Xalq taʼlimi tizimida ishlashni xohlagan mutaxassislar uchun sogʻlom raqobat muhiti yaratildi

Xabaringiz bor, Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tizimdagi barcha jarayonlarda shaffoflik va oshkoralikni taʼminlashga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Bu jarayon ayniqsa, mavjud boʻsh ish oʻrinlarini tajribali mutaxassis kadr va oʻqituvchilar bilan muntazam toʻldirib borish, yosh mutaxassislarga yanada keng imkoniyatlar yaratish borasidagi oʻziga xos yangicha yondashuvlarda ham oʻz isbotini topmoqda. Xususan, 2018 yil 18 dekabrdan bugungi kunga qadar tajriba-sinov tarzida fuqarolarning tizimdagi boʻsh ish oʻrinlari haqidagi maʼlumotlar bilan tanishishlari hamda murojaat qilishlari uchun ish.uzedu.uz sayti ishga tushirilgan edi. Unda dastlabki bosqichda Xalq taʼlimi vazirligining respublika tashkilotlari, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi, uning tuman xalq taʼlimi boʻlimlari va umumtaʼlim maktablaridagi vakant ish oʻrinlari joy olgan edi.

Bugungi kunda ish.uzedu.uz sayti orqali belgilangan maqsad va vazifalarga toʻliq erishilganligi sababli ushbu saytni respublikamizning barcha hududlarida joriy etish rejalashtirildi. Bunda fuqarolar Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi boʻsh ish oʻrinlari bilan tanishib, maqbul ish joylarini tanlagach, oʻzlari haqidagi maʼlumotnomalarni joylashtirish imkoniyatiga ega boʻladi.

Joriy yilning 2 aprel kuni Xalq taʼlimi vazirligining Xodimlar bilan ishlash boshqarmasi tomonidan “ish.uzedu.uz saytiga maʼlumotlarni kiritish va undan foydalanish” mavzusida oʻquv-seminari tashkil etildi. Seminarda vazirlik huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi xodimlari hamda barcha hududiy xalq taʼlimi boshqarmalarining kadrlar boʻyicha mutaxassislari ishtirok etdi.

Seminarda vazirlikning Xodimlar bilan ishlash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari J.Jumayev oʻz soʻzida joriy yilning 5 aprelidan ish.uzedu.uz sayti orqali respublikamizning barcha hududlari boʻyicha Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi mavjud boʻsh ish oʻrinlari ochiq eʼlon qilib borilishini taʼkidladi. Bu orqali boʻsh ish oʻrinlariga nomzodlarning Maʼlumotlar bazasi yaratilib, eng yaxshi nomzodlarni tanlab olish imkoniyati kengayadi. Binobarin, boʻsh ish oʻrinlari haqidagi maʼlumotlarning jamoatchilikka ochiq eʼlon qilinishi nomzodlar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini yaratib, ish beruvchilarga eng munosib mutaxassisni tanlash imkonini yuzaga keltiradi.

Xalq taʼlimi tizimida faoliyat olib borishni xohlagan tegishli mutaxassislikka ega fuqaro ish.uzedu.uz sayti orqali boʻsh ish oʻrinlari bilan tanishib, oʻz maʼlumotnomalarini taqdim qilishlarini tavsiya qilamiz.

Xalq taʼlimi vazirligi
Axborot xizmati

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing