Kuzatuv kengashi faoliyati haqida 10 ta muhim fakt

Xalq taʼlimi vazirining 2018 yil 26 dekabrdagi “Umumiy oʻrta taʼlim muassasasining kuzatuv kengashi haqidagi namunaviy nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 16-mh-son buyrugʻi (Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019 yil 11 yanvarda 3118-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan) asosida Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida Kuzatuv kengashi faoliyati tashkil etildi.

Kuzatuv kengashlari faoliyatini tashkil etishdan maqsad, taʼlim jarayonining shaffofligini taʼminlash, jamoatchilik taʼsirini kuchaytirish, oʻquvchilarning sifatli taʼlim olishlari, ularga tegishli shart-sharoitlar yaratish hamda taʼlim-tarbiya jarayonlarini qoʻllab-quvvatlashdir.

Kuzatuv kengashi tizimda yangi tushuncha boʻlgani tufayli ular faoliyati haqida 10 ta eng muhim faktlarni keltirib oʻtamiz.

1. Kengash yuridik shaxs hisoblanmaydi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaydi.

2. Kengash maqsadi – taʼlim jarayoni va moliyaviy-xoʻjalik faoliyatining shaffofligini taʼminlash, jamoatchilik taʼsirini kuchaytirish, oʻquvchilarning sifatli taʼlim olishlari, ularga tegishli shart-sharoitlar yaratish hamda taʼlim-tarbiya jarayonlarini qoʻllab-quvvatlash.

3. Kengash 7 nafardan kam boʻlmagan toq sondan iborat tarkibda tuziladi. Kengash tarkibiga oʻquvchilarning ota-onalari orasidan kamida 1 nafar, sobiq bitiruvchilar orasidan 2 nafar va nafaqadagi sobiq pedagoglar orasidan 1 nafar hamda homiylar orasidan 2 nafar aʼzo kiritiladi. Kengash tarkibi 3 yil muddatga saylanadi.

4. Maktab direktori yoki uning oʻrinbosarlari, shuningdek, ularning yaqin qarindoshlari Kengash aʼzolari sifatida saylanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

5. Kengash faoliyatiga tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimi aralashmaydi va unga hisobdor emas.

6. Kuzatuv kengashi umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori lavozimiga nomzod tanlashda (saylash) ishtirok etadi.

Kengash maktabda ijtimoiy-maʼnaviy muhitning buzilishi, taʼlim sifatining pasayib ketishi, tizimli muammolarning kelib chiqishi, pedagoglar bilan maʼmuriyat oʻrtasida yoki ota-onalar va maʼmuriyat oʻrtasida nizoli holatlar kelib chiqqan taqdirda, maktab direktorini lavozimidan ozod etish boʻyicha hududiy boshqarmalarga taklif kiritadi.

7. Kengash maktabning moliyaviy xoʻjalik faoliyatining ochiqligi, shaffofligini nazorat qiladi.

Maktabning moliyaviy faoliyatida noqonuniy xatti-harakatlar, maqsadsiz mablagʻlarning sarflanishi yoki noqonuniy oʻzlashtirish, noqonuniy pul yigʻimlari kabi holatlar aniqlangan taqdirda Xalq taʼlimi vazirligining Audit xizmati va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarni xabardor qiladi.

8. Kengash taʼlim muassasasi direktori

va direktor oʻrinbosarlarining boshqaruv faoliyati, taʼlim-tarbiya jarayonini sifatli tashkil etilishi hamda oʻquvchilar, ularning ota-onalaridan noqonuniy pul yigʻimlari undirilmasligi boʻyicha jamoatchilik nazoratini oʻrnatadi.

Taʼlim muassasasida oʻquvchilar va ularning ota-onalaridan turli xil sabablar bilan Kengash aʼzolari, taʼlim muassasasi rahbari va boshqa xodimlari tomonidan pul mablagʻlarini yigʻish qatʼiyan taqiqlanadi.

9. Kengash faoliyatiga taʼlim muassasasi rahbari, hududiy boshqarmalar, mahalliy hokimliklar va boshqa tashkilotlar aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi.

10. Kengash raisi, kotibi va aʼzolari jamoatchilik asosida amalga oshiradigan Kengashdagi faoliyati yuzasidan intizomiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

Farzandingiz taʼlim olayotgan maktabda Kuzatuv kengashi faoliyati yoʻlga qoʻyilganmi?

Xalq taʼlimi vazirligi
Axborot xizmati

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing