Saida Mirziyoyeva maktablarni prezident tashabbuslari ijrosi o‘zagi sifatida belgilash haqida gapirdi

20 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbus bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Toshkent viloyatining Bo‘ka tumaniga tashrif buyurdi.

«Prezidentimiz ilgari surgan tashabbuslar ijrosi avvalo maktablardan boshlanishi kerak deb hisoblayman, – deya tashrif xulosasini bildirgan Saida Mirziyoyeva. – Fikrimcha, ma’naviy va jismoniy jihatdan barkamol yangi avlodni shakllantirish uchun aynan maktablarni 5 ta tashabbus zamirida madaniyat, ma’rifat, sport va kompyuter texnologiyalari o‘chog‘i sifatida isloh qilsak, maqsadga muvofiq bo‘lar edi».

«Umumtata’lim maktablarda 5ta tashabbus asosida darsdan keyin har bitta fan yo‘nalishida o‘zlashtirish va bilimlarni mustahkamlovchi mashg‘ulotlar sonini oshirish, kasbga yo‘naltirilgan hamda fan to‘garaklarini joriy qilish, har bir o‘quvchining tashkillashtirilayotgan madaniy tadbirlarda ishtirokini ta’minlash, maktab, tuman, viloyat va shahar miqyosida kitobxonlik tanlovlarini tez-tez tashkil etish, maktab binosida turli sport mashg‘uloti va to‘garaklarini ochish, kompyuter savodxonligi kurslarini tashkil etish o‘quvchi-yoshlarning samarali va mazmunli ish bilan band bo‘lishlariga xizmat qiladi. Natijada, ular maktab davrida, olayotgan bilim va ko‘nikmalari asosida, keng tafakkurli, biror hunar egasi va sport ustalari bo‘lib yetishadi.

5 ta tashabbusning, eng avvalo, maktablarda joriy etilishi, respublikamizdagi 5 milliondan ortik bolalarning o‘z kelajaklarini ishonch bilan qurishlari va vatan ravnaqiga hissa qo‘sha oladigan yetuk inson bo‘lib yetishishlariga zamin bo‘ladi.

Shunday ekan, farzandlarimizning bilim maskanida dunyoqarashi keng, zehni o‘tkir, madaniyatli, vijdonli, vatanparvar, jismonan chiniqqan, kelajakda yurt ravnaqiga hissa qo‘shadigan, dunyodagi ilg‘or tengdoshlari bilan raqobatlasha oladigan inson bo‘lib yetishishlari uchun ham 5 ta tashabbusni amalga oshirishni, eng avvalo, maktablardan boshlash zarur», degan Saida Mirziyoyeva.

U shuningdek, bu borada jamoatchilikdan o‘z taklif va mulohazalarini berishini so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, Saida Mirziyoyeva Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasining chet ellarda ijobiy imijini shakllantirish – PR-markaz vazifasi ijrosi, shuningdek, agentlikning davlat organlari axborot xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish kabi vazifalar uchun mas’uldir.

Agentlik axborot sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi hamda ommaviy axborot vositalari, matbuot, noshirlik-matbaa va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing