Maktab formasi hozircha majburiy bo‘lmaydi. Forma yetkazib berish bo‘yicha ish boshlab qo‘ygan tadbirkorlar vazirlikka borishdi

7 iyun kuni Xalq ta’limi vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2019 yil 14 maydagi PF-5718-sonli Farmoni bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasiga murojaat etgan bir qator tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

«Uchrashuvda Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimlari va «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi vakillari hamda respublikamizning turli hududlaridan kelgan 30 nafardan ortiq tadbirkor ishtirok etdi.

Suhbat jarayonida tadbirkorlar tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi 666-son qarori yuzasidan ommaviy axborot vositalarida 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning majburiy yagona zamonaviy formasiga o‘tilishiga doir chiqishlar, ulardagi turli xil qarashlarga munosabat bildirish so‘raldi.

Xususan, yangi 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar uchun maktab formalarining ixtiyoriy deb ma’lum qilingani, shuningdek majburiy etib belgilanish muddati juda kechga surib yuborilishi haqidagi axborotlar tadbirkorlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar savdosini tashkil etishda salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani, sotilgan mahsulotlarni ota-onalar qaytarib kelayotgani ham uchrayotgani, shu bilan birga tadbirkorlarning aksariyati mazkur ishlab chiqarishni tashkil etish uchun banklardan kreditlar olgani sababli bunday holat oxir-oqibatda ularni bankrot holatiga olib kelishi mumkinligi aytib o‘tildi. Bu esa o‘z navbatida joylarda ishchi o‘rinlar kamayishiga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, tadbirkorlar qaror bilan tasdiqlangan forma fasonlari va ularni tikishda qo‘llanadigan matolar ota-onalar tomonidan ma’qullanayotganini bildirdi. Joylardagi uchrashuvlarda ota-onalarning aksariyati ushbu formani joriy etish taklifini ma’qullashayotgani, kimdadir uni sotib olishga moliyaviy qiyinchilik bo‘lsa, ularga imkon boricha tadbirkorlar yordam berishga harakat qilayotgani ta’kidlandi.

Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan shu kunga qadar tikilgan maktab formasi savdosini tashkil qilish jarayonida chin yetimlarga – bepul, kam ta’minlanganlarga – imtiyozli ravishda yetkazib berish bo‘yicha ham tashabbus ko‘rsatish bildirildi.

Xalq ta’limi vaziri o‘z navbatida Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi 666-son qarori o‘z kuchini yo‘qotmagani, shu bilan birga ko‘plab ota-onalar, ayniqsa ko‘p farzandli, ehtiyojmand oilalar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar hamda vazirlikka kelib tushayotgan e’tirozlarni inobatga olgan holda majburiy maktab formasiga o‘tish muddatini kechiktirish zaruriyati tug‘ilgani haqida tushuntirish berdi.

Uchrashuvda 2019-2020 o‘quv yilida umumta’lim maktablarida Vazirlar Mahkamasining 666-sonli qarorida belgilangan maktab formalaridan tashqari boshqa fasondagi formalarni markazlashgan holda xarid qilishga yo‘l qo‘yilmasligi hamda ota-onalarga joylarda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tomonidan belgilangan tadbirkorlar mahsulotlarini xarid qilish bo‘yicha barcha mutasaddi rahbarlarga ko‘rsatma berilishi ta’kidlandi», deyiladi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabarida.

2018/2019-o‘quv yilida yagona maktab formasini kiyish o‘quvchilar uchun ixtiyoriy edi. Yangi o‘quv yilidan boshlab esa maktabga yagona formada kelish majburiy bo‘lishi kutilayotgandi.

Vazirlar Mahkamasi 2018 yilning 15 avgustida yagona maktab formasi to‘g‘risidagi qarorni qabul qilgan edi.

Joriy yilning mayida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva yangi o‘quv yilidan maktab formasini majburiy qilmaslikni aytib, maktablarda boshqa kamchiliklar va muammolarga e’tibor qaratish kerakligini ta’kidlagandi.

Iyun oyida esa Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov maktab formasi 2019/2020-o‘quv yilida ham ixtiyoriy bo‘lishi, bu haqda hukumat qarori qabul qilinishi kutilayotganini aytib o‘tdi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing