Maktab psixologlariga malaka toifasiga qarab maosh belgilandi – Sherzod Shermatov

Bugun, 27 noyabr kuni, Xalq ta’limi vazirligi binosida prezidentning 5ta tashabbusi maktablarga tatbiq etilayotgani bo‘yicha matbuot anjumani tashkil etildi. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov 5ta tashabbusni joriy etishda maktab psixologlarining ahamiyati to‘g‘risida gapirdi.

«Psixologlarning ahamiyati shundaki, ular o‘quvchilar bilan individual ishlaydi. Shu asnoda qiziqishlarini aniqlaydi, tanlamoqchi bo‘lgan kasbiga yo‘naltirishga yordam beradi. Bolaning imkoniyatlarini aniqlab, undan to‘g‘ri foydalanishda bizga psixologlarning ko‘magi juda zarur.

5ta tashabbus maqsadiga erishish uchun ham psixologlarga yetarli sharoit yaratib berishimiz kerak. Shuning uchun joriy yildan boshlab maktab psixologlariga malaka toifasiga qarab oylik maosh belgilandi. Psixologlarning ish hujjatlari 36tadan 11taga kamaytirildi. Maktablarda shtat birliklari ko‘paytirildi. Psixolog xizmat xonalari tashkil etildi. Psixologlar nafaqat o‘quvchilar, balki o‘qituvchilar bilan ham stressni boshqarish bo‘yicha ishlashadi. Qilingan amaliy harakatlar nimaga yordam berdi? Jinoyatchilik sur’atlari kamayishiga erishdik. Huquqbuzarlik va jinoyatchilik o‘tgan yilgi 429tadan 298taga tushdi», deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Foto: Xalq ta’limi vazirligi

Shuningdek, vazir «5ta tashabbus maktabda» festivali haqida batafsil ma’lumot berdi.

«Bu festival orqali prezidentning 5ta tashabbusi doirasida maktablarda qilinayotan ishlar haqida keng jamoatchilikka videoroliklar orqali axborot beriladi. Unda 9156ta maktab ishtirok etmoqda. Shu kungacha 2344ta videorolik qabul qildik.

Joriy yilning 20 noyabridan 1 dekabrigacha videoroliklar feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi «5 tashabbus maktabda» guruhiga yuklanadi. Ijodiy ishlar jamoatchilik fikriga tayanib, belgilangan mezonlarga asoslanib, vazirlik tomonidan tuzilgan ishchi guruhi tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Videoroliklar 100 ballik tizimda, har bir mezonga 10 balldan baholanadi. Ijtimoiy tarmoq orqali siz ham ushbu ijodiy ishlarga baho berishingizni istardik. Maqsadimiz ushbu tanlovning qamrovini yanada oshirishdir. 5ta tashabbus yo‘nalishlari bo‘yicha har bir hududdan eng yaxshi deb topilgan 15tadan, jami 210ta videorolik g‘olib deb e’lon qilinadi. Bu maktablar 5ta tashabbus bo‘yicha jihozlanadi», deydi vazir.

Shermatovning qo‘shimcha qilishicha, tanlovda ishtirok etish uchun 1 dekabrgacha feysbukdagi «5 tashabbus maktabda» guruhiga video joylash lozim. Baholash 1-10 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Sovrindorlarni taqdirlash marosimi 23-27 dekabr kunlari o‘tkaziladi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing