Maktab ichki qoidalarini buzgan oʻquvchilarning ota-onalariga qonun doirasida chora koʻrildi

Xalq taʼlimi vazirligining Huquqiy-nazorat xizmati tomonidan Toshkent shahri, Uchtepa tumanidagi 4-sonli hamda 27-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktablarida yuzaga kelgan nizolar oʻrganib chiqildi va mazkur holatlarga qonun doirasida choralar koʻrildi.

Joriy yilning 3 aprelida mashgʻulot paytida 4-maktabning 10-“V” sinf oʻquvchilari I.T va M.Q oʻrtasida nizo kelib chiqqan. Oqibatda oʻquvchilar bir-birini haqorat qilib, maktab ichki tartib-qoidalarini buzishgan. Sinf rahbari M.I oʻquvchilarni tinchlantirishga uringan, ammo I.T va M.Q oʻqituvchiga qoʻpollik qilgan. Natijada sinf rahbari hushidan ketgan. Tez tibbiy yordam chaqirilib, oʻqituvchiga birinchi yordam koʻrsatilgan. Bu voqeadan soʻng oʻqituvchi bir necha kun ishga chiqmay, uyida davolangan.

Oʻquvchilar I.T va M.Qning oʻzaro janjali, sinf rahbariga nisbatan hurmatsizligiga nisbatan maktab direktori M.M tomonidan hech qanday chora koʻrilmagan. Hududiy profilaktika inspektori holat boʻyicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirgan, lekin vaziyat qonun doirasida hal etilmagan.

Vazirlikning Huquqiy-nazorat xizmati xodimlarining bevosita aralashuvidan soʻng ushbu holat yuzasidan qoʻshimcha hujjatlar rasmiylashtirilib, 4-maktabning 10-“V” sinf oʻquvchilari I.T va M.Qning ota-onalariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 47-moddasida koʻrsatilgan tartibda qonuniy chora koʻrish uchun Uchtepa tumani voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiyasiga yuborilishi taʼminlandi.

Joriy yilning 26 aprel kuni Uchtepa tuman hokimligi faollar zalida tuman voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha idoralararo komissiyasi aʼzolari ota-onalar ishtirokida kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazib, farzandi tarbiyasiga masʼuliyatsizlik bilan yondashganligi uchun oʻquvchi I.T ning onasi G.I Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 47-moddasiga asosan 101 365 soʻm miqdorda jarimaga tortildi. Oʻquvchi M.Q esa profilaktik hisobga olindi.

Bundan tashqari, 2019 yilning 15 aprel kuni fuqaro D.A 27-maktabga kelib, oʻgʻli M.A ga sinfdoshi U.Q tegajogʻlik qilayotgani uchun baland ovozda qoʻrqitib, nojoʻya xatti-harakatlar qilgan.

Vazirlikning Huquqiy-nazorat xizmati xodimlarining bevosita aralashuvi natijasida holat yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirilgan. Joriy yilning 18 aprelida M.Ulugʻbek tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga yuborilib, fuqaro D.A bilan profilaktik suhbat oʻtkazilib, ogohlantirilishi taʼminlandi.

Xalq taʼlimi vazirligi maktab direktorlarini oʻqituvchilar huquqini himoya qilish hamda oʻquvchilarni tartibga chaqirish boʻyicha chora koʻrishda sustkashlikka yoʻl qoʻymaslikka chaqiradi.

Xalq taʼlimi vazirligi
Axborot xizmati

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing