Ta’lim sohasidagi muammolarni hal etish uchun ajratilayotgan mablag‘lar yetadimi? Hukumat vakillari javob qaytardi

31 oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda davlat dasturining 2019 yilning III choragida bajarilishi borishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti tinglandi.

Majlisda deputat Abdurashid Abduqodirov 3-12 foizgacha maktablarda fizika, kimyo kabi fanlar uchun laboratoriyalar yo‘qligi, borlaridayam yetarlicha jihozlanmagani, shuningdek, parta va doskalar ta’minoti ham qoniqarli emasligini ta’kidladi. Deputatning so‘zlariga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalari ko‘paytirilgan bo‘lsa-da, universitet va institutlarning moddiy-texnik bazasi shunga moslashtirilmagan, ayrim OTM ikki smenada ishlagan taqdirda ham o‘qishga qabul qilingan talabalarni to‘la qamrab ololmaydi, talabalar turarjoylarining talabdan ancha kamligi ham talabalarning huquqlarini cheklamoqda.

«So‘nggi besh yil davomida davlat tomonidan ijtimoiy sohaga ajratilayotgan mablag‘lar ulushi 59 foizni tashkil qilardi. Biroq 2019 yilda ijtimoiy sohaga avvalgi yillarga nisbatan budjetdan eng kam mablag‘ ajratilgan. Hukumatning 9 oylik hisobotida 53,2 foizni tashkil etganini ko‘rish mumkin. 2019 yilda ta’lim sohasiga ajratilgan mablag‘lar yuqorida sanab o‘tilgan muammolarni hal etish uchun yetadimi? Yetarli bo‘lmasa, hukumat bu muammolarni qanday hal qilmoqchi? 2020 yil qanday prognoz ko‘rsatkichlari uchun qanaqa mablag‘lar ajratilyapti?», deya savol bilan yuzlandi Abdurashid Abduqodirov.

Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov deputatning savoliga javob berarkan, davlat budjeti shu paytgacha Prezident qarori bilan tasdiqlangan bo‘lsa, bu yildan boshlab ilk bor Oliy Majlis tomonidan tasdiqlanayotganiga urg‘u qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan buyon deputatlarning o‘zi budjet xarajatlarini ko‘rib, tasdiqlab beradi. Natijada bu qonun kuchiga ega bo‘lgan hujjatga aylanadi.

Bundan tashqari, budjetdagi har bir o‘zgarish, shuningdek, 10 foizdan ko‘p bo‘lgan xarajatlar deputatlarning roziligini olib, parlament bilan kelishgan holda amalga oshirilishi, xalqaro tajribadan kelib chiqib qilinayotgan bu ishlar juda katta qadam bo‘layotgani ta’kidlandi.

«Deputatimiz aytgan muammolar yillar davomida yig‘ilib qolgan, ularni bir kunda yoki bir yil ichida bu masalani hal qilish imkonsiz. Buyog‘iga 3 yillik budjet qabul qilinishi ham rejalashtirilyapti. 3 yillik reja asosida. Eng asosiy sohalarimiz bo‘yicha konsepsiyalar ishlab chiqilgan bo‘lib, ularda yuqorida ko‘tarilgan ko‘plab muammolar yechimini topgan. Uch yillik budjetga o‘tadigan bo‘lsak, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari uch yil davomida qaysi yilda qanday yo‘nalishdagi muammolar yechimini topishi bo‘yicha hukumat tomonidan taklif etilayotgan aniq rejalar bilan tanishishlari mumkin. Vazirlar Mahkamasi bu ishlar parlamentning qat’iy nazorati ostida amalga oshiradi», deya Aziz Abduhakimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ham o‘z fikrlarini bildirdi.

«Haqiqatan yillar davomida maktablarda e’tibor bo‘lmagani, ta’lim sohasiga ikkinchi darajali soha deb qarab kelingani uchun juda ko‘p muammolar yig‘ilib qolgan. Deputatimiz faqat laboratoriyalar bilan bog‘liq muammolarnigina aytib o‘tdilar, bundan tashqari, maktablardagi sport zallari, turli tadbirlar o‘tkaziladigan faollar zallari talabga javob bermaydi va boshqa ko‘plab muammolarni pulga chaqadigan bo‘lsak, juda katta raqamlar kelib chiqadi.

Ayni paytda mavjud imkoniyatdan kelib chiqib ish ko‘rishimiz kerak. Chunki bir yoqda tadbirkorlarga erkinlik beraylik deb soliq yuki kamaytirilyapti, bu o‘z navbatida ma’lum ma’noda budjetga tushumlar kamayishiga olib kelayapti. Ikkinchi tomondan, bizga o‘xshagan ijtimoiy sohalar budjetdan ko‘proq pul ajratilishini talab qilyapmiz. Bu masalada optimal yechimga kelinadi, albatta.

Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlamoqchimanki, 2019 yilda maktablarni ta’mirlashga, jihozlashga, sharoitini yaxshilashga o‘tgan yilgiga qaraganda 2 barobardan ko‘proq mablag‘ ajratildi. Keyingi yilga ham boshqa sohalarga nisbatan ta’limga ko‘proq pul ajratilishi nazarda tutilgan. Lekin bu ham sohadagi muammolarni bittada hal qilish imkonini bermaydi. Shuning uchun davlatimiz rahbari tomonidan xorijiy kreditlar yoki xorijiy grantlarni ko‘proq o‘rganish haqida qo‘shimcha vazifa qo‘yildi. Bu masalada hozir parallel ravishda bir necha loyihalar ketyapti. Ulardan bittasi Osiyo taraqqiyot banki bilan Sergeli tumanida davlat-xususiy sherikchiligi asosida maktablar qurilishini moliyalashtirishning yangicha tizimini joriy qilmoqchimiz. Agar ushbu tizim o‘zini oqlasa, qolgan hududlargayam tatbiq etiladi», deydi vazir.

Moliya vaziri o‘rinbosari Shohrux Shorahmetov ijtimoiy sohaga ajratiladigan mablag‘lar budjetning 54-55 foizi atrofida bo‘lishini aytib o‘tdi.

«Oldingi yillarda budjetning 59 foizi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilardi, deb aytildi. To‘g‘ri, bu ko‘rsatkich 56-59 foiz atrofida bo‘lardi. Nimaning hisobiga? Chunki oldin maxsus jamg‘arma bo‘lgan, buni maktab fondi deb atardik. Shu fond hisobiga ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan mablag‘larimiz 59 foiz atrofida bo‘lardi. 2019 yildan biz maxsus jamg‘armani yopib, ushbu xarajatlarni investitsion xarajatlarga qo‘shganmiz. Bu o‘zgarishdan keyin ham ijtimoiy sohaga ajratiladigan mablag‘lar budjetning 54-55 foizi atrofida bo‘ladi. Oldingi yillardan nima uchun kam deb so‘raydigan bo‘lsangiz, biz davlat-xususiy sherikchilik va chet el kreditlarini jalb qilib, sohada o‘zgarishlar qilish harakatidamiz», deydi vazir o‘rinbosari.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing