Muqobil darsliklar qachondan boshlab sinovdan o‘tkazilishi ma’lum bo‘ldi

Vazirlar Mahkamasining “Umumta’lim maktablari uchun muqobil darsliklarni yaratish va ulardan foydalanish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish mexanizmini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan umumta’lim maktablari uchun muqobil darsliklarni yaratish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi:

umumta’lim maktablari uchun yaratiladigan muqobil darsliklarni tayanch maktablarda 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab tajriba-sinovdan o‘tkazadi;

tajriba-sinov natijalaridan olingan xulosalar asosida muqobil darsliklardan foydalanishni bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish choralarini ko‘radi.

Umumta’lim maktablari uchun muqobil darsliklarni yaratish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, muqobil darsliklarni yaratishga qo‘yiladigan talablar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi keyingi o‘quv yillarida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quvchilari hamda o‘qituvchilari foydalanishlari uchun tavsiya etiladigan darsliklar hamda o‘quv-metodik qo‘llanmalarning ro‘yxatini va yaratilishi lozim bo‘lgan muqobil darsliklar hamda o‘quv-metodik qo‘llanmalarga qo‘yiladigan talablarni ommaviy axborot vositalari va vazirlikning Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-saytida muqobil darsliklarni yaratishdan bir yil oldin e’lon qiladi.

E’londa tayyor original maketlarni topshirish va ularga qo‘yiladigan talablarning amal qilish muddatlari ko‘rsatiladi.

Mazkur e’londa ko‘rsatilgan talablar bo‘yicha va muddatlarda muqobil darsliklar hamda o‘quv-metodik qo‘llanmalarning original maketlarini yaratish istagini bildirgan ijodiy jamoalar ishtirok etish taklifini Ishchi organga rasmiy xat bilan taqdim etadi va belgilangan muddatlarda original maketlarni tayyorlaydi.

Yaratilgan (ishlab chiqilgan, tuzilgan) muqobil darsliklar hamda o‘quv-metodik qo‘llanmalar original maket holatida Ishchi organga ko‘rib chiqish uchun belgilangan tartib va muddatlarda rasman taqdim etiladi.

Ishchi organ taqdim etilgan original maketlarni qabul qiladi va rasmiylashtiradi.

Ishchi organ qabul qilib olingan original maketlarni qabul qilingan kunning o‘zida vazirlik huzurida vazirning buyrug‘i bilan tashkil etiladigan ekspertlar guruhiga taqdim etadi.

Ekspertlar guruhi taqdim etilgan original maketlarning chop etilgan varianti hamda elektron nusxalarini vazirlik tomonidan tasdiqlanadigan baholash mezoni asosida ular qabul qilingan kundan boshlab ikki oy muddatda ekspertizadan o‘tkazadi hamda tegishli xulosalarni Ishchi organga taqdim etadi.

Ishchi organ o‘tkazilgan ekspertiza natijalariga asosan eng yuqori baholangan muqobil darsliklarning (majmualarning) original maketlarini tajriba-sinovdan o‘tkazishga rozilik olish maqsadida Muvofiqlashtiruvchi kengashga ekspertiza yakunlangandan so‘ng 1 hafta muddat ichida taqdim etadi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing