Byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi miqdori 1-avgustdan 10 foizga oshadi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi.

Hujjatga koʻra, 2019-yilning 1-avgustidan boshlab byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori 1,1 baravar oshiriladi.

Bugun Xalqaro press-klubning Prezident farmoni mazmun-mohiyatiga bagʻishlangan sessiyasida xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Temurjon Komilov oʻqituvchilarning oylik maoshi haqida maʼlumot berdi.

Yaqin yillarga qadar oʻqituvchining oyligi kam boʻlgan, natijada pedagoglarning maqomi ham tushib ketgan edi. Prezidentimizning eʼtibori bilan bugun bu holat ijobiy tomonga oʻzgarmoqda.

Xalqaro press-klubda taʼkidlanganidek, 2016-yil yakunida birinchi toifali oʻqituvchi 930 ming soʻm, direktor jamgʻarmasi tomonidan toʻlanadigan ragʻbatlantiruvchi mukofot va boshqa ustamalar bilan qoʻshganda qoʻliga 1,2 mln. soʻmga yaqin pul olar edi. Joriy yildan bu toifadagi oʻqituvchilar soliqlardan tashqari barcha ustamalar bilan 2,6 mln soʻm atrofida oylik olmoqda.

Prezidentimizning “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida”gi farmoni hamda oldindan rejalashtirilgan tartibga koʻra, oʻqituvchilarning oylik maoshlari ham oshadi. Endilikda oliy toifali oʻqituvchilar uchun barcha ustamalar bilan hisoblangan oylik maosh 3,2 mln. soʻmgachani, ularning qoʻliga tegadigani esa 2,9 mln. soʻmgachani tashkil etadi.

Xalq taʼlimi vazirligi
Axborot xizmati

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing