O‘zbekistonda ayrim pedagoglarning maoshi oshiriladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Ijod maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining atoqli adiblar nomi bilan atalgan ilovadagi ayrim fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarni qayta tashkil etgan holda rasman “Ijod maktabi” maqomini berish;

Har yili o‘quv yili yakunida “Yilning eng yaxshi Ijod maktabi” tanlovini o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Ijod maktablarining yillik qabul kvotasi 26 nafar etib belgilanadi, o‘quvchilar 7-sinfga ijodiy tanlov va test sinovlari asosida qabul qilinadi;

Ijod maktablariga o‘quvchilar sonidan qat’iy nazar 1 shtat birligida kutubxonachi lavozimi joriy etiladi;

Ijod maktablarining 10-11-sinflarida a’lo baholarga ta’lim olayotgan o‘quvchilar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan saralash imtihonlari natijasiga ko‘ra eng ko‘p ball to‘plagan o‘ttiz foiz o‘quvchilar davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida ona tili va adabiyoti (qoraqalpoq tili va adabiyoti) fanidan maksimal ball beriladi;

Ijod maktablari direktorlariga maktabning ixtisosligidan kelib chiqib, umumiy o‘rta ta’limning tayanch o‘quv rejasida belgilangan soatlar doirasida alohida o‘quv rejasini tasdiqlash va amaliyotga joriy etish vakolati beriladi;

Ijod maktablarining o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasiga ko‘ra Yozuvchilar uyushmasi a’zolariga ushbu maktablarda ijodiy qobiliyatni rivojlantirishga yo‘naltirilgan fanlardan dars berish huquqi beriladi;

ijodiy va fan to‘garaklarida mashg‘ulot olib boradigan Yozuvchilar uyushmasi a’zolari va pedagoglar mehnatiga haq to‘lash umumta’lim maktablari pedagog xodimlariga soatbay haq to‘lash miqdorlariga tenglashtiriladi.

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Ijod maktablarining quyidagi xodimlari mehnatiga haq to‘lash bazaviy tarif stavkalariga nisbatan 40 foiz miqdorda, 2020/2021 o‘quv yilidan 100 foiz ustama qo‘llanilgan holda amalga oshiriladi:

Ijod maktablari direktorlari;

Ijod maktablari direktorlarining o‘rinbosarlari;

Ijod maktablarining chuqurlashtirib o‘qitiladigan fanlar o‘qituvchilari;

Ijod maktablari tarbiyachilari va tarbiyachi yordamchilari;

Ijod maktablari psixologlari;

Ijod maktablari kutubxonachilari.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Ijod maktablarining chuqurlashtirib o‘qitiladigan fanlardan dars beradigan o‘qituvchilarni tanlov asosida qabul qilish mexanizmini joriy etadi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda:

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab umumta’lim maktablarining faoliyatini baholash reytingini aniqlashda Ijod maktablarining ijodiy faoliyat samaradorligini nazarda tutadi;

reyting natijalariga muvofiq Ijod maktablari direktori, direktor o‘rinbosarlari va mas’ul xodimlariga o‘rnatilgan tartibda jarima qo‘llanilishi hamda ularning oylik maoshlaridan chegirib qolinishini nazarda tutuvchi mexanizmni joriy etadi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing