Maktabgacha hamda umumta’lim muassasalari faoliyatini tekshirish ishlari tartibga solinadi

Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha hamda umumta’lim muassasalari faoliyatini tekshirish ishlarini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tekshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tekshirishning maqsadi maktabgacha ta’lim bo‘yicha yagona davlat siyosatini amalga oshirishda maktabgacha ta’lim muassasalarining roli va mas’uliyatini kuchaytirish, maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari rivojlanishiga qo‘yiladigan davlat talablariga muvofiq sifatli ta’lim-tarbiya berilishini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratish, maktabgacha ta’lim muassasalaridagi ijro intizomini mustahkamlash, pedagoglar va boshqa xodimlarning kasbiy faoliyatiga asossiz ravishda aralashuvga chek qo‘yish, nazorat qiluvchi va boshqa davlat organlari tomonidan ta’lim-tarbiya sifatiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni aniqlash va bartaraf etishdan iborat.

Quyidagilar maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tekshirishning vazifalari hisoblanadi:

maktabgacha ta’lim muassasalaridagi ta’lim-tarbiya jarayonining sifatini, pedagoglarning bilim darajasini va pedagogik mahoratini oshirishga ko‘maklashish;

qonun hujjatlari buzilishi holatlarini chuqur tahlil qilish va ularni sodir etish shart-sharoitlarini bartaraf qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar ijrosi o‘z vaqtida va sifatli ta’minlanishini tashkil etish;

maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatida kam samarali taftishlarni qisqartirish bilan bir vaqtda to‘laqonli tekshirishlar samaradorligini oshirish;

maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatidagi ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlash, ta’lim-tarbiya jarayoni ustidan samarali davlat nazoratini o‘rnatish;

maktabgacha ta’lim muassasalari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taminlash;

davlat organlari va tashkilotlarining maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyati bilan bog‘liq vazifalari, funksiyalari va vakolatlarini aniq belgilash va tartibga solish.

Maktabgacha ta’lim muassasalarida:

tarbiyalanuvchilarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash masalalari bo‘yicha tekshirish – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va uning voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi maxsus bo‘linmalari tomonidan;

yong‘in xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga amal qilinishini o‘rganish, yong‘inlarning oldini olish hamda ularni o‘chirishga qaratilgan huquqiy, tashkiliy va ilmiy-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalari bo‘yicha tekshirish – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan;

aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga hamda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga amal qilinishini o‘rganish, sanitariya-gigiyena tadbirlarini va epidemiyaga qarshi tadbirlarni amalga oshirish, pedagog xodimlar va tarbiyalanuvchilarning sanitariya madaniyati darajasini oshirish, davlat sanitariya nazoratini amalga oshirish masalalari bo‘yicha tekshirish – O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati respublika markazi va hududiy davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari tomonidan;

mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini o‘rganish, xodimning hayoti va sog‘lig‘i ustuvorligini ta’minlash, mehnatni muhofaza qilishga oid talablarga rioya etilishi ustidan nazorat va tekshiruvni amalga oshirish, xodimlarni ijtimoiy himoya qilish masalalari bo‘yicha tekshirish – O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda uning hududiy bandlikka ko‘maklashish va aholini ish bilan ta’minlash markazlari tomonidan;

aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini o‘rganish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish, favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish va zararini kamaytirish yuzasidan choralarni amalga oshirish, favqulodda vaziyatlar sharoitida harakat qilishga tayyor bo‘lishni tashkil etish, favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tadbirlari bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish masalalari bo‘yicha tekshirish – O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi va uning tegishli hududiy bo‘linmalari tomonidan;

yer, yer osti boyliklari, suv, daraxtlar va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish, atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat ekologik nazoratini o‘rnatish, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish ishlarini muvofiqlashtirish borasida yagona siyosatni amalga oshirish, chiqindilar bilan bog‘lik ishlarni amalga oshirish, pedagoglar va tarbiyalanuvchilarning ekologik madaniyatini oshirish masalalari bo‘yicha tekshirish – O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va uning tegishli hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing