Nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyati bo‘yicha jiddiy o‘zgarishlar yuz beradi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish, nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish bilan bog‘liq jarayonlarni aholi orasida keng targ‘ib qilish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullanadi.

Davlat inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda “UZINFOCOM davlat axborot xizmatlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan birgalikda nodavlat ta’lim tashkilotlari, ularning ta’lim oluvchilari, pedagoglari va ta’lim-tarbiya jarayoni to‘g‘risidagi ishonchli axborotni o‘z ichiga oladigan nodavlat ta’lim tashkilotlarining markazlashtirilgan ma’lumotlar bazasini yaratadi va amaliyotga joriy etadi.

Belgilab qo‘yilishicha:

a) 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab:

ta’lim bilan bog‘liq yo‘nalish bo‘yicha faoliyatga litsenziya berish uchun majburiy litsenziyaviy talab nodavlat ta’lim tashkiloti, uning ta’lim oluvchilari, pedagoglari va ta’lim-tarbiya jarayoni to‘g‘risidagi ishonchli axborotni ma’lumotlar bazasiga kiritishdir;

nodavlat ta’lim tashkiloti litsenziyasini to‘xtatish yoki bekor qilish uchun ma’lumotlar bazasida nodavlat ta’lim tashkiloti, uning ta’lim oluvchilari, pedagoglari va ta’lim-tarbiya jarayoni to‘g‘risidagi ishonchli axborotning yo‘qligi asos bo‘ladi;

kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim olganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi hujjatlar blanklari nodavlat ta’lim tashkilotlari bitiruvchilariga ma’lumotlar bazasiga kiritilgan axborot asosida beriladi;

kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim olganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi hujjatlar blanklarini rasmiylashtirib berganlik uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida yig‘im joriy etiladi;

kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim olganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi hujjatlar blanklarini rasmiylashtirib berganlik uchun undiriladigan yig‘imlardan tushadigan mablag‘ Davlat inspeksiyasining budjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi;

b) 2020 yil 1 yanvardan boshlab litsenziya asosida faoliyat ko‘rsatayotgan nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim olganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi hujjat faqat davlat talablari asosida ta’lim olgan bitiruvchilarga beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda asosiy lavozimlar va kasb-hunarlar bo‘yicha kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishga qo‘yiladigan davlat talablarini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing