Maktablarda elektron shahodatnoma tizimi joriy etiladi

Ta’lim tizimida qulaylik yaratish, kadrlar haqida ma’lumot olishning oson va tezkor mexanizmini yaratish maqsadida maktab bitiruvchilariga elektron shahodatnoma berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Xalq ta’limi sohasida AKTni rivojlantirish markazi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, loyiha an’anaviy qog‘oz shahodatnoma bilan bir qatorda uning elektron variantini ham joriy etishni ko‘zda tutadi. Ya’ni shahodatnoma qog‘ozining orqa qismiga maxsus QR-kod qayd etiladi. Bu kodni skaner qilish orqali bitiruvchi haqida umumiy bazadan ma’lumot olish mumkin bo‘ladi.

«Tizim onlayn rejimda veb texnologiya asosida ishlaydi hamda himoyalangan soket orqali ma’lumot almashiniladi. Maktab direktorlari login, parol orqali tizimga kirib, bitiruvchilar haqidagi ma’lumot va baholarni, shahodatnoma turini kiritadi. Har bir maktab doirasida bitiruvchilar bazasi shakllantiriladi. Shahodatnoma elektron imzo bilan tasdiqlanadi», —  deyiladi rasmiy bayonotda.

Mazkur mexanizmning ishga tushishi shahodatnoma raqamlari asosida bitiruvchilar haqida ma’lumotlarni idoralararo tarmoq orqali almashish imkoniyatini beradi. Shuningdek, onlayn hujjatlar almashinuvini ham osonlashtiradi.

Mutaxassis Islom Yagudinning ma’lumot berishicha, attestat 6 xil turda bo‘lishi kutilmoqda. 9 sinf bitiruvchilari uchun ikki xil: a’lo daraja va oddiy daraja. 11 sinf bitiruvchilari uchun esa 4 xil, ya’ni oltin, kumush medallari,oddiy, maxsus turlardan iborat bo‘ladi. Xalqaro universitetlarda ta’lim olishda ham qulaylik yaratish uchun mazkur hujjatdagi ma’lumotlar 3 xil tilda kiritiladi.

Mazkur loyiha hozirda barcha maktablarda sinov tariqasida ishlay boshlamoqda, keyingi yildan loyihaning kamchiliklari to‘ldirilib, takomillashtirilgan holda amaliyotga to‘laligicha tatbiq etiladi.

print

image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing