O‘quv-tarbiya muassasasiga voyaga yetmaganlar qanday holatlarda joylashtiriladi?

Respublika o‘quv-tarbiya muassasalari to‘g‘risida nizom hamda Respublika o‘quv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarini oziq-ovqat, kiyim-kechak, poyabzal, boshqa ashyoviy ta’minot buyumlari va yumshoq anjomlar bilan ta’minlash me’yorlari tasdiqlandi.

Norma’ning yozishicha, nizom alohida sharoitlarda tarbiyalash va ta’lim berishga muhtoj bo‘lgan bolalar uchun Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi hamda Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasining maqomi, vazifalari va faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.

O‘quv-tarbiya muassasasiga umumiy o‘rta ma’lumot olishni tugatmagan, 14 yoshga to‘lgan va 18 yoshdan oshmagan voyaga yetmaganlar quyidagi holatlarda joylashtiriladi:

• ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan, lekin jinoiy javobgarlikka tortish mumkin bo‘lgan yoshga to‘lmagan yoxud ruhiy kasallik bilan bog‘liq bo‘lmagan holda, rivojlanishda o‘z yoshiga nisbatan orqada qolishi oqibatida sodir etgan qilmishining ahamiyatini to‘liq anglab yetishga qodir bo‘lmagan;
• aybliligi to‘g‘risidagi masala hal qilinmasdan jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan, materiallar voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyaga ko‘rib chiqish uchun topshirilgan bo‘lsa;
• o‘quv-tarbiya muassasalariga joylashtirish tariqasidagi majburlov chorasi qo‘llanilgan holda jinoiy jazodan ozod qilingan voyaga yetmaganlar;
• yakka tartibdagi profilaktika ishi olib borilayotganligiga qaramasdan muntazam ravishda huquqbuzarliklar yoki boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir qilishni davom ettirayotganda.

Voyaga yetmaganlarni o‘quv-tarbiya muassasasiga joylashtirish va qabul qilish sud ajrimi asosida amalga oshiriladi. Voyaga yetmaganlar o‘quv-tarbiya muassasasiga ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlari xodimlari tomonidan olib boriladi va joylashtiriladi.

Quyidagilar o‘quv-tarbiya muassasasining asosiy vazifalari hisoblanadi:

• tarbiyalanuvchilarni umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartlari asosida majburiy umumiy o‘rta ta’lim olishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
• tarbiyalanuvchilarda mehnat ko‘nikmalari va mustaqil ijodiy fikrlash qobiliyatini shakllantirish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish va bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish;
• barkamol, jismoniy va ruhan sog‘lom shaxsni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, bolalarda mehnatsevarlik, vatanparvarlik, mas’uliyatlilik, fidoyilik, dunyoqarashi keng mustaqil va komil inson bo‘lishga intilish tuyg‘usini shakllantirish;
• bolalarning yoshiga xos bo‘lgan psixofiziologik moyilliklari, qobiliyatlari, qiziqishlariga, bolalar hayoti va sog‘lig‘ini saqlash talablariga muvofiq tarzda ularning aqliy, emotsional va jismoniy rivojlanishiga ko‘maklashuvchi psixologik, tibbiy va ijtimoiy reabilitatsiyasini ta’minlovchi chora-tadbirlarni amalga oshirish;
• tarbiyalanuvchilarning huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan «case-study», guruhlarda ishlash, bahs-munozaralar, situatsion o‘yinlar, aqliy hujum kabi ilg‘or interaktiv o‘qitish usullarini o‘quv-tarbiya jarayoniga keng joriy etish.

O‘quv-tarbiya muassasasi bolalarning ruhiy va fiziologik holatini inobatga olgan holda, ta’lim olish bilan birgalikda ularga kasb-hunar o‘rgatish maqsadida tashkil etiladi. O‘quv-tarbiya muassasasi ushbu muassasani attestatsiyadan o‘tkazish asosida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.

O‘quv-tarbiya muassasasida maxsus sharoitlarni ta’minlash maqsadida quyidagilar amalga oshiriladi:

• o‘quv-tarbiya muassasasi hududini qo‘riqlash;
• o‘quv-tarbiya muassasasida tarbiyalanayotganlarning uning hududidan erkin chiqishini cheklash;
• tarbiyalanuvchilarni kecha-kunduz, shu jumladan uyqu uchun ajratilgan vaqt davomida nazorat qilish;
• tarbiyalanuvchilarni shaxsiy tekshiruvdan o‘tkazish, ularning buyumlarini, shuningdek, ular olayotgan va yuborayotgan posilka va boshqa pochta jo‘natmalarini tekshiruvdan o‘tkazish;
• tarbiyalanuvchilarga o‘z oilasi bilan aloqada bo‘lishi hamda ular bilan uchrashishi uchun zarur aloqa vositalari va boshqa jihozlar bilan ta’minlangan alohida xonalar ajratish.

O‘quv-tarbiya muassasasida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda, umumiy o‘rta ta’limning o‘quv rejasi va ta’lim dasturlari, shuningdek tarbiyalanuvchilarning ehtiyojlari va muammolari turidan kelib chiqqan holda, yakka tartibdagi reabilitatsiya dasturlari (hayotiy ko‘nikmalarga o‘rgatish, alkogol va giyohvandlik vositalariga qaramlikdan davolash, ruhiy jarohat asoratlari bilan ishlash va boshqa dasturlar) asosida ta’lim beriladi.

Eslatib o‘tamiz, Milliy gvardiyaga Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi, IIVga Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi biriktirildi (29.05.2019 yildagi PQ-4342-son). Ushbu idoralar tegishli o‘quv-tarbiya muassasasining o‘z vaqtida to‘liq ta’minoti va maishiy shart-sharoitlari yaxshilanishiga ko‘maklashishga mas’uldir. Xalq ta’limi vazirligi respublika o‘quv-tarbiya muassasalarida sifatli tarbiya va ta’lim jarayonini yo‘lga qo‘yish, tarbiyalanuvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning intellektual, jismoniy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga mas’ul hisoblanadi.

Respublika o‘quv-tarbiya muassasalarida sinflardagi o‘quvchilar soni 15-20 nafardan iborat etib belgilanadi. Tegishli moliya organlari bilan kelishilgan holda ushbu muassasalarda, istisno tariqasida, o‘quvchilar sonidan qat’i nazar sinflar ochishga ruxsat etiladi.

Tarbiyalanuvchilarning intellektual, jismoniy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga mo‘ljallangan turli to‘garaklar, qiziqishlar bo‘yicha klublar, seksiyalar (shu jumladan sport seksiyalari), studiyalar tashkil etiladi. Yozgi ta’til davrida tarbiyalanuvchilar uchun oromgohlar, ular ommaviy dam olishi uchun boshqa turlar tashkil etiladi.

Tarbiyalanuvchi o‘quv-tarbiya muassasasi hududidan tashqariga muassasa rahbariyatining yozma ruxsatnomasiga ko‘ra, faqat o‘quv-tarbiya muassasasining xodimlari, ota-onasi yoki ota-onasi o‘rnini bosuvchi shaxslar kuzatuvida chiqadi. Tarbiyalanuvchi o‘quv-tarbiya muassasasini o‘zboshimchalik bilan tark etgan taqdirda, muassasa ma’muriyati bu haqda tarbiyalanuvchining ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarni, mazkur muassasa joylashgan hududdagi va tarbiyalanuvchining yashash joyidagi yoki turgan joyidagi ichki ishlar organlarini xabardor qiladi, shuningdek ichki ishlar organlari bilan birgalikda uni topish va o‘quv-tarbiya muassasasiga qaytarish choralarini ko‘radi.

Tarbiyalanuvchilar o‘quv-tarbiya muassasasidan chiqarilayotgan vaqtda doimiy yashash joylariga ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar kuzatuvida yuboriladi.

Nizomda ish hujjatlarini va tarbiyalanuvchilarning shaxsiy hujjatlarini yuritish tartibi, tarbiyalanuvchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatish, ularga ta’til berish, rag‘batlantirish choralarini qo‘llash tartibi, tarbiyalanuvchilarning o‘quv-tarbiya muassasasida bo‘lishini to‘xtatish tartibi, tarbiyalanuvchilar va pedagoglarning majburiyatlari, rahbar xodimlarni lavozimga tayinlash va o‘quv-tarbiya muassasasini moliyalashtirish tartibi belgilangan.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing