O‘zbekistonda o‘qituvchilar imtiyozli mobil aloqadan foydalanishi mumkin bo‘ladi

UMS mobil operatori va O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi xalq ta’limi tizimi ishchilariga mobil aloqa xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlik Kelishuvini tuzdi. Bu haqda vazirlik xabarida aytiladi.

Foto: Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati

Kelishuvning maqsadi – xalq ta’limi xodimlari kasbiy vazifasini bajarishlari uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish hamda ularning zamonaviy pedagogik texnologiyalar, sifatli mobil aloqa va Internetdan foydalanishlarini yaxshilashdan iborat. Buning uchun kompaniya ikkita «O‘qituvchi» imtiyozli tarif rejalarini ishlab chiqdi.

«O‘qituvchi» tarif rejalariga ulanish ixtiyoriy ekani aytiladi. Tez kunlarda o‘qituvchi va muallimlar ushbu tariflarga ulanishi mumkin bo‘ladi. Buning uchun abonent pasporti asl nusxasi hamda u xalq ta’limi tizimida faoliyat olib borishini tasdiqlovchi hujjat (guvohnoma yoki buyruqdan ko‘chirma)ni taqdim etishi kerak.

– Mamlakatimiz rahbari tomonidan o‘qituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirishga katta e’tibor qaratib kelinmoqda. O‘z o‘rnida, Xalq ta’limi vazirligi o‘qituvchi-muallimlarni qo‘llab-quvvatlashda biznes vakillarini ishtirok etishini ma’qullaydi. Birlashgan holda o‘qituvchilarni jamiyat qanchalik qadrlashini hamda birgalashib ularning hayoti va faoliyatini yanada yaxshilashimiz mumkinligini ko‘rsatishimiz mumkin, – deya izoh berdi xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Sarvar Boboxo‘jayev.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing