O‘zbekistonda o‘quvchilar yangi o‘quv yilidan QR kodli darsliklardan foydalanadi

Joriy yilning sentabr oyidan, ya’ni yangi o‘quv yilidan boshlab umumiy maktablarning 8-sinf o‘quvchilariga geografiya fani innovatsion darslik yordamida o‘tiladi, bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi Matbuot xizmati xabar qiladi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Darslik O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi xodimi Jahongir Musayev tomonidan yaratilgan bo‘lib, kitob sahifalarida o‘rin olgan QR kodlar orqali turli qiziqarli (xarita, diagramma, infografika, audio, video, matn ko‘rinishidagi) ma’lumotlar bilan tanishish mumkin.

Avval darsliklardagi illyustratsiyalar asosan foto-rasmlardan iborat bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ular o‘rnini turli diagrammalar, xarita-chizmalar egalladi. So‘nggi 2 yil ichida esa darsliklarga infografikalarni joylashtirish boshlandi. Albatta, bu kabi o‘zgarishlar darslikning o‘qimishliligini oshiradi, darslik sahifalarining ixchamlashishiga olib keladi va eng muhimi, o‘quvchida fanga qiziqishni orttiradi. Ayni paytda axborot-texnologiyalar ildam rivojlanishi, QR-kod belgilarning kashf etilishi bosma nashrlarga elektron resurslarni bog‘lash imkoniyatini yaratadi.

Hozirda yuqori sinf o‘quvchilari uchun darsliklar nashr etish davriyligi 5 yilda bir marotabaga o‘tganligi, qo‘shimcha adabiyotlarni chop etish uchun mablag‘larning tanqisligi, undan ham avval bu kitoblarni ko‘tarib yurish, topish kabi muammolarni hal qilish maqsadida hamda ta’lim tizimiga zamonaviy innovatsion axborot resurslarni kiritishni yo‘lga qo‘yish maqsadida 8-sinf geografiya darsligi (“O‘zbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy geografiyasi”)ga QR-kod belgisi joylashtirildi. Mazkur belgi darslikni tashkil etgan 60 ta mavzuga alohida o‘rnatilgan bo‘lib, shu mavzuga oid qo‘shimcha internet manbalaridan foydalanish imkonini berdi.

O‘z navbatida, internet resurslaridan foydalanishda havfsizlikni ta’minlash, turli saytlardan olingan havolalar, saytning yopilib qolishi yoki shu resurs sayt egasi tomonidan olib tashlanishining oldini olish maqsadida darslikning alohida internet sayti ishga tushirildi va internet resurslari shu saytga joylashtirildi. Mazkur jarayon darslikni nafaqat boyitdi, shu bilan birga keyingi chop etilgunicha o‘tadigan 5 yil davomida bo‘ladigan o‘zgarishlarni davriy ravishda internet resurslari hisobiga to‘ldirib borish imkoniyatini yaratdi.

Ma’lumot uchun, QR-kod — inglizcha “Quick Response” so‘zidan olingan bo‘lib, Quick – tez, Response – javob, ya’ni “tezkor javob” ma’nosini bildiradi. Bitta QR-kod o‘rtacha 7089 ta raqam, 4296 ta raqam harf, ikkilik sanoq sistemasiga 2953 bayt yoki 1817 ta iyerogliflarni o‘z ichiga olishi mumkin. Bir so‘z bilan aytganda QR-kod – bu maxsus tarzdagi kodlardan iborat bo‘lgan, qandaydir bir ma’lumot, kvadrat ko‘rinishdagi tasvirdir. Unda oddiy matn, audio yozuvlar, video roliklar, 3D formatdagi shakllar va boshqa shu kabi boshqa internet resurslari bo‘lishi mumkin. Hozirgi kunda kameraga ega zamonaviy telefonlar kvadrat ko‘rinishdagi tasvir ostida yashiringan ma’lumotlarni oson o‘qish imkoniyatini beradi. Buning uchun bor-yo‘g‘i telefon kamerasini QR-kodga yo‘naltirgan holda, maxsus ilova orqali kodni o‘qish lozim bo‘ladi.

Kelgusida boshqa darsliklarga ham QR-kod belgisini o‘rnatish va shu orqali internet resurslariga bog‘lash mumkin va ularni bitta saytda jamlash (masalan, xalq ta’limi vazirligining rasmiy veb-sayti uzedu.uz yoki portali http://eduportal.uz ga) doimiy to‘ldirib borilishi mumkin.

Mazkur loyihani amalga oshirilishi bosma darsliklarni internet resurslariga bog‘lash, o‘quvchilarni qo‘shimcha qiziqarli yangiliklardan matn, audio, video shakllarida xabardor qilib turish, bosma nashrlarga sarf bo‘layotgan mablag‘larni iqtisod qilish, ularni elektron resurslar bilan boyitish imkoniyatini yaratadi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing