Uzoq muddat davolanishga muhtoj bolalarga ta’lim berish qanday tashkil etiladi?

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Davolash-profilaktika muassasalarida statsionar sharoitda uzoq muddat davolanishga muhtoj bolalarga umumiy o‘rta ta’lim berishni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Davolash-profilaktika muassasalarida statsionar sharoitda uzoq muddat davolanishga muhtoj bolalarga umumiy o‘rta ta’lim berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim  maktablari davlat ta’lim standartlari hamda ular asosida ishlab chiqilgan maxsus ta’lim (aqli zaif va ruhiy rivojlanishda orqada qolgan bolalar uchun) talablariga muvofiq har bir shaxsning ta’lim va tarbiya olishdagi konstitutsiyaviy huquqini ro‘yobga chiqarish, ularning umumiy o‘rta ta’lim olishini va bilish imkoniyatlariga muvofiq tarbiyalash maqsadida tashkil etiladi.

Davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ta’lim olish bepul amalga oshiriladi.

Davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim  maktablarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

o‘quvchilar tomonidan muntazam bilim olinishini ta’minlash, ularning bilim olish ehtiyojini qondirish;

o‘quvchilarda milliy hamda umumbashariy qadriyatlarni uyg‘unlashtirish asosida yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarni tarbiyalash, ularning ta’lim-tarbiya olishlari uchun shart-sharoit yaratib berish;

o‘quvchilarning umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari hamda ular asosida ishlab chiqilgan (aqli zaif va ruxiy rivojlanishda orqada qolgan bolalar uchun) maxsus ta’lim talablariga muvofiq bilim olishlarini ta’minlash;

ta’lim berish jarayonida o‘quvchilarning sog‘lig‘ini himoyalovchi dars jadvaliga rioya etilishini ta’minlash.

Davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablar tibbiy ko‘rsatmalarga ko‘ra, davolash-profilaktika muassasalarida statsionar sharoitda 30 kun va undan ortiq davr mobaynida davolanayotgan maktab yoshidagi bolalar uchun tashkil etiladi.

O‘quvchilar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari tegishliligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi va viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalarining buyrug‘i bilan davolash-profilaktika muassasalari yaqinidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablariga biriktiriladi va davolash-profilaktika muassasalari qoshida o‘rnatilgan tartibda umumiy o‘rta ta’lim maktablari tashkil etiladi.

Davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim  maktablari ixtisoslashuviga muvofiq quyidagi turlarga bo‘linadi:

I – sil kasalligi va uning shakllariga chalingan bolalar uchun davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari;

II – tayanch tizimi kasalliklari va ularning asoratlariga chalingan bolalar uchun davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari;

III – ruhiy asab kasalliklariga chalingan bolalar uchun davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari.

Davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida umumiy o‘rta ta’lim boshlang‘ich ta’lim (I — IV sinflar) hamda umumiy o‘rta ta’lim (I —XI sinflar) bosqichlaridan iborat bo‘lib, kunduzgi ta’lim shaklida amalga oshiriladi.

O‘quvchilarga davlat ta’lim standartlari va talablariga mos umumiy o‘rta ta’lim beriladi. Ta’lim-tarbiya jarayoni umumiy o‘rta ta’limning davlat standartiga muvofiq holda belgilanadi.

Maxsus ta’lim O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda, o‘quv rejalari va dasturlari asosida, maxsus korreksion tuzatish uslublaridan foydalanilgan holda olib boriladi.

O‘quvchini davolash-profilaktika muassasasiga davolash uchun qabul qilinganligi, uni davolash-profilaktika muassasasi qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabiga qabul qilish uchun asos hisoblanadi.

O‘quvchilarni davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablariga qabul qilish hamda ularga ta’lim berish belgilangan tartibda vaqtinchalik tashkil etiladi.

30 kun va undan ortiq davr mobaynida davolanadigan o‘quvchi yoshidagi bemorlar davolash-profilaktika muassasasi qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabiga qabul qilinayotganda o‘zi ta’lim olayotgan umumiy o‘rta ta’lim maktabining rahbariyati tomonidan imzolangan va muhr bilan tasdiqlangan yozma ma’lumotnoma taqdim qiladi.

O‘quvchi davolash-profilaktika muassasasiga qabul qilingandan boshlab bir kun muddatda yoshi va umumiy o‘rta ta’lim maktabi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotnomaga muvofiq sinfga biriktiriladi va davolanishga qadar ta’lim olgan umumiy o‘rta ta’lim maktabi rahbariyatiga davolash-profilaktika muassasasi qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabi mudiri tomonidan imzolangan va muxr bilan tasdiqlangan yozma ma’lumotnoma yuboriladi.

Davolash-profilaktika muassasasi qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabida sinflardagi o‘quvchilar soni 10-20 nafarni tashkil etadi. Sinfdagi o‘quvchilar soni yetarli bo‘lmagan hollarda, boshlang‘ich sinflarda o‘quvchilar (1-3-sinf, 2-4-sinf, 1-4-sinf) komplekt sinflarga birlashtiriladi, yuqori sinflarda o‘quvchi sonidan qat’iy nazar sinflar ochishga ruxsat etiladi.

Dars soatining davomiyligi 40 daqiqadan iborat bo‘ladi.

Davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quv rejasi umumiy o‘rta ta’lim maktablari tayanch o‘quv rejasi asosida ishlab chiqiladi va davolash-profilaktika muassasasi joylashgan tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi hamda davolash-profilaktika muassasasining yuqori turuvchi organi tomonidan tasdiqlanadi.

Jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilarga ta’lim berish umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quv dasturlari, psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilarga ta’lim berish esa aqli zaif bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari o‘quv dasturlari asosida tashkil etiladi.

O‘quvchilarni zarur darsliklar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar hamda sinf jurnallari bilan ta’minlash maqsadida davolash-profilaktika muassasasi hududiy joylashuviga ko‘ra tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limiga buyurtma beradi.

Buyurtmaga asosan tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi o‘quvchilarni bepul ravishda darsliklar, o‘quv-metodik qo‘llanmalar hamda sinf jurnallari bilan ta’minlaydi.

Og‘ir va avj oluvchi kasalliklarga chalingan, shuningdek og‘ir jarrohlik amaliyotini boshidan kechirgan o‘quvchi davolovchi shifokor tavsiyasiga ko‘ra, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar (keyingi o‘rinlarda ota-onalar deb ataladi) bilan kelishgan holda sog‘lig‘ini himoyalovchi rejimga o‘tkazilishi, ayrim fanlar bo‘yicha dars mashg‘ulotlaridan ozod etilishi yoki darslar soatlarining davomiyligi qisqartirilishi mumkin.

Davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida olib borilgan darslar o‘qituvchi tomonidan belgilangan tartibda yuritiladigan sinf jurnalida qayd etib boriladi.

O‘quvchi davolanib, davolash-profilaktika muassasasidan chiqarilayotganda, o‘quvchi ta’lim olgan umumiy o‘rta ta’lim o‘rta maktabiga taqdim etish uchun, uning ota-onasiga davolash-profilaktika muassasasi qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabi mudiri tomonidan imzolangan va tegishli biriktirilgan umumiy o‘rta ta’lim maktabi muhri bilan tasdiqlangan, sinf jurnalidan ko‘chirilgan baholar qaydnomasi (ma’lumotnomasi) beriladi.

Davolash-profilaktika muassasalari joylashgan hududdagi tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari davolash-profilaktika muassasalari qoshidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari faoliyati va ulardagi ta’lim jarayonini sifatli tashkil etilishiga bevosita mas’uldirlar.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing