Maktablar reytingini tuzishda OTMga kirish ko‘rsatkichlari nega hisobga olinmadi? – Mutaxassis izohi

Joriy yil ilk marta O‘zbekistonda umumta’lim maktablarining reytingi e’lon qilindi. Shundan so‘ng natijalar, baho va reytingning ayrim jihatlariga oid turli fikrlar bildirildi.

Jumladan, «Munosabat» tok-shousining shu mavzuga bag‘ishlangan sonida 9 nafar o‘quvchisi Prezident maktabiga kirgan Toshkent shahridagi maktablardan birining umummilliy reytingda nega quyi o‘ringa tushib qolgani borasida ham muhokamalar bo‘lgan edi.

Kun.uz muxbiri birinchi bor o‘tkazilgan milliy reyting tizimi natijalari, baholash mezonlarining asoslari haqida ma’lumot olish uchun Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘ining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi Feruza Madrahimova bilan suhbatlashdi.

Feruza Madrahimova

– Milliy reyting tizimini shakllantirishda nimalarga asoslanildi? Uning asosiy indikatorlari nimalardan iborat bo‘ldi?

– Ta’lim inspeksiyasi Xalq ta’limi vazirligi bilan birga umumta’lim maktablari reytingini aniqlash uchun, avvalo, xalqaro tajribani o‘rganishni zarur deb bildi. Bunda AQSh, Yaponiya, Rossiya va boshqa reyting tushunchasi o‘zini oqlagan o‘ndan ortiq rivojlangan davlatlar, qo‘shni mamlakatlar tajribasi tahlil qilindi.

Reyting – ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar, ushbu ta’lim muassasasini boshqarayotgan menejyerlar yoki direktorlar va eng asosiysi, ushbu muassasada ta’lim-tarbiya olayotgan o‘quvchilarning bilim darajasi yildan yilga qay darajada rivojlanib borayotganini aniqlash maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.

Misol uchun, AQShning Texas shtatida reyting imtihoni maktabdan tanlab olingan sinfda sinov o‘tkazish bilan bo‘ladi. Bunda maktabning 2 yil avvalgi holati qanday va ayni paytda rivojlanayotgani yoki yo‘qligini  tahlil qilish maqsadida bolalardan matematika va ingliz tilidan (ona tili sifatida) sinovlar o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, muassasada faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchilar va menejyer (direktor)ning o‘zaro munosabati, maktabdagi muhit, ota-onalarning maktabdagi ta’lim-tarbiya jarayonidagi ishtiroki, ya’ni ota-ona va ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik holati aniqlanadi.

Biz ham soha mutaxassislari bilan muhokamalarda O‘zbekistondagi milliy umumta’lim maktablarining reytingida qanday mezonlar bo‘lishi kerak, degan savolni o‘rtaga tashladik.

Avvalambor, yuqoridagi aytib o‘tilgan mamlakatlar tajribasi hisobga olindi. Bundan tashqari, dunyoga mashhur yetakchi olimlarning ilmiy izlanishlari bilan tanishganimizda, reyting shunday indikator bo‘lishi kerakki, u mavhum ma’lumotdan iborat bo‘lmasligi kerakligi ta’kidlanganiga ham e’tibor qaratildi.

Ana shu qoidaga asosan tahlil qilinib, yakunda 4ta indikator tanlab olindi.

Bular:

  • 9-sinf o‘quvchilarining bilim darajasi (matematikadan test sinovi va Respublikada ta’lim berish 7 tilda bo‘lgani uchun o‘qitish tiliga qarab, ona tilidan diktant tarzida);
  • muassasadagi oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ulushi;
  • umumta’lim muassasasining o‘quvchilari va pedagog jamoasi o‘rtasida o‘tkaziladigan so‘rovnoma natijalari.

– Nega maktab o‘quvchilarining OTMlarga kirish ko‘rsatkichi reyting indikatori bo‘la olmadi? 

– Joriy yil tajriba sinov tariqasida ilk marotaba aniqlangan maktablar reytingida maktab bitiruvchilarining OTMga kirish ko‘rsatkichi inobatga olinmadi. Sababi maktablarimizda 11 yillik ta’lim joriy etilganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagani va barcha maktablarda bitiruvchi sinflar qamrovi bir xil emasligi bo‘ldi.

Ya’ni biz reytingni yangi o‘quv yili boshlangunga qadar e’lon qilishimiz lozim edi. Bu paytda joriy yilda milliy OTMlar va yurtimizda filiallari faoliyat ko‘rsata boshlagan OTMlarga kirganlar haqidagi umumlashgan ma’lumotlarni olish imkoniyati yo‘q edi. Mana shu sabablar tufayli OTMga kirish ko‘rsatkichi inobatga olinmagan.

Biroq kelgusi yil reytingini aniqlashda OTMlarga qabul qilinganlar bo‘yicha ko‘rsatkichlar inobatga olinadi. Bunda tegishli ma’lumotlar Davlat test markazidan olinishi kelishib olingan.

– Hududlar reytingini aniqlashda nega faqat 10 foiz maktablar hisobga olindi? Bu bilan butun hudud reyting ko‘rsatkichini aniqlash mumkinmi?

– Maktab reytingidan ko‘zlangan maqsad mutasaddi rahbarlarning mavjud holatga e’tiborini qaratish, ularni o‘z hududlarida ta’lim sifatini oshirishga undash va o‘zaro sog‘lom raqobat muhitini yaratishdir.

Maktablarning o‘n foizi tanlab olinishi, har bir hududdan teng miqdor nazarda tutilgani va ularning natijalari asosida tuman, shahar va viloyatga nisbatan baho berilgani bejizga emas.

Bunda tuman, shahar va viloyatdagi mutasaddi vakillar, hokimliklar, hududiy xalq ta’limi boshqarmalari yoki maktablarning menejyer direktorlari o‘zlariga nisbatan baho olib, hududda umumta’lim tizimi kamchiliklari nimalardan iboratligi aniqlab olishi kerak edi.

Ana shu nuqtayi nazardan aytib o‘tish kerakki, asosiy natija ikkinchi bor o‘tkaziladigan maktablar reytingidan keyin ko‘rinadi, ya’ni qaysi hududda ta’lim sifati oshgani yoki pasaygani ma’lum bo‘ladi.

– Reyting natijalari va boshqa ko‘rsatkichlar o‘rtasida yuzaga kelgan tushunmovchiliklar haqida nima deysiz? Masalan, Prezident maktablariga o‘tkazilgan sinovlar va fan olimpidalaridagi natijalar bilan milliy reytingdagi  farqlar haqida?

– Darhaqiqat, Prezident maktablariga joriy yilda ilk marotaba sinovlar bo‘lib o‘tdi va bu jarayon xalqaro tashkilot tomonidan o‘tkazildi. Fan olimpiadalari esa iqtidorli o‘quvchilarni rag‘batlantirib borish maqsadida o‘tkazib kelinmoqda.

Ilk marotaba o‘tkazilgan milliy reyting tizimi bu sinovlardan bir qator jihatlari bilan tubdan farq qiladi. Reytingda faqat tanlab olingan eng iqtidorli bolaga emas, istalgan o‘quvchiga, uning bilimi va tayyorgarligi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, sinab ko‘rilib, baho beriladi.

Qolaversa, Prezident maktablariga kirish uchun tayyorgarlik ham talab etiladi. Bu imkoniyat esa butun respublika hududida joylashgan maktablarning o‘quvchilarida bo‘lmasligi tabiiy. Mana shu jihatga ham e’tibor qaratishni joiz deb bilaman.

Bundan tashqari, reytingda muassasaga komleks baho beriladi. Kelgusida milliy reyting tizimidan barcha muassasa va o‘quvchilarni qamrab olish orqali o‘quvchilar bilimiga xolis baho berib borish mexanizmi sifatida foydalanish mumkin.

Ya’ni o‘quvchilarning qaysi fan bo‘yicha bilimi va iqtidori borligi, ularning qiziqishiga qarab ixtisoslashgan maktab-internatlar, OTMlarga yo‘naltirish yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri tanlab olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Hozircha ushbu sinovlar yoki jarayonlar bir-biriga xalal bermagan holda, ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Author: Bahodir

Javob yozing