AQSh O‘zbekiston bilan xalq ta’limi sohasida hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi

Foto: Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati

Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston bilan xalq ta’limi sohasida hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi. Bu haqda AQSh Davlat departamentining mamlakatlarga Amerika yordami koordinatori Ofisi katta maslahatchisi Richard Stoddard Xalq ta’limi vazirligi rahbariyati bilan uchrashuv chog‘ida ma’lum qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va AQSh joriy yilning 28 sentyabrida rivojlanish maqsadlari bo‘yicha 50 million dollar miqdoridagi shartnomani imzolagan. Ushbu mablag‘ besh yil ichida ajratiladi.

Mazkur kelishuv Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi rivojlanish bo‘yicha birinchi keng qamrovli grant shartnomasi bo‘lib, Qo‘shma Shtatlarning xalq ta’limi sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi uzoq muddatli majburiyatini belgilaydi.

Uchrashuvda Richard Stoddard ikki mamlakat ta’lim sohasida uzoq muddatli hamkorlik ishlari olib borilishini aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar xalq ta’limi tizimini isloh qilishni qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

Uchrashuv yakunida tomonlar ta’lim sohasida kelgusidagi islohotlar hamda o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing