mehnat ko‘nikmalari va mustaqil ijodiy fikrlash qobiliyatlarini shakllantirish, ularni kasbga yo‘naltirish va bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish maqsadida voyaga yetmaganning Respublika o‘quv-tarbiya muassasasida bo‘lgan davr mobaynida har haftada 1 kun 6 soatdan kasbga o‘rgatish bo‘yicha amaliy mehnat mashg‘ulotlari o‘tkazilishini ta’minlaydi;

taniqli fan, madaniyat, san’at va adabiyot, din arboblari, turli sohalarning ilg‘or mutaxassislari ishtirokida har uch oyda kamida bir marotaba tarbiyalanuvchilarda yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirish va mustahkamlash, ularni halollik va axloq-odob ruhida tarbiyalashga qaratilgan uchrashuv va davra suhbatlar tashkil etadi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing