Ta’lim sohasidagi davlat boshqaruv organlarining vakolatlari kengaytiriladi

Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasida “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun loyihasining yangi tahriri ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqishga tayyorlanmoqda.

Qonunchilik palatasi matbuot xizmatiga ko‘ra, mazkur qonun loyihasi joriy yilning 6 sentabr kuni Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan. Uni ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar, ta’lim sohasida faoliyat olib boruvchi ekspertlar va mutaxassislardan iborat ishchi guruhi tomonidan keng ko‘lamli ish olib borildi. Qonun loyihasi konseptual ma’qullanganidan keyin parlament quyi palatasi rasmiy veb-saytiga keng muhokamadan o‘tkazish uchun joylashtirilgan.

Ishchi guruhi Qonunchilik palatasiga fuqarolardan va ta’lim muassasalari vakillaridan kelib tushgan takliflarni o‘rgandi. Ishchi guruh a’zolari ularni tahlil qilib, umumlashtirmoqda. Shu asnoda qonun loyihasiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Havolaki normalar chiqarib tashlanmoqda.

Qonun loyihasi ta’lim xizmatlarining kunduzgi, kechki, sirtqi, masofaviy, davlat va nodavlat ta’lim muassasalarida dual ta’lim olishning yanada kengroq ko‘lamini taqdim etishni ko‘zda tutadi.

Loyihada davlat ta’lim muassasalarining moliyaviy mustaqilligi, davlat-xususiy sheriklik uchun sharoitlar yaratish, katta yoshdagilar ta’limi, maxsus ta’lim, inklyuziv ta’lim, yakka tartibda pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish kabi ta’lim olish shakllarini joriy etish kengroq aks ettirilgan.

Qonunchilik palatasi deputati, Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi Odinaxon Jamoldinovaning fikricha, qonun loyihasining yangi tahriri bilan ta’lim oluvchilarni va pedagog kadrlarni ta’lim faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa ishlarga jalb etish taqiqlanadi.

Shuningdek, ta’lim sohasidagi davlat boshqaruv organlarining vakolatlari va ta’lim muassasalarining faoliyati erkinligi kengaytirilmoqda. Undan tashqari, qonun loyihasi ushbu sohada davlat boshqaruvi organlari vakolatlarini kengaytirishga hamda ta’lim muassasalari faoliyatida mustaqillikni oshirishga xizmat qiladi.

Muzokaralar yakunida ishtirokchilar mazkur qonun loyihasining normalarini yanada takomillashtirish, bu jarayonda ekspert va olimlar ishtirokida joylardagi keng muhokamalar tashkil etish zarurligini qayd etdilar. Ayni masalalar yuzasidan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladigan bo‘ldi.

print
image_pdfPDF da yuklashimage_printBosmaga chiqarish

Muallif: Bahodir

Javob yozing