Yangi oʻquv yilidan fan olimpiadalari qanday tashkil etiladi?

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Umumiy oʻrta taʼlim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari oʻquvchilari oʻrtasida fan olimpiadalarini oʻtkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Ushbu qaror bilan tasdiqlanayotgan Nizom loyihasida fan olimpiadalarini toʻrtta yoʻnalishda tashkil etish taklif etilmoqda: 1. asosiy fan olimpiadasi (4 bosqichda oʻtkaziladi); 2. mahalliy fan olimpiadasi (1 bosqichda oʻtkaziladi); 3. xalqaro fan olimpiadalarga saralash (3 bosqichda oʻtkaziladi); 4. onlayn fan olimpiadasi (har chorakda oʻtkaziladi).

Shuningdek, qaror bilan fan olimpiadalarini moliyalashtirish tartibi, gʻoliblarini taqdirlash, sertifikat berish hamda gʻolib oʻquvchilarning oʻqituvchilarini va maktab direktorlarini ragʻbatlantirish tartibi belgilanadi. Bundan tashqari, ushbu loyihada hakamlar hayʼati, auditoriya rahbarlari, nazoratchilar va apellyatsiya kommissiyasi aʼzolarini saralash tartibi, ularning oʻz faoliyatida rioya qiladigan tamoyillar va javobgarliklari belgilangan.

Mazkur qaror bilan tasdiqlanayotgan Nizom loyihasida xalqaro fan olimpiadasining gʻoliblari oliy taʼlim muassasalariga imtihonsiz va qoʻshimcha tanlovlarsiz kirish imtiyoziga ega boʻlsalar, umumtaʼlim fanlari boʻyicha asosiy olimpiadaning respublika bosqichi gʻoliblariga ixtisoslik fani boʻyicha davlat oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va 3 yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim etilishi mazkur qaror loyihasi bilan qayd etilgan.

Shuningdek, fan olimpiadalarini tashkil etish, oʻtkazish va xalqaro olimpiadalar ishtirokchilarini saralash jarayoni Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining Fan olimpiadalari boʻyicha iqtidorli oʻquvchilar bilan ishlash departamenti tomonidan muvofiqlashtirib borilishi belgilandi. Jumladan, Departament iqtidorli oʻquvchilar zaxirasini shakllantiradi va mazkur oʻquvchilarning kelgusidagi faoliyatining monitoringini olib boradi. Loyiha bilan shuningdek oliy taʼlim muassasalariga qabul qilingan olimpiada gʻoliblariga “Ustoz-shogird” tizimi asosida tegishli sohada yuqori natijalarga erishgan malakali mutaxassislar biriktirilishi, oliy taʼlim muassasasini tamomlagan olimpiada gʻoliblari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan shakllantiriladigan istiqbolli mutaxassislar zaxirasiga kiritilishi koʻrsatib oʻtilgan.

Xalq taʼlimi vazirligi
Axborot xizmati

 

 

 

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing