Ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha «Toshkent tajribasi» joriy etiladi

Foto: Fotolia

Xalq ta’limi muassasalarida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha “Toshkent tajribasi” joriy etiladi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 yanvardan boshlab:

Toshkent shahridagi barcha oliy o‘quv yurtlarining informatika va axborot texnologiyalari, pedagogika va psixologiya hamda umumta’lim fanlari (matematika, fizika, ximiya, biologiya va o‘zbek tili kabi) kafedralarini umumiy o‘rta ta’lim maktablariga biriktiradi va kafedraning professor-o‘qituvchilari tomonidan maktab pedagoglari uchun haftada kamida bir marotaba mahorat darslarini o‘tish tizimini yo‘lga qo‘yadi;

Toshkent shahridagi umumta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan 3 ming nafarga yaqin ingliz tili o‘qituvchilarining barchasini bir yil muddatda C1-CEFR darajasiga olib chiqish maqsadida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va boshqa oliy ta’lim muassasalarining xorijiy tillar kafedralari bittadan maktabni otaliqqa olib, reja asosida amaliy seminarlar, treninglar, “ochiq dars”lar, mahorat darslarini tashkil etadi;

bitiruvchi sinf o‘quvchilari va ularning ota-onalari uchun “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlarini muntazam o‘tkazadi;

umumta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida tizimli ravishda mahalliy fan olimpiadalari, jumladan “Toshkent STEAM fanlari olimpiadasi”ni o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Xalq ta’limi vazirligi bilan  birgalikda 2020 yildan boshlab, Toshkent shahridagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim muassasalari o‘quvchilarining o‘qish, matematika va tabiiy fanlardan savodxonlik darajasini xalqaro baholash dasturlari (PISA, PIRLS, TIMSS) asosida baholab borishni joriy etadi.

Toshkent shahar hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining 2021 yildan boshlab, Toshkent shahridagi tuman xalq ta’limi bo‘limlari qoshida o‘quvchilarda fundamental bilimlarni amaliy tajribalar asosida mustahkamlashga, ularni ilmiy ijodkorlik va mustaqil tadqiqotlarga yo‘naltirishga qaratilgan yuridik shaxs maqomisiz STEAM laboratoriya markazlarini bosqichma-bosqich tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing