Maktablar 2020 yilda to‘liq tezkor internet bilan ta’minlanadi. Qonunchilik palatasida internet masalasi muhokama qilindi

21 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputat Rasul Kusherbayev maktablarning atigi 31 foizi optik tolali internet bilan ta’minlanganiga e’tibor qaratib, 2020 yilga mo‘ljallangan davlat budjetida bu ko‘rsatkichni 100 foizga yetkazishni taklif etdi. Deputatning so‘zlariga ko‘ra, bu orqali joylardagi infratuzilmani rivojlantirishga katta turtki berish mumkin.

«Chunki yuqori tezlikli internet O‘zbekistondagi barcha maktablarga yetib borsa, bundan o‘sha hududdagi aholi ham, tadbirkorlar ham, umuman, boshqa muassasalar ham foydalanishi mumkin. Bu o‘z navbatida, aholining axborot texnologiyalari bo‘yicha savodxonlik darajasi oshishiga xizmat qiladi», – deydi Rasul Kusherboyev.

Mazkur masalaga Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov munosabat bildirdi.

«Prezidentimizning 3931-sonli qarorida ham xalq ta’limi tizimidagi muassasalarni optik tolali aloqa liniyalari bilan ta’minlash belgilangan. «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda, uch yillik chora-tadbirlari rejasini ishlab chiqqanmiz. Mamlakatimizda 10 mingta ta’lim muassasasi bo‘lsa, 2019 yil oxirigacha ularning 4152tasi (40 foiz), 2020 yilda esa 4367tasi, 2021 yilda 1600tasi to‘liq optik tolali internet bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan», deydi Temur Komilov.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov deputat bu masalani 2021 yilga qoldirmasdan 2020 yilning o‘zida internetga ulanmagan 5967ta maktabning barchasini optik tolali aloqa liniyalari bilan ta’minlashni nazarda tutayotganini ta’kidladi va mutasaddilardan bunga izoh so‘radi.

Temur Komilovning aytishicha, 3 yillik chora-tadbirlar rejasi «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasining imkoniyatidan kelib chiqib ishlab chiqilgani, maktablarni optik tolali internet bilan ta’minlash budjetdan emas, balki «O‘zbektelekom»ning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgani, deputatning savoliga AKT vazirligi va «O‘zbektelekom» AK mutasaddilari javob berishi maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.

«2019 yilda umumta’lim maktablarining internet xarajatlarini qoplash uchun 3,8 mlrd so‘m ajratish ko‘zda tutilgan. Kelgusi yilda bundan 15 foiz ko‘proq mablag‘, ya’ni 4,4 mlrd so‘m ajratilmoqda. 2020 yilda maktablarni to‘liq internet bilan qamrab olish masalasiga kelsak, agar «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasining imkoniyatlari yetsa, qo‘shimcha xarajatlar talab etilsa, bu mablag‘ni topib beramiz. Moliya vazirligi tomonidan bu masalada muammo bo‘lmaydi», dedi Moliya vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Nodir Musliddinov.

AKT vaziri o‘rinbosari Bahromjon Olmatov 1600ta maktabni internet bilan ta’minlash bo‘yicha 2021 yilga rejalashtirilgan masalani qayta ko‘rib chiqib, 2020 yilning o‘zida barcha maktablarga optik tolali aloqa liniyalarini yetkazib borish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishini ma’lum qildi.

Shuningdek, majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri optik tolali internet aloqa vositalarini sog‘liqni saqlash muassasalarida ham to‘liq joriy etish masalasini ham ko‘rib chiqish masalasini ko‘tardi.

«Kusherbayev faqat maktablarni internet bilan ta’minlash masalasinigina ko‘tardi. Ammo tibbiyot muassasalariniyam optik tolali internet bilan ta’minlashimiz kerak. Maktablarga internet boradigan bo‘lsa, o‘sha yerdagi tibbiyot, maktabgacha ta’lim muassasalariniyam qamrab olish maqsadga muvofiq bo‘lardi», deya Nurdinjon Ismoilovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Moskvada bo‘lib o‘tgan «Ochiq innovatsiyalar-2019» forumida 2020 yil oxirigacha mamlakatdagi barcha maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalari va tibbiyot muassasalari optik tolali internet bilan qamrab olinishini aytgan edi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing