10-11-sinf o‘quvchilariga kasb-hunar o‘rgatish takomillashtiriladi

Kasbiy ta’lim berishga ixtisoslashgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualarini dars jarayonida kerakli xom-ashyo materiallari bilan ta’minlash me’yorlari Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Mazkur me’yorlar vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Kasb-hunar ta’limi markazining qo‘shma qarori bilan tasdiqlandi.

Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu qo‘shma qarorda kasbiy ta’lim berishga ixtisoslashgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida tegishli kasb-hunarni o‘rganish uchun bir o‘quvchiga sarflanadigan xom-ashyo va materiallarning me’yorlari belgilandi. Mazkur me’yorlarga ko‘ra, 10-11-sinf o‘quvchilariga hududning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib o‘rgatilayotgan 38 ta kasblar 541 nomdagi xom-ashyo va materiallar bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilmoqda.

Joriy yilda respublika bo‘yicha 12 mlrd.so‘m mablag‘ning 9,9 mlrd.so‘mi kasb-hunar kollejlari bazasida tashkil etilgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualariga, 2,1 mlrd.so‘mi esa umumta’lim maktablari bazasida tashkil etilgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualariga ajratiladi.

Ma’lumot uchun:

• 2018-2019 o‘quv yilida jami 737 642 nafar 10-11-sinf o‘quvchilariga kasb-hunar o‘rgatish uchun 1 748 ta o‘quv-ishlab chiqarish majmualari tashkil etildi. Shundan 279 961 nafari 11-sinf, 457 681 nafari 10-sinf o‘quvchilaridir.
• 1059 ta kasb-hunar kollejlari bazasida tashkil etilgan o‘quv ishlab chiqarish majmualariga 8083 ta maktablarning 658 456 nafar o‘quvchilari (89,2 %);
• 689 ta umumta’lim maktablari bazasida tashkil etilgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualariga biriktirilgan 1399 ta maktablarning 79 641 nafar o‘quvchilari (11,8%) jalb etilgan.
• Hozirgi kunda o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida o‘quvchilarga 51 ta kasb o‘rgatilmoqda.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing