Human nashrida chop etilgan «Nima uchun ota-onalar hukumat qaroridan norozi? yoxud Xalq ta’limi tijoratmi?» maqolasi va lavhasi bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligi izohi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi 469-son qarori bilan tasdiqlangan “Bolalarni davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” qabul qilingan.

Unga ko‘ra, Toshkent shahridagi 81 ta maktabga qabul Davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilinishi belgilangan. Qabul asosiy va qo‘shimcha kvota orqali amalga oshirilishi belgilangan.

2019 yilning 19 iyun kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov bu o‘quv yilida pullik qabul bo‘lmaydi, deb aytgan edi. Hozirda bolalar asosiy kvota bo‘yicha qabul qilinmoqda.

Matbuot anjumani davomida, vazir avvalam bor, biz mikrohududdagi bolalarni maktabga joylaymiz. Joy qolsagina, qo‘shimcha kvota bo‘yicha qabulni amalga oshiramiz, deya ta’kidlagan.

Shu kunga qadar (31.07.2019 y) 3773 nafar bola biriktirilgan mikrohudud doirasida 81 ta davlat umumta’lim maktablariga tegishli yo‘llanmalar asosida korrupsiyasiz qabul qilindi.

Jamoatchilik taklifi asosida Xalq ta’limi vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda ma’muriy reglamentga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida qaror loyihasini tayyorladi. Ushbu loyiha keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Ma’muriy reglamentga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Qo‘shimcha kvota quyidagilarga ajratilishi belgilanmoqda:

1) mikrohududda doimiy propiska asosida yashayotgan fuqarolarning tegishli yilning 1 sentyabriga qadar 6 yoshga to‘ladigan bolalariga;

2) umumiy o‘rta ta’lim muassasasida faoliyat yurituvchi pedagog va xodimlar farzandlariga;

3) akasi yoki opasi mazkur umumiy o‘rta ta’lim muassasasida ta’lim olayotgan oilalarning maktab yoshiga yetgan farzandlariga;

4) umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga biriktirilgan mikrohududda istiqomat qilayotgan harbiy xizmatchilarning farzandlariga.

Qo‘shimcha kvota asosida ota-onalarning ixtiyoriy roziligi bilan PULLIK TO‘LOV orqali maktabga joylashtirish tartibi BEKOR qilinmoqda. Ya’ni, bu o‘zgartirishlar kuchga kirsa, qo‘shimcha bir marotabalik to‘lov orqali mikrohududidan tashqaridan o‘quvchini joylashtirish imkoniyati umuman yo‘q bo‘ladi.

Lavhada bir qator onalar bolalarni mikrohududidan tashqaridagi maktabga joylash bo‘yicha qiyinchilikka duch kelayotganligi va maktabdagi ta’lim sifati haqida gapirgan. Ota-onalarga farzandlarini o‘z mikrohududi bo‘yicha maktabga joylashni tavsiya etamiz. Shundagina ular muammoga duch kelishmaydi.

Ta’lim sifatiga kelsak, O‘zbekistonning barcha o‘rta ta’lim maktablarida ta’lim yagona davlat standartlari va darsliklari asosida olib boriladi. Bu maktabda ta’lim sifati yaxshi, bunisida esa yomon, degan mulohazalarni o‘rinli, deb hisoblamaymiz. Maktabda ta’lim sifati aniq kriteriyalar asosida baholanishi kerak va hozirda vazirlik bunday milliy baholash tizimi ustida ish olib bormoqda.

Mikrohudud nima uchun kerak? Mikrohudud ko‘plab mamlakatlarda mavjud bo‘lib, mazkur tizim maktablar uchun o‘quv yilini rejalashtirish uchun ko‘mak beradi. Maktablar mikrohduddagi bolalar soni va muassassa imkoniyatlaridan kelib chiqib, sinflar hamda o‘qituvchilar soni, kerakli anjomlar va darsliklarni o‘quv yiliga shay qilishda ko‘mak beradi. Mikrohududlar bizning mamlakatimiz qonunchiligida bo‘lgan, ammo bu normaga to‘liq amal qilinmagan. Mikrohududlar hokimiyat qarori asosida belgilanadi. Hozirda vazirlik bu normaning ijrosini ta’minlashga harakat qilmoqda.

Mazkur normaga amal qilinmasligi natijasida, avvalgi yillar davomida bir sinfda o‘quvchilar soni 40-45 nafarga yetishiga olib keldi. Amalda qonunchilikka nazar solsak, bir sinfda o‘quvchilar soni 35 nafardan oshmasligi kerak. Bolalar soni sinfda qancha ko‘p bo‘lsa, o‘qituvchilar bolalarga sifatli bilim berishda va ular bilan individual ishlashga qiynaladi.

Lavhada eski qabul tizimida muammo bo‘lmaganligi haqida ta’kidlangan. Eski tizimda korrupsiya holatlari va “yuqoridan qo‘ng‘iroqlar” yordamida bolalarni mikrohududdan tashqaridagi ta’lim muassasalariga joylash holatlari bo‘lgan. Buning natijasida, mikrohududda yashovchi aholi farzandlari boshqa maktablarga borishga majbur bo‘lgan. Yangi tizim, avvalam bor, mikrohududda aholi huquqlarini ta’minlaydi. Mikrohudud aholisining farzandlari maktabga qabul qilinganidan keyingina boshqa kategoriyadagi bolalar qo‘shimcha kvota asosida BEPUL qabul qilinadi.

Bolalar yoshiga kelsak, psixolog va pedagoglarning fikrlariga ko‘ra, 6 yoshli bolaning maktabda ta’lim olishi bir oz erta. 1-sinfga borish bola hayotining eng muhim davrlaridan biridir. Ilk o‘quv kunlarida o‘quvchilarning ko‘pchiligida stress holatlari yuzaga kelib, bu davrda ruhiy kechinmalar ustunlik qiladi. Bu ruhiy kechinmalarni yengish boladan kuchli iroda (o‘ziga bo‘lgan ishonch, qat’iyatlilik, yuksak maqsad v.h.)ni talab qiladi. Yuqoridagi jarayonlar bolada yetarli darajada rivojlanmagan bo‘lsa, bu bola ruhiyati va sog‘lig‘iga ta’sir qilib, salbiy oqibatlarning kelib chiqishiga va bola maktab hayoti davomida qiynalishiga sabab bo‘ladi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing