Umumta’lim maktablariga o‘n turdagi qurol-aslahalar yetkaziladi

Bundan bir necha yil oldin mamlakatimizning barcha hududlaridagi maktablarda 10–11-sinflarning tugatilishi bilan o‘quv qurollari va harbiy aslahalar maketlari hamda qurollardan o‘q otish xonalari yoppasiga yig‘ishtirib olingandi.

Endilikda maktablarda yoshlarni chaqiruvga qadar tayyorlash fani xonasi maxsus vositalar bilan jihozlanib, eskicha qolip va yondashuvlardan butunlay voz kechiladi.

Jumladan, Samarqand viloyatidagi mavjud 1214 ta umumta’lim maktablarida maxsus xona tayyorlanib, 10 turdagi jangovar qurollarga tenglashtirilgan qurol-aslahalar, 80 turdagi ko‘rgazmali vositalar yetkaziladi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi axborot xizmati Kun.uz’ga xabar bermoqda.

«Yoshlar harbiy xizmat haqida to‘liq tushunchaga ega bo‘lmay, «Vatanparvar» ko‘rsatuvini ko‘rib, o‘qituvchilar tomonidan o‘tilgan mavzularni tasavvuriga keltirib, armiyaga borishga odatlandi. Yaqin ikki yil ichida esa «Xalq va armiya yakdil» degan shior o‘z ma’nosida ishlatila boshlandi. Harbiy texnikalar paradi o‘tkazildi, armiya kuch-qudrati namoyish etilib, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 24 oktyabrdagi 868-sonli qaroriga muvofiq, maktablarda maxsus harbiy vatanparvarlik xonalari tashkil etilib, 90 turdagi o‘quv ko‘rgazmali harbiy qurol va aslahalar bilan ta’minlanadigan bo‘ldi.

Bungacha, maktablarda chaqiruvga qadar tayyorlash fanlari 10-sinf o‘quvchilariga 68 soat va 11-sinflarga esa 51 soat vaqt ajratilib, darslar ko‘rgazmali vositalarsiz nazariy tashkil etilib, yakunda esa uch kunlik dala yig‘ini o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, tashkil etilmadi. Endilikda mazkur jarayon Mudofaa ishlari boshqarmasi va bo‘limlari tomonidan nazorat qilinadi. O‘quv qurollari, harbiy aslahalar maketi va boshqa turdagi vositalarni yetkazilish muddatlari haqida kelishib olindi», — deyiladi Markaziy harbiy okrug axborot xizmati xabarida.

Shuningdek, viloyatdagi umumta’lim maktablarda Vatan himoyasi yo‘lida jon fido etgan o‘g‘lonlarga bag‘ishlangan, jasorat oynasi tashkil etilmoqda.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing