Barcha davlat taʼlim muassasalari hamda nodavlat taʼlim tashkilotlari rahbarlari diqqatiga!

Taʼlim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi 470-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat taʼlim muassasalari hamda nodavlat taʼlim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 1,3-bandlariga muvofiq idoraviy mansubligi va tashkiliy-huquqiy shakllaridan qatʼiy nazar Oʻzbekiston Respublikasining maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar, maktabdan tashqari, oliy, oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlimni amalga oshiruvchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash davlat taʼlim muassasalarini hamda nodavlat taʼlim tashkilotlarini 2020-yil uchun attestatsiyadan oʻtkazish jadvali ishlab chiqilmoqda.

Yuqoridagi nizomning 19-bandida taʼlim tashkilotlari tomonidan akkreditatsiya muddati tugaydigan yildan oldingi yilning 1-oktyabriga qadar Taʼlim inspeksiyasiga attestatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisida ariza taqdim qilinishi belgilangan. Shu munosabat bilan barcha taʼlim tashkilotlari (yuqorida qayd etilgan nizomning 6-bandiga muvofiq Davlat akkreditatsiyasi muddati 2019 va 2020-yillarda tugaydiganlar) joriy yilning 10-oktyabriga qadar yuqoridagi nizomning 20-bandida koʻrsatilgan hujjatlarni:

yuridik shaxs sifatida davlat roʻyxatidan oʻtganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi;

taʼlim tashkilotining toʻliq va qisqartirilgan nomi, joylashgan joyi, telefon raqami, Internet jahon axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-sayti va elektron pochta manzili toʻgʻrisidagi maʼlumot (filiali mavjud boʻlgan taʼlim tashkiloti maʼlumotlarni filial boʻyicha ham taqdim etadi);

soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;

attestatsiyadan oʻtkazish uchun yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatning nusxasi (nodavlat taʼlim tashkilotlari va oʻzini oʻzi toʻliq moliyalashtiradigan davlat taʼlim muassasalari uchun);

attestatsiyadan oʻtkaziladigan taʼlim yoʻnalishlari, mutaxassisliklar, ixtisosliklar, kurslar va kasblar roʻyxatini ilova qilgan holda ariza topshirishlari soʻraladi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing