Yuqori Chirchiq tumani Xalq ta’limi bo’limi mudiri A.Mamadaliyevning tabrigi

Qadrli va muhtaram ustozlar!

Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda ustoz degan sharafli nomni ulug‘lab yangi 2019-2020 o’quv yilining boshlanishi  bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Bugun ushbu qutlug‘ ayyomni tumanimizda keng nishonlar ekanmiz, birinchi navbatda qadrdon maktabimiz, bizga harf o‘rgatgan, ezgulikdan saboq bergan mehribon muallimlarimiz siymosi ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi. Biz uchun ibrat namunasi, yuksak insoniy fazilatlar timsoli bo‘lgan sizlar kabi aziz va mo‘tabar zotlar sha’niga eng go‘zal so‘zlar, ezgu tilaklarimizni izhor etamiz. Sizlarning barchangizga hech qachon uzib bo‘lmaydigan qarzdorlik hissi bilan ta’zim qilamiz.

Buyuk Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, dunyoning bor boylik va xazinasi bilan ham sizlarning olijanob mehnatingiz haqini ado etib bo‘lmaydi.

Haqiqatan ham, har bir murg‘ak bolani o‘z farzandidek ardoqlab, yosh avlod tarbiyasi uchun ko‘z nuri, qalb qo‘ri, butun borlig‘ini baxsh etadigan o‘qituvchi va murabbiylar tom ma’noda fidoiy kasb egalaridir.

Biz bugun zamonaviy bilim va kasb-hunarlar, xorijiy tillarni puxta egallab, katta umid va ishonch bilan hayotga qadam qo‘yayotgan, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan ming-minglab farzandlarimiz kamolida o‘qituvchi va murabbiylarimizning beqiyos hissasi borligini yaxshi bilamiz va sizlarning bu ulug‘ xizmatingizni yuksak qadrlaymiz.

                                                                       Muhtaram do‘stlar!

Bugungi kunda shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hayot oldimizga qo‘yayotgan bir-biridan murakkab va muhim masalalarni hal qilish haqida o‘ylar ekanmiz, ularning yechimi aynan ta’lim-tarbiya bilan, yoshlarning dunyoqarashini zamonaviy bilim, yuksak ma’naviyat va ma’rifat asosida shakllantirish bilan bog‘liq ekaniga yana bir bor ishonch hosil qilamiz.

Ishonchim komil, xalqimiz ziyolilarining ilg‘or vakillari bo‘lgan siz, hurmatli ustoz va murabbiylar tumanimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, jamiyatimizda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash bo‘yicha olib borayotgan ishlarimizni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, hayotda o‘zini oqlagan maktab, oila va mahalla hamkorligiga asoslangan ijtimoiy tizim samarasini oshirishda faol ishtirok etib, barchaga o‘rnak va namuna bo‘lasizlar.

Siz, azizlarning ana shu ezgu maqsadlarga erishish, inson har tomonlama erkin va farovon yashaydigan yangi O‘zbekiston davlatini barpo etish, jonajon Vatanimizni yanada taraqqiy ettirishga qaratilgan og‘ir va mashaqqatli, shu bilan birga, g‘oyat sharafli mehnatingizni munosib qadrlash uchun biz davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etishga tayyormiz.

Sizlarni yangi 2019-2020 o’quv yilining boshlanishi bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.Doimo sog‘-omon bo‘ling, aziz ustozlar!

Yuqori Chirrchiq tumani Xalq ta’limi bo’limi mudiri                          A Mamadaliyev

print

image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing