Yangi o‘quv yilidan boshlab poytaxt maktablarida Kundalik tizimi ishga tushiriladi

Xalq ta’limi vazirligi hamda Kundalik kompaniyasi Toshkent maktablarida elektron jurnal va kundaliklarni sinovdan o‘tkazdi.

Joriy yilning aprel — may oylarida Xalq ta’limi vazirligining buyrug‘iga ko‘ra, Kundalik raqamli ta’lim platformasi poytaxtdagi 53 ta umumta’lim maktabida sinovdan o‘tkazildi.

Kundalik tizimi onlayn rejimda dars jadvallari, o‘qituvchilar dars rejalari, o‘quvchilarning darsdagi ishtiroki hamda o‘zlashtirishini elektron jurnal va kundaliklarga kiritib borish imkonini beradi. Shuningdek, ta’lim muassasasining statistik hisobotlarini ishlab chiqishni ham ta’minlaydi.

Loyihaning birinchi bosqichida qatnashgan maktablar sinf jurnallarini bir vaqtning o‘zida qog‘oz hamda Kundalik tizimida elektron shaklda yuritishdi.

Mazkur tizim orqali o‘quvchilar va ularning ota-onalari uy vazifalari hamda fanlardan qo‘yilgan baholar haqida istalgan vaqtda ma’lumot olish imkoniga ega bo‘lishadi. Ushbu ma’lumotlar himoyalangan ijtimoiy tarmoqlar orqali taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirligining Avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etish bo‘yicha mas’ul vakillari Arslon Rahmonqulov hamda Rustam Komilovning ta’kidlashicha, 2019 yilning 1 sentyabrigacha Toshkent shahridagi barcha umumta’lim maktabida elektron jurnal va kundaliklarni ta’lim tizimiga joriy etish bo‘yicha tashkiliy ishlar amalga oshiriladi. Yangi o‘quv yilidan boshlab Kundalik tizimi poytaxtdagi barcha maktabda ish boshlaydi.

Shuningdek, Kundalik tizimini o‘quv jarayoniga tatbiq qilish uchun o‘qituvchilarni tayyorlashga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Kundalik kompaniyasi tizimni sohaga joriy etishda o‘qituvchilar hamda maktab rahbarlariga amaliy yordam beradi.

Bundan tashqari, tizimni hayotga tatbiq qilishda yuzaga kelishi ehtimoli bo‘lgan savollarga o‘z vaqtida javob topish maqsadida loyihada qatnashayotgan maktab vakillari ishtirokida har haftada anjumanlar uyushtirib boriladi.

2018 yilning oktabr oyida Xalq ta’limi vazirligi hamda Kundalik kompaniyasi o‘zaro hamkorlikda umumta’lim maktablarida elektron jurnal va kundaliklarni yuritishni ko‘zda tutuvchi loyihani yo‘lga qo‘ygan.

Kompaniyaning mazkur tashabbusi xalq ta’limi sohasini axborotlashtirish bo‘yicha takliflarni saralash natijalariga ko‘ra vazirlik tomonidan tanlab olingan va ushbu mutasaddi tashkilot hamda Kundalik kompaniyasi o‘rtasidagi davlat-xususiy sheriklik doirasida hayotga tatbiq qilinmoqda.

Kundalik kompaniyasi mazkur loyihani hayotga tatbiq etish, qo‘llab-quvvatlash va tizimni ravnaq toptirish jarayonida yuzaga keladigan barcha xarajatni o‘z zimmasiga olgan.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing