Hukumat fan olimpiadalari bo‘yicha yangi qaror qabul qiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida fan olimpiadalarini o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida fan olimpiadalarini tashkil etish, o‘tkazish va xalqaro olimpiadalar ishtirokchilarini saralash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.

Nizomga ko‘ra, fan olimpiadalarini tashkil etish, o‘tkazish va xalqaro olimpiadalar ishtirokchilarini saralash jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.

Quyidagilar Departamentning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

a) iqtidorli o‘quvchi yoshlarni aniqlash, ular faoliyatini ilmiy va uslubiy jihatdan ta’minlab borish, sohada ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va ular asosida ta’lim muassasalari uchun tavsiya va qo‘llanmalar ishlab chiqish;

b) umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida mahalliy va xalqaro, shu jumladan nodavlat fan olimpiadalarini tashkil etish, ularning xalqaro olimpiadalardagi ishtirokini ta’minlash;

v) yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda olimpiadalar uchun doimiy yangi nazorat materiallarini ishlab chiqish;

g) xalqaro olimpiadalar ishtirokchilarini yuqori malakali mutaxassislar, shu jumladan olimlar, professor-o‘qituvchilar, xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda tayyorlash, ingliz tili va rus tili fanlaridan muloqot qilish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida maxsus kurslar tashkil etish;

d) fan olimpiadalarida yuqori natijalarni qayd etgan iqtidorli o‘quvchilarning kelgusidagi faoliyatini monitoring qilib borish va qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish.

Departament fan olimpiadalari uchun tayyorlanadigan topshiriqlar (test, yozma va amaliy ishlar hamda laboratoriya mashg‘uloti)ni davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlariga mazmunan mos kelishini ta’minlaydi.

Topshiriqlar iqtidorli o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ishtirokchilarning mantiqiy fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadida xalqaro fan olimpiada materiallaridan foydalanishlari mumkin.

Fan olimpiadalari quyidagi turlarga bo‘linadi:

a) umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida umumta’lim fanlari bo‘yicha asosiy olimpiadalar;

b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tashkil etiladigan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida qo‘shimcha respublika olimpiadalari;

v) umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari orasidan xalqaro fan olimpiadalariga saralash;

g) umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida onlayn fan olimpiadalari.

Quyidagilar fan olimpiadalari ishtirokchilari hisoblanadi:

a) milliy fan olimpiadada umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9 – 11-sinf, akademik litseyning 1-va 2-bosqich hamda kasb-hunar kollejlarining 1 – 3 bosqich o‘quvchilari;

b) mahalliy fan olimpiadada o‘tgan o‘quv yilida o‘tkazilgan milliy olimpiadaning III bosqichida g‘olib bo‘lgan (1 – 3-o‘rin) umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10-sinf, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining 1-bosqich o‘quvchilari;

v) xalqaro fan olimpiadada o‘tgan o‘quv yilida o‘tkazilgan milliy olimpiadaning III bosqichida 1-5-o‘rinlarni egallagan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 9-10-11-sinf, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining 1-2 (3)-bosqich o‘quvchilari;

g) onlayn fan olimpiadasida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 4-11-sinf, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining 1-va 2(3)-bosqich o‘quvchilari.

Departament fan olimpiadalariga tayyorgarlik ko‘rish hamda yagona ilmiy-uslubiy yondashuv asosida ochiq va shaffof tarzda o‘tkazishni ta’minlaydi.

Fan olimpiadalarining viloyat va respublika bosqichi natijalari Departamentning rasmiy veb-sahifasida e’lon qilinadi.

Fan olimpiadalarni o‘tkazish tartibi va baholash mezonlarini Xalq ta’limi vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqadi.

Fan olimpiadalarning har bir bosqichini tashkil etish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining hududiy boshqarmalari mas’ullaridan iborat tashkiliy qo‘mita tuziladi.

Fan olimpiadalarini o‘tkazish bo‘yicha butun tadbirlar kompleksini bajarish uchun Xalq ta’limi vazirligi tuzilmasidagi Departament, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tasarrufidagi akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi, hamda ularning hududiy bo‘linmalari o‘z buyruqlari bilan tashkiliy qo‘mitalar, hakamlar hay’atlari, apellyatsiya komissiyalari va boshqa tuzilmalarni tashkil etadilar.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing